VABI-SABI

Assalomu alaykum.

53ac6143d85a6.jpg

Dunyoning eng mashhur haykalchasi sanaladigan miloslik Venera (Afrodita) asarini ko‘rgansiz. Bo‘yi 2 metr atrofida bo‘lgan bu haykalchani tarixning qaysidir davrida fransuzlar qo‘lsiz qoldirishgan (Bu holat Asteriks va Obeliks sarguzashtlari haqidagi filmlardan birida ham kulgili tarzda aks ettirilgan). O‘sha timsolni siz hech qo‘li bor holda, masalan, gulni ushlab olgan yoki hidlayotgan tarzda  tasavvur qilganmisiz? O‘zingizni dunyodagi eng zo‘r futbolchi sifatida ko‘rib “Barsa” yoki “Real” darvozasiga g‘ayrioddiy tarzda to‘plar yo‘llashingizni-chi? Yo bo‘lmasa, qaysidir filmda bosh qahramon o‘rniga o‘zingizni qo‘yib xayol surish holatlari bo‘lganmi? Agar shunday tasavvurlar sizga begona bo‘lmasa hamda bundan zavq olayotgan bo‘lsangiz, demak, siz bugungi sahifamiz qahramonlaridan birisiz.

Bugun dunyo tillari lug‘at eshiklarini taqillatayotgan so‘zlardan biri “vabi-sabi” kalimasidir. Kelib chiqishi yaponlarga borib taqaladigan bu so‘z hozirda o‘z mohiyatini biroz o‘zgartirib “tasavvur mevasidan zavq olish” ma’nosida qo‘llanadi. Fransuz kinematografiyasi durdonalaridan bo‘lmish “Ameli” filmi bosh qahramonining o‘zini malika Diana o‘rnida ko‘rishi, hayotda ham suflorning yerto‘ladan chiqib gap o‘rgatib turishi kabi tasavvurlardan maroq olib yashashi vabi-sabiga misol bo‘la oladi. O‘zimizning “Ajoyib xayolparast” filmimizda ham vabi-sabiga oshno qahramonni uchratamiz. Misollarimizni ko‘rib “Ushbu maqola g‘irt xayolparastlar haqida ekan-da” deyishingiz mumkin. Umuman olganda, ha, shunday. Biroq biz bugun bu holatning ijobiy tomonlarini ko‘rsatmoqchimiz.

wabi-sabi.jpg

1905-yilda vafot etgan fantast-yozuvchi Jyul Vern o‘z xayolot dunyosining baxtli kishilaridan biri bo‘lgan. Uzoq yillar kishilar uning fantastik asarlarini o‘qib zavqlanib yurishgan bo‘lsa, hozirda yozuvchining topqirligidan hayratlanishmoqda. Odamzodning Oyga qadam qo‘yishi, Shulsening kimyoviy qurollari, Nemoning “Nautilus”i (2006-yildagina unga yaqin suvosti kemasi yasalgan va Dubayda turistlar ixtiyoriga topshirilgan), sayyoramizning sun’iy yo‘ldoshlari, videofon, elektrik dvigatel, vertolyot va bizning bugungi dunyomizda mavjud bo‘lgan qator ixtirolar yozuvchining vabi-sabisi mahsuli sanaladi. Xayolot zavqi shunchaki adrenalin uchun, sog‘lig‘imiz uchun emas, balki taraqqiyot uchun ham xizmat qilishi bugun isbotiga ega. Televizor orqali tansiq yegulik ko‘rsatilsa, ba’zan “Bizgayam ozgina uzatvor” deb qo‘yamiz. 2014-yil oxirida o‘zini bo‘lmasa ham, hidini “uzatvoruvchi” monitorning ilk sodda ko‘rinishi taqdim etildi. Demak, iloji bor ekan-da! Kamina o‘zbek futbolchilarining dunyoni zabt etishi hamda o‘zbek o‘g‘lonlarining nomi yozilgan liboslarni jahonning har nuqtasida kiyib yurganliklarini, Orol dengizida ulkan kemada (“Titanik” uning oldida holva) sayohat qilayotganimni tasavvur qilaman. Siz-chi, Oyda o‘zbek bog‘bonlari barpo etgan bog‘ni ko‘rmoqchimisiz? Demak, uni avval xayolda qurishimiz lozim. Odamning tasavvur quvvati yetadigan aksar narsalarning imkoni bor. Agar shu maqolamiz, 20 yilmi yo 40 yilmi o‘tib bo‘lsa ham, xayolparast abituriyentning ixtirochi olimga aylanishida zarracha hissador bo‘la olsa, biz maqsadimizga ortig‘i bilan erishgan bo‘lardik.

Omon bo‘ling.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments