HAR BAHOR HAM SHU BO‘LAR TAKROR …

4992983918526.jpg

O‘lkamizda bahor. Bu fasl go‘zal va betakror bo‘lish bilan birga, insonda holsizlik, lanjlik kayfiyatini ham uyg‘otadi. Bahor oylarining boshlarida insonda shunday psixologik holat paydo bo‘ladiki, u ko‘pincha uyquni afzal ko‘radi. Ishning atrofida aylanib yuraveradi-yu, hech uni boshlay olmaydi. Risoladagidek tugatishni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Bu holat qahramonlarimiz – abituriyentlarni ham chetlab o‘tmaydi. 

Mart, aprel va may oylarida insonlarda energiya kamayib ketadi, butun tanasida g‘alati og‘riqlar paydo bo‘ladi. Nega? Bahor mavsumi kelganda havo va tuproqning isishi havodagi manfiy ionlarning ortishiga sabab bo‘ladi. Bu manfiy ionlar esa insonlarning vujudida bir qancha o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Shu sababli ba’zi organlarimiz o‘ziga kerakli moddalarni qabul qilib olishga qiynaladi. Buning oqibatida vujudimizda og‘riqlar paydo bo‘ladi.

Shu narsani unutmaslik lozimki, bu holsizlik o‘tkinchi, u sizni uzoq vaqt bezovta qilmaydi. Lekin o‘tib ketgunga qadar sizning oltinga teng vaqtingizni o‘zi bilan birga olib ketishi hech gap emas. Shu bois, siz bu oraliqda kuchsiz emasligingizga o‘zingizni ishontira olishingiz juda ham muhim hisoblanadi.

Psixologiyadan ma’lumki, odam o‘zining kasalligiga qanchalik ko‘proq ishonsa, kasalligi shunchalik ortib boradi. Ong ostiga o‘zining sog‘lomligini uqtira olgan kishida dard ham tez chekinadi. Shu sababli bunday hollarda siz – abituriyentlar ham bahor horg‘inligi sizni to‘xtata olmasligini o‘z ruhingizga uqtiring va dars stolingiz ustiga choping.

Albatta, men sog‘lomman, deyish bilan kasallik yo‘qolib qolmaydi. Unga qarshi kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish ham muhim.

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, bunday horg‘inlikdan qutulishning eng asosiy choralaridan biri sport bilan muntazam shug‘ullanish hisoblanadi. Har tong, nonushta qilishdan oldin, ochiq havoda 15 daqiqalik sayohat yoki yugurish kun bo‘yi vujudingiz sergakligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, har qanday tonggi badantarbiya mashqlari holsizlikni yo‘qotadi. Chunki bu mashqlar natijasida inson organizmidagi qon aylanishi yaxshilanadi.

Qolaversa, vitaminlar kamaygan mavsumda tanovul qiladigan ovqatlarimizga ham e’tibor qaratish lozim. Bahorgi ko‘katlardan ko‘proq miqdorda tanovul qilish vitaminga bo‘lgan ehtiyojni qondirshda muhim ahamiyat kasb etadi. Har holda, ota-bobolarimiz shunday muammolarni hal qilish uchun bahorgi ko‘katlardan tayyorlanadigan ovqatlardan ko‘plab iste’mol qilganliklari ham bejiz emas.  Tajribadan ma’lumki, ajdodlarimizning aksariyat ishlarida bizga ko‘rinmaydigan, lekin biz uchun judayam foydali bo‘lgan jihatlar bisyor. Bunga misol tariqasida darmondorilarga boy bo‘lgan sumalakni keltirishimiz mumkin.

Mavsumiy holsizlikni tark etishda imkon qadar ho‘l va quruq mevalardan yeyish, ko‘proq suv ichish doktorlar tomonidan tavsiya qilinadi. Kofeinli (kofe, shokolod va h.k.) moddalardan uzoqroqda bo‘lish siz uchun foydali.

Kuningiz foydali o‘tishi uchun uyquning tartibli bo‘lishini ham nazardan chetda qoldirmang. Uyqu inson uchun muhim ehtiyoj bo‘lib, bu jarayonda inson organizmi keyingi kun uchun energiya zahiralaydi.

Eng muhimi, siz bo‘sh kelmang! Bo‘yin egmasligingizni, o‘z darslaringizni to‘liq bajara olishingizni o‘sha holsizlikka isbotlab qo‘ying. Buni amalga oshira olishingizga o‘zingiz ham ishoning. 

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments