MEHR

Ko‘z yosh…

–Yig‘ladingmi?

–Ha… Qayerdan bildingiz?

–Yuragim og‘ridi…

 

Kuz…

–Qaysi faslni yoqtirasan?

–Kuzni…

–Nega?

–Chunki men shu faslda tug‘ilganman. Siz-chi, qaysi birini yoqtirasiz?

–Kuzni.

–Nega?

–Chunki sen shu faslda tug‘ilgansan…

 

Sevgi…

–Bilasanmi?.. Kechirasan-u, sen bilan uchrashish juda ham jonimga tegib ketdi!

Qizning ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib:

–Qanaqasiga?!

Yigit jilmayib:

–Kel, turmush quramiz, - dedi.

 

Orzu…

–Oyijon, sizning ham orzungiz bo‘lganmi?

–Ha, bo‘lgan.

–Hozir ham bormi?

–Ha, bor, hozir u yonimda, menga har xil savollar bermoqda…

 

Telefon suhbati

– Salom, shumtaka, qalaysan?

– Salom, tog‘a, qachon kelasiz? Oyim sizni sog‘inyaptilar. Ayniqsa, bobom juda sog‘indilar.

– Obbo, zumrasha, sen buni qayoqdan bila qolding?

– Yo‘qligingizda bobom meni sizning ismingiz bilan chaqiradigan bo‘lib qoldilar…

 

Nega?

Bir otaxon telefon tuzatadigan ustaxonaga kiribdi va usta boladan telefonini tuzatib berishini so‘rabdi. Usta bola aytibdi:

 - Telefoningiz buzilmagan, otaxon, binoyidek ishlayapti.

Otaxon hayron bo‘lib debdi:

 - Unda nega bolalarim telefon qilishmayapti?

 

Ayol va ikki kuchuk

Ikkita kuchuk yetaklagan ayolga duch keldim. Kuchuklardan birining bitta oyog‘i yo‘q edi, ikkinchisi ham unga o‘xshab oqsoqlanib yurardi. Qiziqib ayoldan so‘radim:

—      Nega nogiron kuchuklarni olib yuribsiz?

—      Ular avval nogiron emas edi. Bittasi ikkinchisini himoya qilaman deb oyog‘idan jarohatlangan. Ikkinchisi esa nogiron emas: u sherigiga hurmat bildirib xuddi birinchisi kabi oqsoqlanib yuradi.

 

Qizim

Bugun ham 2 yoshli qizim bilan birga o‘ynadik.  O‘zimni uxlaganga solib yotdim. U adyolni ustimga tortdi va yelkamni silab, yuzimdan o‘pib qo‘ydi.

Men har kecha uni uyquga kuzatib shunday qilar edim.

0 ta izoh

There are no comments