BIZ AKTYORLARMIZ!

  • 2015/03/04
  • 0 ta izoh
  • Admin

O‘tgan sonimizda farg‘onalik abituriyentning “Biz rejissorlarmiz!” maqolasi e’lon qilingan edi. Undan ta’sirlangan va ilhomlangan boshqa bir abituriyentimiz bugun “Biz aktyorlarmiz!” sarlavhali maqolasi bilan mehmonimiz bo‘lib turibdi. Muallif o‘ziga ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z ismi sir tutilishini iltimos qilgan.

Assalomu alaykum, aziz abituriyent! 

Bu maqolani nafaqat farg‘onalik do‘stimiz Sohibjon Hotamovga, balkim barcha abituriyentlarga bag‘ishlayman. 
To‘g‘ri, biz o‘z hayotimizning rejissorlarimiz,  boshqa jihatdan olib qaraganda, “Dunyo” deb atalmish filmning aktyor yoki aktrisalari ekanligimizni ham unutmasligimiz kerak. Shu ma’noda biz faqat ssenariydagi rolni ijro qilyapmiz. To‘g‘ri, aytishingiz mumkin, men hech qanday ssenariyni bilmayman, hatto uni o‘qimaganman. Farqi ham shunda-da! Hech qanday ssenariysiz ijobiy rol ijro etish – bu katta mahorat demak. Ssenariy yo‘q-ku, qanday rol ijro qilaman, degan savolga javobimiz shu: ezgulikka intilib yashash lozim. I kurs talabasi paytimizda “Avesto”da ham ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amalning hayotimizda muhim o‘rin tutishi aytilganining guvohi bo‘lganmiz. 
Biz sevib tomosha qiladigan kinolar qaysidir ma’noda hayotning nusxasi, lekin “jonli kino”ga nima yetsin?! Do‘stim Sohibjon aytganidek, barchamiz tayyorlanish jarayonida albatta stress holatiga tushib olamiz: “Testlarni yecha olarmikanman?”, “Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tamanmi?” va h.k. Shunday paytda “Rizqim qo‘shilgan bo‘lsa, bu yil, albatta, talaba bo‘laman” jumlasiga “Harakatda barakat”ni ham qo‘shib qo‘yishni istardim. Imtihon sinovlaridan xavotirlanishga hech qanday asos qolmaydi, agar biz hayotning o‘zi katta sinov – imtihon ekanligini his qilsak. O‘qishga kirish ham, kira olmaslik ham – bu bir sinov. Chunki kira olmabmizmi – yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmaganmiz. To‘g‘ri, bunday holatda turli sabablar keltirib, aybni o‘zimizdan soqit qilishga urinamiz . Lekin bu boshqa bahonalar singari hech qanday foyda bermaydi. Agar uch fanimizdayam maksimal ko‘rsatkichga erisha olsak, bizni kim to‘xtatib qola oladi? Ba’zilar bunga ham allaqachon bahona topishga ulgirishdi, chamamda. Aytimlar DTMga ham tosh otib ko‘rishadi. Agar siz o‘sha “ba’zilar”dan bo‘lsangiz, sizga maslahatimiz: gazetani qo‘yib ko‘chaga chiqib gap soting, chunki qo‘lingizdan faqat shu ish keladi. Biz suhbatimizni qolganlar bilan davom ettiramiz. 
Biz nafaqat o‘qishga kirish uchun, balki aytib o‘tganimiz – “ishbuzuqilar”ga ko‘rsatib qo‘yish, ularni uyaltirish uchun ham 226,8 ball to‘plashimiz zarur. Bu yo‘lda tengdoshlarimga tayyorgarlik paytida qo‘l keladigan ba’zi maslahatlarni berib o‘tmoqchiman:
1. Avvalambor, darslik va qo‘llanmalarni suv qilib iching.
2. Mavzuni o‘qimay test ishlagandan ko‘ra mavzuni 5 marta o‘qib umuman test ishlamagan ma’qul, chunki imtihonda mavzuga oid test tushadi, siz ishlayotgan test emas.
3. Test nazoratining 2 maqsadi bor. Birinchisi test yechishga ko‘nikma hosil qilish bo‘lsa, ikkinchisi test orqali zaif tomoningizni aniqlashtirib, uni bartaraf etish.
4. Abituriyent gazetasidagi 36 talik testlarni yo‘nalishingizga qarab hech bir yordamsiz (kitob, qo‘llanma yoki ustozingiz ko‘magisiz) 3 soatda ishlashni mashq qiling. Bu narsa tezlikni oshirishga imkon yaratadi. Keyingi son kelganda uning testini ishlashdan oldin javobingizni tekshirib oling va zaif nuqtalaringizni aniqlang. Masalan, siz muntazam to‘rtburchakli kesik piramidaning hajmini topishda xatoga yo‘l qo‘ygansiz, darrov shu mavzuni takrorlab bilimingizni mustahkamlab oling. Yoki ingliz tilida consider fe’lidan keyin to+infinitive ni qo‘llagansiz, javobda esa consider+–ing kelgan. Bu mavzuni yaxshi o‘zlashtirmaganingizdan, uni tuzatish kerakligidan dalolat beradi. Adabiyotni esa sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish kerak. Bunda ba’zi safdoshlarimiz xotira sustligini ro‘kach qilishadi. Ular adabiyotni atigi bir marta o‘qishgan, xolos-da. Aslida ham, bu fan ancha murakkab, chunki adiblar, ularning hayoti yoki asarlari haqidagi ma’lumotlarning barchasini eslab qolish uchun kamida adabiyot o‘qituvchisi bo‘lish kerak. Lekin shuniyam unutmangki, imtihon savollari sizning salohiyatingizga qarab tuziladi. Har kuni bitta adibni to‘liq o‘rganib chiqish ishimizni ancha osonlashtiradi.   
Nima bo‘lganda ham, biz o‘zimizga berilgan rol – abituriyentlik rolini imkon qadar mohirlik bilan o‘ynashimiz lozim. Buning uddasidan chiqish ko‘p mashaqqat chekishni talab qiladi, shunday bo‘lsa-da, amallay olsak, bizga boshqa rol – talabalik roli beriladi. Nasib qilsa, bu rolni ham muvaffaqiyat bilan ijro etamiz va yurtimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shamiz. 
Daftarimni tekshirib bo‘lgan ustozim unga Shuhratdan to‘rt satr yozib qo‘ygan edilar. So‘zimni shu she’r bilan yakunlamoqchiman:
           Har umrning chaqmoq oni bor,
           Chaqmoq bo‘lib yoqmoq oni bor.
          Shu on agar etmasa nasib,
          U umrning na bir joni bor. 
 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments