V-TEST OLIMPIADASI

1. V-TEST olimpiadasi nima?

V-TEST abituriyentlar o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘ziga xos olimpiadadir. U faqat bilimlar bahsi bo‘lib, oliy o‘quv yurtlariga kirish bilan bog‘liq imtiyozlarni taqdim etmaydi.

2. Unda kimlar ishtirok etadilar?

Unda respublikamizdagi barcha abituriyentlar ishtirok etishlari mumkin. Talabalikka erishganlar ham o‘z bilimlarini sinash imkoniga egalar, biroq ular olimpiadaning final bosqichida qatnasha olishmaydi.

3. Olimpiadada qatnashish istagidagilar nima qilishlari lozim?

Olimpiadada qatnashish uchun www.abituriyent.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Saytda ro‘yxatdan o‘tishga doir YO‘RIQNOMA sahifa oxirida berilgan.

4. Olimpiadada qanday tartibda o‘tkaziladi?

Olimpiada 2 bosqichdan iborat:

1-bosqich – saralash bosqichi.

2-bosqich – final bosqichi.

5. Saralash bosqichi qanday bo‘ladi?

Ishtirokchilar “Abituriyent” gazetasining dekabr oyidagi ilk sonidan boshlab may oyi oxirigacha bo‘lgan barcha sonlarida bosilgan o‘z yo‘nalishidagi 3 ta fan testini ishlashadi va javoblarini www.abituriyent.uz saytidagi “V-TEST” bo‘limiga kiritishadi. “Natijani ko‘rish” tugmasini bosib, necha ball to‘plagani, ayni paytda ishtirokchilar reytingida qaysi pog‘onani band etib turgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishadi.

6. Saralash bosqichiga keyinroq, masalan, yanvarda ham qo‘shilish mumkinmi?

Ha. Biroq qanchalik erta qo‘shilsangiz, ko‘p ball to‘plash imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.

7. Saralash bosqichi g‘oliblari qanday aniqlanadi?

Barcha to‘plangan ballar yig‘indisiga qarab g‘oliblar aniqlanadi. Har bir yo‘nalishdan eng kuchli 5 tadan 15 tagacha ishtirokchi finalchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

8. Finalchilar ro‘yxatiga kirganimizni qanday bilamiz?

Final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan abituriyentlar ro‘yxati hamda imtihon o‘tkazish tartibi, joyi, sanasi “Abituriyent” gazetasi, www.abituriyent.uz sayti va facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Abituriyent” guruhi orqali e’lon qilinadi.  

9. Final bosqichi qanday bo‘ladi?

Bu bosqich iyun oyida Toshkentda DTM standartlari asosida o‘tkaziladi. Belgilangan 3 soat-u 20 daqiqa ichida ishtirokchilar 3 ta fandan jami 108 ta testni ishlab, javob varag‘iga belgilab berishadi. G‘oliblar o‘sha kunning o‘zida aniqlanadi, e’lon qilinadi va taqdirlanadi.

10. Kimlar g‘oliblar deb e’lon qilinadi?

Final bosqichida o‘z yo‘nalishida eng yuqori (bu ball 150 va undan yuqori bo‘lishi shart) 3 kishi g‘olib sanaladi. Demak, 4 ta yo‘nalishdan ko‘pi bilan 3 tadan g‘olib e’lon qilinadi. 

11. Finalda ballar bir xil bo‘lib qolsa-chi?

 

1-o‘ringa nomzodlar bir xil ball to‘plasa, qo‘shimcha sinov orqali 1- va 2-o‘rin masalasiga oydinlik kiritiladi;

2-o‘ringa nomzodlar bir xil ball to‘plasa, qo‘shimcha sinov orqali 2- va 3-o‘rin masalasiga oydinlik kiritiladi;

3-o‘ringa nomzodlar bir xil ball to‘plasa, qo‘shimcha sinov orqali g‘olib aniqlanadi.

12. G‘oliblar qanday taqdirlanadi?

G‘oliblar pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishadi.

Pul mukofotlari o‘rinlar uchun quyidagicha taqsimlangan:

1 ta I o‘rin – 500.000 so‘m;

 1 ta II o‘rin – 300.000 so‘m;

  1 ta III o‘rin – 200.000 so‘m.

13. V-TEST olimpiadasi abituriyentga nima bera oladi?

Olimpiadaning 6 oy davom etadigan saralash bosqichi shu vaqt mobaynida ishtirokchini muttasil o‘qish va o‘rganishda bo‘lishini ta’minlaydi. Toshkentdagi final bosqichi esa kirish imtihonidagi kayfiyatni bera olishi va 1-avgustga qadar kamchiliklarni bilib, ularni bartaraf eta olish imkonini berishi bilan ahamiyatli. Final bosqichi ishtirokchilari va g‘oliblari albatta taqdirlanadi.

O‘tgan mavsumdagi olimpiada g‘oliblari bilan  bo‘lgan suhbatlarni o‘qib, bu savolga to‘liqroq javob olishingiz mumkin. Keyingi sonlarimizni kuzatib boring.

14. Bu borada ba’zi savollar tug‘ilsa, kimdan javob olamiz?

Facebookdagi “Abituriyent” gazetasi guruhiga kirib yoki (93) 579-0-579 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib savol bilan murojaat qilishingiz mumkin.

 

Saytda ro‘yxatdan o‘tishga doir

YO‘RIQNOMA

 

Saytga kirgach, “V-TEST” nomli tugmani bosasiz.

Sizdan login (foydalanuvchi nomi) va parol so‘ralgan darcha va uning ostida ro‘yxatdan o‘tish nomli tugma mavjud.

Ro‘yxatdan o‘tayotganda sizdan login, e-mail, parol va parolni qayta tasdiqlash so‘raladi.

Login – sizning saytda foydalanadigan nomingiz.

e-mail – elektron pochta. Ochilgan profil aktivlashishi uchun e-mailingizga xat jo‘natiladi. U yerdagi ssilka (yo‘llanma)ga bosish orqali profilingiz aktivlashadi.

Parol – saytga kirish uchun maxsus kod. Uni tasdiqlatishdan maqsad – birinchi marta terganingizda xato qilsangiz to‘g‘rilab olish.

* Olimpiada ishtirokchisiga aylanish uchun maxsus “Olimpiada” nomli katakchani belgilash lozim. Shundan so‘ng so‘ralgan qo‘shimcha ma’lumotlarni aniq va to‘g‘ri shaklda to‘ldiriladi.

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    ro'yhatdan umuman o'tib bo'lmayapti-ku