HECH NIMANI OLIB CHIQMANG!

Nigora Sodiqova 1992-yilda tavallud topgan. Joriy o‘quv yilida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedogogika universitetining ona tili va adabiyot fakultetiga davlat granti asosida qabul qilindi.

-Nigora, siz 4 yil abituriyentlik zahmatini chekdingiz. Bunga nima sabab bo‘lgan?

-Birinchi va ikkinchi yillari puxta tayyorgarlik ko’rmadim. Natija ham shunga yarasha bo’ldi – kira olmadim. 3-yili esa qiziq voqea yuz berdi. Men universitetga qabul qilingan edim, hatto davlat granti asosida, lekin e’tiborsizligimmi yoki test jarayoni qoidalari bilan yaxshilab tanishib chiqmaganim uchunmi, xullas, universitetdan chetlashtirildim.

-Nega endi? Bunaqasini hali eshitmagan ekanman. E’tiborsizlik uchun ham universitetdan chetlatishadimi?

-Men, odatdagidek, 1-avgust kuni test sinoviga keldim, testlarimni ishlab bo‘ldim-u, ona tilidan tushgan ikkita savol meni o‘ylantirib qo‘ydi: ikkilanib belgiladim. Imtihon tugagach, savollar kitobchasini o‘zim bilan olib chiqib ketdim (ikkilangan savolimni ustozimga ko‘rsatmoqchi edim-da). Balki, test jarayonidan avval bu haqda nazoratchilar ogohlantirib o‘tishgandir, lekin men ularni tinglaganim yo‘q. Qo‘limga test kitobchasi tegishi bilan shoshib-pishib test ishlashga sho‘ng‘ib ketdim, go‘yo ular mening vaqtim hisobiga gapirishayotgandek. So‘ng…

-Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi?

-Javoblar chiqdi, men ham qabul qilindim! Lekin o‘quv jarayoni boshlangandan so‘ng meni Davlat test markaziga chaqirishdi. U yerda menga savollar kitobcham yo‘qligini aytishdi, men bo‘lsa, savollar kitobi menda, uyimda, dedim. Xullas, ishimni uzoq ko‘rib chiqishdi va javoblar varaqam xatolik yuzasidan tekshirilib qolinganini tushuntirishdi (savollar kitobi yo‘q bo‘lsa, tekshirilmas ekan). So‘ng meni o‘qishdan chetlatishdi.

-Ham qiziq, ham achinarli holat. Siz yana yo‘lingizda davom etishingiz uchun nima turtki bo‘ldi?

-Rosti, avvaliga ishonmadim, so‘ng tushkunlikka tushib qoldim. Lekin qiziqishim va oldimga qo‘ygan maqsadim olg‘a intilishimga undadi. Men 4 yil shu universitetga, ayni shu yo‘nalishga hujjat topshirdim. Sevgan sohamda o‘qish, mana, nasib qildi.

- Shu hayotiy tajribangizdan kelib chiqqan holda abituriyentlarga qanday maslahat bera olasiz?

-Bilaman, abituriyentlarga maslahat berayotganda hamma, yaxshilab o‘qigin, yodlagin, ko‘proq mashq qilgin, deydi, lekin men bugun boshqacharoq yo’ldan boraman. Qadrli abituriyentlar, vaqt kam qolyapti, o‘rganadigan, takrorlaydigan narsalar ko‘p. Shunday bo‘lsa ham, imtihon yaqinlashganida test topshirish qoidalari, javoblar varaqasi, bo‘yash qoidalari bilan yaxshilab tanishib chiqing. Barcha shartlar bajarilsa ham, shunchaki imzo qo‘yishni unutishingiz yana bir yil abituriyent maqomi ostida yurishingizga sababchi bo‘ladi. Hech nima yoki hech kim siz yo‘qotadigan bir yilingizni qaytarib bermaydi. Test jarayoni haqida ma’lumot berish hamda bo‘yash uchun qo‘shimcha vaqt berilishini unutmang. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlasangiz, hammasiga ulgurasiz, shu bois shoshilmang.

-Nigoraxon, o‘z tajribangizni biz bilan o‘rtoqlashganingiz va bergan qimmatli maslahatlaringiz uchun tashakkur. O‘ylaymizki, ular albatta abituriyentlarga asqotadi. Sizga rahmat, o‘qishlaringizga esa omad tilab qolamiz.

Munisa  QORABOYEVA suhbatlashdi

4 ta izoh

4 ta izoh

  1. Gravatar

    E'tiborli bolish kerakda Nigoraxon

  2. Gravatar

    E'tiborli bolish kerakda Nigoraxon

  3. Gravatar

    E'tiborli bolish kerakda Nigoraxon

  4. Gravatar

    E'tiborli bolish kerakda Nigoraxon