O‘TKIR KO‘Z VA YENGIL QO‘LLAR SOHIBI

Stomatologiya- qadimgi kasblardan biri hisoblanadi. Sharqda u 500-yillardan beri mavjud. IV asrda og‘rigan tishlarni olib tashlashgan bo‘lsa, bugungi kunda tishlarni davolashning ko‘pgina usullari bor. Ushbu kasb egalari doimo keraklidirlar. Ana shunday o‘z kasbining fidokori bo‘lmish Dilmurod Xasanov, 1980-yilda tavallud topgan. Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlab, hozirgi kunda yurtimizdagi shifoxonalarnining birida xalqimiz uchun xizmat qilmoqda. Gazetamizning avvalgi sonlarida Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti haqida suhbatlashgan bo‘lsak, endigi sonda ana shu kasbni egallagan mutaxasis bilan suhbatni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

-Dilmurod aka, ushbu kasbni tanlashingizga nima sababchi bo‘lgan?

-Stomatologiya menga “ota kasb” bo‘lib o‘tgan. Qolaversa yoshligimdan shu sohaga qiziqganman. O‘zimda esa shu kasbga ishtiyoq sezganim uchun va qobiliyatlarimni hisobga olgan holda shu kasbni tanlaganman.

-Qobiliyat dedingiz, stomatolog bo‘lish uchun alohida qobiliyat bo‘lishi kerakmi?

-Ha, bo‘lmasamchi. Uning uchun odamda ko‘rib eslab qolish qobiliyati  bo‘lishi zarur. Tishlarni shaklini ta’riflagan bilan yodda saqlash qiyin uni ko‘rib eslab qolish kerak. Undan tashqari, rasm chizishda ham qo‘li “chiqgan” bo‘lsa ancha foydasi tegadi. O‘tkir ko‘z va yengil qo‘llar- stomotologlarning asosiy quroli.

-Oliy o‘quv yurtiga kirmay turib ham shu kasbni egallash mumkinmikan? Aytmoqchimanki, yaxshi mutaxasisga shogird tushib, tajriba va amaliyot jarayonida shu kasbni egallasa bo‘ladimi?

-Albatta yo‘q. Stomotologiya juda jiddiy soha. U kishidan katta ma’suliyat talab qiladi. Bu kasbda nazariy bilimlarsiz mutaxasis bo‘lib yetishishning iloji yo‘q. Birgina umumiy anatomiya 4 yil davomida o‘rgatiladi. Siz nafaqat, og‘iz bo‘shlig‘i faoliyati balki, oshqozon-ichak faoliyatini ham bilishingiz zarur, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.

-Sizningcha, malakali stomatolog bo‘lib yetishish uchun necha yil kerak?

-5 yillik ta’limdan tashqari, bemorni mustaqil davolash uchun yana kamida 10 yil tajriba va amaliyotni o‘tashlari lozim. Umuman, tibbiyot hodimlari uchun ancha yillik mexnat va sabr talab qilinadi. Tibbiyot, doim rivojlanib boradi. Ayniqsa bugungi kunimizda juda jadal rivojlanib bormoqda. Dorilarning yangi turi, davolashning yangi usuli kashf qilinmoqda. Biz ham doimiy tarzda izlanishda bo‘lishimiz kerak. Chet el mamlakatlariga borib tajriba almashib, bilimlarimizni oshirib boraverishimiz shart.

-Soxangizga doir bilimlardan tashqari yana nimalarni bilish talab qilinadi?

-Til. Yurtimizda bekorga ingiliz tilini o‘qitishga katta e’tibor berilmayapti. Meni soxamda ham shu tilni bilish zarur. Avvallari ko‘p adabiyotlar rus tilida bo‘lar edi, hozir yangi adabiyotlar ingiliz tilida. Chet davlatlariga borib tajribangizni ortirishingiz uchun ham shu tilni bilsangiz foyda. Qolaversa, bugungi kunda texnologiyalarsiz hayotimizni, ishimizni ta’savvur eta olmaymiz. Ko‘p ishlar avtomatlashtirilgan texnologiyalar yordamida bajarilar ekan, bizda ham ularni bilish va to‘g‘ri ishlata olish majburiyati bor.

-Biz bilan suxbatlashishga vaqtingizni ayamaganingiz va qimmatli ma’lumotlaringiz uchun katta rahmat. Abituriyentlarga tilaklaringiz bo‘lsa bemalol bildirishingiz mumkin.

-Stomatolog bo‘lish orzusida yurgan abituriyentlarga qattiq tayyorlanishlarini tavsiya qilardim. Men birinchi yil oliygohga kira olmaganman, puxta tayyorlanmaganman-da. Keyingi yili esa bor kuchim bilan o‘qib, kirganman. Bu qiyinchilik va mashaqqatlar ancha yil davom etishini inobatga olib qo‘yinglar. Sizlarga omad tilab qolaman.

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments