QO‘SHIMCHA BALL (IMTIYOZ)

 

54b5d19184623.jpg

Shu ulug‘ yurtda tug‘ilib kamol topayotgan har bir yigit Vatan oldidagi xizmat vazifasini eng muqaddas burch sifatida biladi. Bu burchni bajarish har narsadan, shular qatori, mazkur yilda talaba bo‘lishdan ham muhimroq masala ekanini hech kim inkor eta olmaydi. 

Ayrim abituriyentlar harbiy xizmatda Vatan oldidagi vazifasini a’lo darajada bajarib, abituriyentlarga beriladigan 27% lik (61,2) balldan norozi ekanliklarini turli yo‘llar bilan bildiradilar. Go‘yoki, o‘sha qo‘shimcha ballarga ega abituriyentlar boshqalarning o‘rnini egallab qo‘yayotgan emish.  

Hozir bu holatning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi borasida tortishmoqchi emasmiz. Vaziyat shundayki, kimlardir borib shu ballga ega bo‘lib kelishmoqda. Siz esa bilim olish yo‘lida tinmay mehnat qilyapsiz. To‘g‘rimi? Keling, masalaga boshqa tomondan yondashaylik. Sizningcha, shu ballga ega bo‘layotganlar mehnat qilishmayaptimi? Barchamizga ma’lumki, harbiy xizmatga chaqiruv bahor oylarida amalga oshirilib, askarlar keyingi yilning bahor oylarida xizmatdan qaytishadi. E’tibor bering, ular xizmatda yurgan vaqtida bitta kirish imtihoni o‘tib ketadi. Bir yillik xizmat (a’lo darajadagi xizmat) evaziga 61,2 ballga ega bo‘lishadi. Bir yil tayyorgarlik ko‘rib siz shuncha ballik bilimga ega bo‘la olmaysizmi? Albatta yig‘ish mumkin. Muammo ball yig‘ib kelayotganlarda emas, aynan sizda. 

Biz futbolda qaysidir jamoaga muxlislik qilar ekanmiz, aqlimizdan ko‘ra ko‘proq hissiyotimiz ishlaydi. O‘z jamoamizni taktika tanlay olmaganlikda, nimalarnidir eplay olmaganlikda ayblaymiz. Biz muxlislarni hurmat qilmasliklarini ta’kidlaymiz. Lekin, aslida, raqib jamoa ham bizning jamoachalik tayyorgarlik ko‘rganini, uning ham o‘ziga yarasha muxlislari borligini tan olgimiz kelmaydi. Tayyorgarlik ko‘rish jarayoni ham shunga o‘xshaydi. Siz tayyorgarlik ko‘rishning o‘zingizga ma’qul usulini tanlaysiz, raqibingiz ham o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib ish ko‘radi. 

Lekin, shuni unutmaslik kerakki, harbiy xizmatga borib qo‘shimcha ball olib kelish ham siz o‘ylaganchalik oson ish emas. Odamzotga doim boshqalar osonlik bilan ko‘p mablag‘ yoki muvaffaqiyat qozonayotganga o‘xshab ko‘rinaveradi, aslida, hamma ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Avvalo, harbiy xizmatga qabul qilinish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tib olish lozim.  Harbiy xizmatga qabul qilingandan so‘ng ular 1 yil davomida Vatan xizmatida bo‘ladilar. Xizmat davomida sizdek istalgan vaqtda tayyorgarlik ko‘rishning imkoni yo‘qligini bilasiz, albatta. 

Endi o‘sha qo‘shimcha ball olishning shartlariga kelsak: askar qo‘shimcha ballga ega bo‘lishi uchun 1 yil davomida intizomli xizmat qilishi lozim. Undan so‘ng qo‘shimcha ball olish uchun askar imtihon topshiradi va ijobiy natijaga erisha olsagina, unga imtiyoz beriladi. Bu imtiyoz – askarning o‘z xizmat vazifasini yaxshi o‘tagani uchun o‘ziga xos mukofot. Shunday imtiyoz bilan o‘qishga kirayotganlar soni imtiyozi yo‘q holda talaba bo‘layotganlar sonidan ancha kam, to‘g‘rimi? Shunday ekan, o‘qishga kira olmaslikni ayrim raqiblarning imtiyozga ega ekanligiga bog‘lash asossiz. Buni asossiz deb o‘ylaganlarning hozirgi kunda oliy o‘quv yurti darslari bilan bandlar. Ularning ovozi eshitilmayapti degani bundaylar yo‘q ekanini anglatmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, boshqalarning kuchsizligi evaziga emas, o‘zingizning kuchingiz evaziga yuqoriga intilsangiz, kim qanday usulda tayyorgarlik ko‘rishining siz uchun zarrachalik ahamiyati qolmaydi.

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments