TAQSIMOT

Abituriyentlarimiz qanday qilsak, kuchni teng taqsimlashga erishamiz, deb so‘rab qolishdi. Bugungi maqola shu mavzuda bo‘ladi.

jllkii.jpg

Biz, avvalo, bilim olishga (boshqa narsalarga emas) sarf bo‘ladigan kuchni aniqlab olsak. Abituriyentlar bu kuchni bilim olish va uni amalda ishlata olish bilan sarflashadi.

Egallanadigan bilimni hamma fandan teng miqdorda o‘rganish nazarda tutilgan bo‘lsa, bu imkonsiz. Chunki inson nimagadir ko‘proq qiziqib o‘rgansa, nimanidir majburlikdan o‘rganadi. Masalan, dasturchi dasturlashga qiziqadi, ajoyib dasturlar tuzadi. Odatda, bunday odamlar tashqi ko‘rinishga unchalik ahamiyat berishmaydi, lekin tayyorlangan dasturni ko‘proq sotish uchun uning ko‘rinishini kishini o‘ziga tortadigan qilishlari lozim. Bu holda dizayn bilan ishlashni, fantaziya qilishni o‘rganishga majbur bo‘ladilar. Tajribadan ma'lumki, dasturchilar uchun eng qiyin masala o‘sha qismi sanaladi.

Sizda ham shunga o‘xshash holat kuzatilishi mumkin. Qaysidir fan jon-u dilingiz bo‘lsa, yana qaysidir fanni o‘ta majburlikdan o‘qiysiz. Bu holda, o‘z-o‘zidan, yoqtirgan faningizdan chuqurroq bilimga ega bo‘lasiz. Kirish imtihonida yaxshiroq natijaga erishmoqchi bo‘lsangiz, aynan mana shu qiynalayotgan faningizdan ko‘proq dars qilishingizga to‘g‘ri keladi. Siz osonlik bilan o‘rganayotgan faningizdan 100 % lik natija qayd etgan taqdiringizda ham, eng ko‘pi bilan 108 ballga ega bo‘la olasiz, xolos. Bu ball bilan aksariyat oliy o‘quv yurtlarining yoniga ham yaqinlashib bo‘lmaydi.

Balki, siz topshiradigan joyning o‘tish balli pastroqdir. Unday bo‘lsa, davlat granti asosida talabalikka erishishga harakat qiling. Har holda, yillik to‘lov–shartnoma oilangiz budjetiga yaxshigina zarar keltiradi.

Bir necha yillik tajribada shunday holatga ko‘p bora duch kelganmiz: asosiy faniga butun diqqat e'tiborini qaratib, keyingi yil ham abituriyentlikdan qutula olmaslik.

Ana endi, keyingi bosqichga o‘tsak. Siz VAQTingizni teng taqsimlamoqchi bo‘lmoqchimisiz? Keling, ushbu holatni biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanidan tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyent misolida o‘rganib chiqsak.

Biologiya hamda adabiyot fanlaridan o‘rganish uchun kitob o‘qish va undagi ma'lumotlarni eslab qolish yetarli. Eslab qolishning qanday usulidan foydalanishdan qat'i nazar, kitob o‘qiladi va iloji boricha yodlab qolinadi. Lekin kimyo va ona tili fanlaridan qaysidir mavzuni o‘zlashtirish uchun esa bir necha misollarni ishlab chiqish lozim. Ba'zan birgina misolni ishlash uchun soatlar sarflanishi mumkin (kimyodan). Bu holda har bir fan uchun bir xil vaqt ajratishning o‘zi noto‘g‘ri strategiya hisoblanadi. Bu yerda tibbiyot yo‘nalishini tanlashdan maqsadimiz kimyo fanining ikkinchi fan bo‘lgan taqdirda ko‘p vaqt olishi mumkinligidir. Aytmoqchi bo‘lganimiz: faqatgina birinchi fan uchun ko‘p vaqt ajrataverish har doim ham o‘rinli emas. Vaqt fanning xususiyatlaridan kelib chiqib taqsimlanadi.

Xo‘sh, shunday ekan, kundalik darsni qanday rejalashtirish lozim.

Siz har bir kun uchun har bir fandan qaysidir mavzuni o‘zlashtirishni rejalashtiring. Masalan, kimyodan elektrolizga doir 123 ta test yechaman; zoologiyadan 6-paragrafni tugatib, bunga doir 147 ta test savolini yechaman; ona tili va adabiyoti fanidan leksikologiyani tugatib, undan 150 ta test yechaman.

Bularning har biri qanchadir vaqt olishi tabiiy. Lekin siz ularga vaqt belgilamang. Eng yaxshisi, bugun shularni tugata olmasam, televizor ko‘rmayman, tugamaguncha uyquga yotmayman, deb o‘zingizga shart qo‘ying va vaziyatdan chiqish uchun bahonalar qidirmang. Masalan, bugun uydagi suvkran buzilib qolmaganida adabiyot tugagan bo‘lar edi, degan bahona ertangalik uchun adabiyotdan o‘rganadigan narsangizni ko‘paytiradi, xolos. Kranni tezgina tugating-da, adabiyotni ham chala qoldirmang.

Har bir fandan kundalik vazifangiz belgilangan bo‘lsa, biridan zeriksaningiz-da, ikkinchisiga o‘tishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo, ta'kidlaganimizdek, biologiyadan bugungi vazifani tugatmay, kimyodan ertangilik vazifani boshlamang.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments