PUANKARE

Assalomu alaykum.

371831.jpg

Dunyoning yetti mo‘jizasi haqida eshitgansiz. Ularning turli talqinlari borligi ham barchamizga ma’lum. Biroq yana bir “yettilik” borki, dunyoning eng kuchli matematiklari “yetti mo‘jiza” deganda avval o‘shani tushunishadi. Bu “yettilik” mingyillik masalalari (Millennium Prize Problems) hisoblanib, ular ko‘p yillardan beri o‘z yechimini kutib turibdi. AQSHning Kley instituti shu masalalardan birortasining yechimini topa olgan olimga 1.000.000 dollar mukofot tayin etganining o‘ziyoq vaziyatga oydinlik kiritib beradi.

Agar siz mingyillik masalalaridan birining yechimi muallifiga aylansangiz-u, bu paytda yoshingiz 40 ni qamchilab ulgurmagan bo‘lsa, matema-tiklarning oliy mukofoti – “Filds”ga ham ega chiqishingiz mumkin. Bu mukofot, umumning e’tirofidan tashqari, oltin medal va 15.000 Kanada dollarini ham o‘z ichiga oladi.

Aslida, biz katta-katta summalarni tanishtirib, sizni hayratlantirmoqchi emasmiz, shunchaki matematik bo‘lish maqsadida oliy o‘quv yurti kirish imtihonlariga tayyorla-nayotgan abituriyentlarimiz yechimini kutayotgan shunday masalalar borligini bilib qo‘yishsa va dillarining bir chetiga tugib qo‘yishsa: “O‘qishga kirib olsam, zarur ma’lumotlarni o‘rganaman va bir urinib ko‘raman, xudo xohlasa”. Orzuga ayb yo‘q. Qolaversa, har qanday muvaffaqiyat asosida orzu va niyatlarimiz yotadi. 

Bugungi jahon fan olimpiadalaridagi natijalarimiz ham tasdiqlab turibdiki, yurtimiz yoshlarining salohiyati ancha yuqori. Bizga berilgan salohiyatni mehnat va bilim bilan ziynatlash orqali naqadar katta marralarni zabt eta olishimizni bilsak edi. “O‘-ho‘, bir asrdan beri manaman degan olimlarning tishi o‘tmayotgan masalalarni yechish bizning qo‘limizdan kelarmikan?! “Tishlarimiz sinib ketmasaydi” degan o‘yda yurish endi bizga to‘g‘ri kelmaydi. Ana, kimdir qilibdi-ku!

Ha, aytish yoddan ko‘tarilibdi. Boyagi “yettilik” asrimiz boshida “oltilik”ka aylanib qoldi. Rossiyalik Perelman degich olim 36 yoshida mingyillik masalalardan biri – Puankare gipotezasini tugal isbotlab berdi va internetda e’lon qildi. Bu shov-shuvli xabar ketidan yana bir shov-shuv tarqaldi: olim biz maqola boshida sanagan mukofotlarning barchasini rad etibdi, “Kerak emas” deganmish. Qoyil-a?! Nega ola qolmadi ekan? Shartta olib, o‘ziga bo‘lmasa ham, yurtida fan sohasi rivoji uchun sarf etib yuborsa bo‘lmasmidi? Siz nima qilgan bo‘lardingiz? 

O‘ziga xos yo‘nalishga ega bo‘lgan yozuvchilarimizdan Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” hikoyasini o‘qigunga qadar ushbu o‘ylar va yuqoridagi ma’lumotlar kaminaga noma’lum edi. Topologiya degan fan borligini o‘qib qolib, biroz izlangandek bo‘ldik. Ajoyib ajoyibotlar! Hikoyada Puankare gipotezasiga yechim izlab ko‘rgan va turmush tashvishlaridan, xalqona tilda aytganda, o‘zidan ortmagan o‘zbek matematigi haqida gap boradi. Uning o‘ylari o‘ylantiradi kishini. Bizda ham shunaqa hikoyalar yozishar ekan-da! Ha, biz so‘nggi bir necha asrni hayratlanish bilan o‘tkazdik, bizningcha, endi hayratlanTIRish davri keldiyov. Ilm-fanda ham o‘zimizdan ortib, umumtaraqqiyotga hissa qo‘shadigan dam shu damdir. 

Yurtimiz ta’lim sohasiga e’tibor bo‘yicha jahonning yuqori o‘rinlarida turadi. Biz, yoshlar, shu e’tiborga loyiq bo‘lish, loyiq ekanimizni isbot etish yo‘lida kuchimizni sarf eta olamiz. Biz hech kimdan kam emasligimizni bilamiz. Bir o‘zbek va bir boshqa millat vakili kimsasiz orolga tushib qolsa, u yerda oroldoshimizga o‘rnak bo‘la olishimizga ishonamiz. Lekin o‘zimizni ko‘rsatishimiz uchun yolg‘iz qolishimiz, kimsasiz orolga tushib qolishimiz shart emas-ku. “Nega endi men? Anavi-chi?” degan fikr bilan birovdan o‘zib ketolmasligimizni isbot etdik. Endi boshqa narsalarni isbotlash payti keldi. Beruniylar, Ibn Sino-yu Xorazmiylar qoni tomirimizda tromb bo‘lib qolgani yo‘q. G‘ayratimizga jahon, hatto, yashil maxluq Halk ham qoyil qolsin. Otni qamchilang, yoshlar!!!

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments