VAQTIMIZ YETMAYAPTI!

Uy ishlarini bajarishga vaqti yetmayotgan abituriyent bekorchi narsalarga sarflayotgan vaqtini hisoblab chiqsin.

time-management.jpg

“Uy ishlarimiz juda ham ko‘payib ketyapti. Ularni bajarish uchun vaqtimiz yetmayapti. Topshiriqni kamroq bering, bugun adabiyotdan o‘qishim kerak”.

Sizga qanchalik tanish tuyulyapti bu so‘zlar? Deyarli har biringiz, hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham, ustozingizga shunday shikoyat qilgan bo‘lsangiz kerak.

Vaqt masalasida hech kimga hech qanday adolatsizlik qilinmagan. Hammaga bir xilda: bir sutkada 24 soat, 1 yilda 365 sutka berilgan. Hamma undan o‘zi istaganicha foydalanadi. Kimdir berilgan bir sutka davomida butun insoniyat uchun foydali bo‘lgan kashfiyotlar qilsa, yana kimdir shu vaqtni g‘irt bekorchi narsalar bilan o‘tkazib yuboradi. Ustoz yozuvchimiz Tohir Malik yozayotgan kitoblarni o‘quvchi o‘qib ulgura olmaydi. Ular shuncha narsani yozishga qayerdan vaqt topayotganlari bizni doim hayratlantiradi.

Bekorchi narsalar ham nisbiy tushuncha. Kimdir 2 soat darsda o‘qituvchini tinglash bekorchi narsa deb hisoblasa, yana kimdir tengdoshlari bilan nimalarnidir tahlil qilib o‘tirishni bekorchi narsa hisoblaydi. Shu yerda bir narsani aytib o‘tay. O‘qituvchini tinglash, garchi siz bilgan  mavzuda gapirayotgan bo‘lsa-da, abituriyent uchun aslo bekorchi narsa bo‘la olmaydi. Eng kamida mavzular takrorlanadi.  O‘rganishning asosi esa takrorlash.

Undan tashqari, siz bilaman deb o‘ylagan narsangiz ichida bilmaydigan yoki noto‘g‘ri biladigan narsangiz, albatta, chiqib qoladi. Ishonmasangiz, sinab ko‘ring.

Yuqoridagi gapimiz orqali hamma suhbatlashishlar befoyda demoqchi emasmiz. Siz suhbatda o‘zingiz uchun foydali bo‘lgan ma'lumotlarni tortishishingiz mumkin.

Ana endi, asosiy mavzuga –  vaqtingiz yetmayotganiga kelsak. Siz kundalik ishlaringizga qanchadan vaqt ajratganingizning bir kunlik hisobini yozib chiqing. Kechga borib esa, u ishlarni foydali yoki foydasizlarga ajrating. Ertasi kuni esa kecha foydasiz deb hisoblagan ishlaringizdan uzoqlashing.

Vaqtingizni behuda oladigan narsalar ro‘yxatini tuzing. U, taxminan, quyidagicha ko‘rinish oladi: telefon, internet, televizor, do‘stlar. Aytishingiz mumkin: o‘zingiz internet orqali savollarga javob berib, yana bu yerda uni vaqt oluvchi narsa sifatida ta'riflayapsiz, deb. Agar siz internetdan o‘zingizga kerakli ma'lumotlarni olayotgan bo‘lsangiz, u holda internetni zararli narsalar ro‘yxatidan chiqarish mumkin. Siz internetda boshqalar yozgan statuslarni o‘qishga, kimdir qaysidir gapga nima deb javob yozganiga, mashhurroq xonanda-aktyorlar qanday yangi rasm qo‘yganini ko‘rishga vaqt sarflayotgan bo‘lsangiz, u holda internet zararli!

Unutmang: misollarning ishlanish yo‘lini qidirish bilan o‘tkazilgan vaqt bekorchi vaqt hisoblanmaydi. O‘sha vaqt o‘rganishga sarflangan bo‘ladi. Aytishingiz mumkin, shu vaqt ichida bu savolni bilgan odamdan so‘rab olib, vaqtdan yutishim mumkin-ku, deb. Lekin bu holda siz o‘rganmaysiz, ko‘chirasiz. Sizdan kuchliroq odamning ishlab bergan yo‘lini bir-ikki kunda unitib yuborasiz. Agar o‘zingiz ishlanish yo‘lini qidirib topsangiz, bu yo‘l yodingizga muhrlanadi. 

Sizga raqobatchi abituriyentlar uy ishlarining ko‘pligi to‘g‘risida nolish o‘rniga ustozidan ko‘proq test savollari berishini so‘rayotganini ham unutmang.

Takrorlashdan charchamaymiz: sizga ko‘p uy ishi berayotgan o‘qituvchingizda sizning muvaffaqiyatingizdan boshqa istak yo‘q. Shu sababli sizga yaxshilik qilayotgan ustozingizga: “Menga yaxshilik qilishingizdan noroziman”, - demang.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments