FACEBOOK

Facebook-Logo.jpg

Hali talabalik davrimiz edi. Yurtimizda internet unchalik rivojlanib ulgurmagan edi. Biz haftada bir marta tekin internet ishlatish uchun maxsus joylarga borar edik. Shu paytlarda dasturchi do‘stimdan: “Internet nima?” – deya so‘raganimda, u judayam ajoyib javob bergan edi: “Internet ko‘chaga o‘xshagan joy: nima qidirsang,  shuni topasan” . 

Ko‘chada foydali narsalar ko‘p, lekin befoyda narsalarga vaqtimizni o‘g‘rilaydigan narsalar undan ham ko‘p. Texnika rivojlanib, insoniyatning og‘iri yengillayotgani rost gap, ayni chog’da, xuddi shu texnika insoniyatni zalolatga ham yetaklamoqda. “Shu texnika” deyishimiz to‘g‘ri bo‘lmadi, keling, “shu texnikadan noto‘g‘ri foydalanish” deylik, shunda haq bo’lamiz.  

Vaqt o‘tishi bilan internet ommalashib ketdi. O‘sha do‘stimning gapi esa har qadamda o‘z tasdig‘ini ko‘rsatib bordi. Afsuski, hamma zamonlarda ham yoshlarda internet foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi. Bu zarar, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangach, yanada ko‘proq rivojlandi. Garchi bu maqola barcha ijtimoiy tarmoqlar haqida bo‘lsa-da, kamina facebookdan boshqa tarmoqni yaxshi bilmayman, shu bois suhbatimiz ushbu tarmoq haqida bo‘ladi. E’tibor bering: bu ijtimoiy tarmoqdan men ham foydalanaman va uning qanday ishlashini bilaman.

Facebookka kirgach, kimlardir yozgan statuslarni o‘qiysiz, ularga like (Нравиться) bosasiz, keyin tagida o‘zingiz xayolingizga kelgan gaplarni yozasiz, undan so‘ng tez-tez kim nima javob yozganini tekshirib turasiz. Sizga javob yozganning javobiga yana javob qaytarasiz…

super_like_facebook_dumptruck_by_wormchow-d7kefb3.jpg

O‘zingiz yangi status yozasiz, unga kimlar like bosganiga qiziqasiz, qanchalik ko‘p like yig‘sangiz, shunchalik xursand bo‘lasiz (go’yo shu likelar sizga nimadir qilib beradigandek). 

Bir necha yildan beri facebook foydalanuvchisi bo‘lsam-da, like bosishlar, mening postimni kimdir o‘z “lenta”siga ko‘chirib olishi qanday foyda berishini hech tushunmaganman. Balki, ilmim yetmayotgandir!?

Ba’zan do‘stlarimiz bilan tushgan rasmlarimizni “post qilamiz”, o‘ylaymizki, bu rasmlar bizdan boshqa kimgadir qiziq. 

 Biror kun qiziqish uchun shu jarayonlarga qancha vaqt sarflaganingizni hisoblab ko‘ring. Ishoning: bu ishlar sizning bir sutkangizdagi sezilarli vaqtingizni o‘g‘rilaydi. Shu vaqtni uxlashga yoki adabiyotdan qaysidir hikoyani o‘qishga sarflashingiz mumkin-ku!  Aslida, shunday ekanligini barchamiz bilamiz…

Endi yuqoridagi do‘stimning fikriga qaytsak: siz ko‘chaga chiqsangiz, mahalla-ko‘ydan, narx-navodan, kiyim-kechakdan, futboldan va h.k. gaplashib o‘tirganlarga duch kelasiz. Ularning o‘sha suhbati na jamiyat uchun va na o‘zi uchun hech qanday qiymatga ega emas. Shunchaki vaqt o‘tkazish, xolos. Internet olamida ham xuddi shunday emasmi? Bu savolga o‘zingiz javob bering.

“Modomiki, facebook shunchalik yomon ekan, nega o‘zingiz guruh ochib ko‘pchilikni o‘sha yerga jalb qilib o‘tiribsiz?”  degan o‘rinli savol o‘tayotgandir xayolingizdan. Hali masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Siz ko‘chaga chiqqach, o‘zingizga o‘xshagan – ilm yo’lidagi do‘stlaringiz yoniga borib, ilm-fandan suhbatlashsangiz, do‘stingizga bilmagan narsasida yordam bersangiz, o‘zingiz bilmagan narsalarga ular yordam bersa – buni behuda vaqt sarflash deb baholash mumkinmi?

Biz tuzgan guruhimizning maqsadi ham shu: oliy o‘quv yurti sari otlangan abituriyentlarni jamlab, ularning muammolariga yordamchi bo‘lish, ularga foydali bo‘lish. Bu gapimizning isboti uchun guruhdagi keraksiz har qanday postni o‘chirishimizni keltirishimiz mumkin.

Yana bir narsani unutmang: bunday foydali guruhlar ( faqat siz uchun foydali bo‘lgani) barmoq bilan sanarli. Masalan, texnologiyaga taalluqli guruhlar hozirchalik sizga kerak emas, pirovardida, keyingi yil bizning guruhimiz ham sizga foydali bo‘lmasligi mumkin.

Texnika rivojlanmoqda. Internetdan hamma foydalanyapti. Uni cheklash niyatida emasmiz. Faqat o‘sha axborotlar ummoni bo‘lgan internetda o‘zingizga foydali narsalarni topib o‘rganing, demoqchimiz, xolos. Siz – hayotining eng kamida 1 yilini hal qiluvchi imtihonga tayyorgarlik uchun sarflayotgan abituriyent uchun kunda bir soat internetda ishlash yetarli. Ortiqchasi vaqt isrofi, xolos.

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments