VTS OLIMPIADASI: SARALASH BOSQICHI BOSHLANDI

  • 2015/12/09
  • 1 ta izoh
  • Admin

Mana, uzoq vaqtlardan beri kutilayotgan V-test olimpiadasining saralash bosqichi ham boshlandi. Bu yilgi saralash bosqich o‘tgan yilgidan biroz boshqacharoq tarzda o‘tkaziladi. Olimpiada ishtirokchisi haqidagi barcha ma’lumotlar serverda saqlanadi va ularning statistikasi avtomatik ravishda hisoblab boriladi.

Bu ishlar quyidagi shaklda amalga oshiriladi:

Avvalo, foydalanuvchi saytimizning aynan V-test bo‘limida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Eski, saytda ro‘yxatdan o‘tgan profillar V-test sistemasiga kira olmaydi. Saytda ro‘yxatdan o‘tish haqida oldingi sonlarimizda ko‘p bora ma’lumot berildi.

Saytda ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, o‘z profiliga kirgan foydalanuvchi V-test sistemasi menyusining “OLIMPIADA” bo‘limini tanlaydi. U yerda foydalanuvchining qaysi yo‘nalish bo‘yicha qatnashisi, to‘liq ismi-sharifi, pasport seriyasi va raqami hamda telefon raqamlari so‘raladi. Olimpiadada ishtirok etish uchun “FAOL” belgisini belgilashni unutmang. Olimpiadada vaqtincha qatnashmaslik uchun “FAOL” belgisi o‘chirib qo‘yiladi. “FAOL” belgisi o‘chiq paytidagi topshirilgan testlar olimpiada uchun hisobga olinmaydi.

Foydalanuvchilar ushbu ma’lumotlarni yil davomida o‘zgartirishlari mumkin, lekin bu o‘zgarishlar serverda saqlanib qoladi va ishtirokchini final bosqichida qatnashish imkoniyatidan mosuvo qiladi. Shu sababli shaxsiy ma’lumotlaringizni pasport guvohnomangiz bo‘yicha to‘g‘ri kiriting. O‘rtog‘ingiz pasporti bilan olimpiadada qatnashishingiz mumkin emas.

Foydalanuvchi gazetada chop etilgan testni bir necha marta yechish imkoniyatiga ega, faqat olimpiada statistikasiga birinchi urinishda erishilgan natija olinadi. Foydalanuvchi ilk urinishda xatolikka yo‘l qo‘yib, past natijaga erishsa, buni to‘g‘rilash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Agar birinchi marta test yechayotgan foydalanuvchi olimpiada bosqichini faollashtirmasdan avval testni yechib qo‘ysa, ushbu gazetadan olimpiada uchun ball to‘play olmaydi.

Test topshirishni boshlash uchun V-test sistema menyusidan “TEST TOPSHIRISH” tugmasi bosiladi. U yerdan gazeta sonini, undan so‘ng yo‘nalishini tanlaydi. Shunda quyiroqda gazeta va yo‘nalish haqida ma’lumotlar va olimpiadaning tugash sanasi haqida to‘liq ma’lumot paydo bo‘ladi. “Test boshlash” tugmasi bosilgach, ushbu yo‘nalishga tegishli uchta fanga mo‘ljallangan, kalit belgilaydigan oyna hosil paydo bo‘ladi.

Oyna pastida “Saqlash” tugmasi mavjud bo‘lib, u belgilangan ma’lumotlarni saqlab turishni ta’minlaydi. Hamma javoblar belgilab bo‘lingach, “Tugatish” tugmasi bosilsa, foydalanuvchining natijasi e’lon qilinadi.

Asosiy oynada yechilishi boshlangan va tugatilgan testlar ro‘yxati beriladi. Turli sabablar bilan testni tugatish imkoni bo‘lmagan bo‘lsa, boshlangan testlarni davom ettirish mumkin. Buning uchun tugatilmagan testni tanlash kerak. Xuddi test boshlangandek oyna ochiladi (3 ta fandan javob belgilash oynasi). Kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirib, “Tugatish”  tugmasi bosiladi.

Undan tashqari, yo‘nalishlar bo‘yicha olimpiadaga doir va yechilgan test natijalari statistikasi beriladi. Statistik ma’lumotlarni ko‘rish uchun yo‘nalishlardan birini tanlash yetarli.

Olimpidaning saralash bosqichiga istalgan vaqtdan boshlab qatnashish mumkin. Faqat oxirgi natija olimpiada ishtirokchilarining hamma ballari yig‘indisi asosida qabul qilinadi. Ya’ni kechroq qo‘shilgan abituriyentning yakuniy bosqichda qatnashish imkoniyati kamroq bo‘ladi.

Yakuniy bosqichdagi ishtirokchilar soni, may oyidan so‘ng, olimpiada kengashi tomonidan hal qilinadi. Yakuniy bosqichda ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar saytdagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi. Ko‘p marta va oxirgi oylarda ism-familiyasi va pasport ma’lumotlarini o‘zgartirgan abituriyentlar yakuniy bosqichda qatnashishdan mahrum qilinadilar.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni gazetamiz tahririyatiga bog‘lanib yoki Facebookdagi “Abituriyent” gazetasi guruhi orqali bilib olishingiz mumkin.

V-test tizimi oynalarida (?) belgili dumaloq shakllarni ko‘rsangiz, ulardan ham yordamchi ma’lumot olsangiz bo‘ladi.

Barcha ishtirokchilarga sabr, kuch-quvvat va omad tilab qolamiz.

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Iltimos tushuntirib yuboring. hecham ro'yhatdan o'tib bo'lmayapti !!! Nima qilish kerak o'zi ?