HALOL USUL

Bugungi maqola muallifi abituriyentlik bosqichini o‘tagan, o‘ziga xos tajribaga ega inson. O‘z nomini sir tutishni istagan bu yurtdoshimiz o‘z fikrlarini abituriyentlarimiz bilan bo‘lishmoqchi. 

Kurash-Incheon-2013_511834151013592.jpg

Yaqin o‘tgan zamonda olis bir qishloqda kambag‘al pahlavon yigit o‘tgan ekan. U yiqitmagan yigit, kuragini yerga tegizmagan polvon qolmabdi. U har doim davraga o‘z urug‘i, ovuli sha’nini himoya qilish uchun tushar, har  gal zafar bilan davradan chiqarkan. G‘alaba evaziga berilgan in’omlarni xalqqa ulashar, buni ko‘rgan bobosi uni har doim duo qilar ekan. 

Kunlarning birida olis-yaqindagi barcha ovullar orasida juda katta kurash musobaqasi uyushtiriladigan bo‘libdi. Shunda qo‘shni ovuldan gapga yetarmon, qo‘lini uzatsa, ancha joyga yetadigan kishilar yig‘ilib, polvonning oldiga kelishibdi. Polvonga o‘zlarining ovuli nomidan kurashga tushishini iltimos qilishibdi. Evaziga esa xizmatini munosib taqdirlashni aytishibdi. Pahlavon ularga qanday javob qaytarishni bilmay o‘ylanib qolibdi. Rozi bo‘lay desa, urug‘ining sha’ni: sotqinlik qilganga o‘xshab qoladi. Rad etay desa, uni qiynayotgan kambag‘allik, qo‘li kaltalik... Boshi qotgan yigit bo‘lgan voqeani keksa bobosiga aytib beribdi.  Shunda chol: “Beri kel, bolam, – deb nabirasini oldiga o‘tqizib gap boshlabdi, – senga bir rivoyat aytib beraman. Rivoyatlarda keltirilishicha, qadimda juda qashshoq bir qabila bo‘lgan ekan. Ammo u qabila mohir kamonbozlari bilan nom taratgan ekan. Kamonbozlari burgutning ko‘zidan uradigan darajada mergan ekanlar-u, lekin o‘sha qabila boshqa xalqlarga har doim mute, qaram ekan. 

Har safar qabila kattalari,  jonkuyarlari ozod bo‘lish uchun merganlarni yig‘ib, kamon ko‘tarishga qodir bo‘lgan barcha yigitlarga kamonbozlik sirlarini o‘rgatisharkan. Ozodlik harakati boshlanibdi. Qo‘zg‘olon... Muhoraba... 

Ilonning  yog‘ini yalagan sarkardalar, amaldorlar qabilaning mohir merganlarini “sotib olisharkan”. Urushda qabilaning tajribali mergan kamonbozlari niqobda kelib o‘z qabilasini, o‘z shogirdlarini nishonga olisharkan. Bir zumda g‘o‘r merganchalarning hammasini tutday to‘kisharkan. Natijada, yana eski hammom, eski tos. Amaldorlar merganlarning xizmatini munosib “taqdirlasharkan”: ularga katta ziyofat berib, hammasidan birdaniga qutula qolisharkan. 

Shuning uchun, bolam, men bormanmi, yo‘qmi, shu gapim yodingdan chiqmasin: sening to‘kisliging sotqinliging, o‘zgalarning yomon yashashi evaziga bo‘lsa, bunga aslo va aslo rozi bo‘lma! Aksincha, sening yaxshi yashashing boshqalarning ham yaxshi yashashiga, ularning mushkullari oson bo‘lishiga sababchi bo‘lsin. Shundagina, avvalo, vijdoningga sotqinlik qilmagan bo‘lasan, qolaversa, o‘zligingga ham xiyonat qilmagan sanalasan. Bolam, yomon ishning aslo yaxshisi bo‘lmaydi. Bugun ovulingni sotsang, ertaga vijdoningni sotasan. Keyin-chi? Keyin... eng achinarlisi, bu sen uchun odatga aylanib qoladi. Inson hech qachon birdaniga yaxshi odamga aylanib qolmaganidek, o‘z-o‘zidan  yomon odam ham bo‘lib qolmaydi. U soat millaridek sekin-sekin o‘zi bilmagan holda yoki tubanlikka, yoki fayzga burkanadi. Shu sababli doim musibatga chidamli, matonatli bo‘l. E’tiqodingdan adashma. Hiyla-nayrang ishlatishdan hazar qil, niyating  pok, sof va samimiy bo‘lsin. Shundagina hayot bo‘ronlari seni qabohatning uzoq-uzoq manzillariga  uloqtirib tashlamaydi, vijdoning pok, ruhing esa xotirjam  bo‘ladi”. 

Shundan keyin yigit ertasi kuni kelgan qo‘shni ovullik “elchilar”ga rad javobini beribdi. Ovullar o‘rtasida bo‘lgan kurashda qabilasi sha’nini himoya qilib davraga chiqibdi. Davralarni larzaga keltirib kurashibdi. Birin-ketin barcha kurashchilarni yulduz sanatib, g‘alaba qozonibdi. 

Hurmatli abituriyentlar, zohiran qaraganda, bu yigit bilan sizni bog‘lab turadigan holat ko‘rinmaydi. Ammo chuqurroq razm solsak, ayni sizga aloqador  bir holatdir. Yigit qabilasiga, avvalo, vijdoniga sotqinlik qilmadi. Sizlar-chi? Sizlar ham ota-onangizning bildirgan ishonchiga, vijdoningizga, vataningiz oldidagi burchingizga, qolaversa, o‘zligingizga sotqinlik qilmayapsizmi? Biz ishonamiz, xiyonat qilmaysiz, aslo xiyonat qilmang ham! Vaqt bo‘roni shiddat bilan imtihon sari sizni haydab bormoqda. 1-avgust bir yilda bir marotaba keladi. Bilimlar jangida halol kurashchi bo‘ling. Kuchingiz bilimingiz bo‘lsin, g‘irrom usullarni qo‘llash o‘zingizni aldashdan boshqa narsa emas. Buni bir lahza ham esdan chiqarmasdan harakat qilishingiz kerak. Dangasalik, e’tiborsizlik, erkalik eshiklarini mahkam yopib, chidam va matonat bilan ko‘zlagan manzilingiz sari intiling. Shundagina maqsadga yetishishdek oliy baxtga muyassar bo‘lasiz. Shunchaki orzuga erishish emas, balki bu onlar siz uchun esdan chiqmaydigan, saodatga boy, totli damlar bo‘ladi va keyingi zafarlar uchun eshiklarni ochib beradi.

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments