MENING QADRDONIM

Assalomu alaykum.

Yaqinda “O‘rmon hayoti” degan maqolaga ko‘zimiz tushdi. Maqolada ko‘rsatilgan hayot axborot asri odami uchun u qadar to‘g‘ri kelmas ekan-u, lekin ayrim mulohazalar, masalan, televizor haqidagi fikrlar e’tiborimizni tortdi. Shu maqoladan ta’sirlanib o‘zbekona hayotda televizorning o‘rni haqida yozishni maqsad qildik.   

Bugun hayotimizni televizorsiz tasavvur eta olmay qolganmiz. Seriallar, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, axborotlar, futbol tomoshalari… Lekin bu “sehrli oyna” bilan munosabatda ayrim me’yorlarga, hatto ayrim chetlanishlarga ham amal qilish foydadan xoli bo‘lmas ekan.    

Televizor – yangiliklar manbayi, biroq yagona manbayi emas. Axborotlar TV orqali aniq bir vaqtda beriladi va bu yaxshi. Ammo bugungi kun odami uchun axborotni (xoh eng yangi, xoh bir oy oldingi bo‘lsin) istagan vaqtda qabul qilish jihatidan internetga yetadigani yo‘q. Faqat kishi yangiliklarni filtray olishi juda muhimki, bu – alohida maqola mavzusi.

Televizor – “tekin kinoteatr”. Lekin siz dasturda belgilangan filmni dasturda ko‘rsatilgan vaqtda ichidagi reklama-yu roliklari bilan ko‘rishga majbursiz. O‘zingiz xohlagan filmni o‘zingizga maqbul vaqtda ko‘rish bo‘yicha shaxsiy kompyuteringiz ham TVdan bir kalla ustunroq. 

Televizor – bu FUTBOL! Tan olamiz, futbolni birgalashib katta ekranda ko‘rish borasida internet ham TV oldiga tusha olmaydi. Bunday bellashuvlar, asosan, yarim tunda bo‘lishini hisobga olib orom olayotgan xonadon a’zolari yoki qo‘shnilarni bezovta qilmaslik payida bo‘lish ham muxlislik madaniyatiga kiradi.

Televizor – hordiq chiqarish manbayi. Ishdan charchab kelganingizda TV ko‘rib dam olish yaxshi, albatta. Lekin har kungi charchoqlarni TV ko‘rib chiqaryapman, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Dam olish ba’zida teatrlar, yaqinlar davrasida yoki ochiq havoda sayr qilish bilan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.

Mana, siz ishdan keldingiz-u, diqqatingiz TVga jalb bo‘ldi, axir unda siz yoqtirgan yoki anchadan beri ko‘rmoqchi bo‘lgan filmingiz namoyish etilyapti. Yoqtirgan narsangni ko‘rish, albatta, yaxshi. Biroq uning “minus”larini ham bilib qo‘yish lozim.

Birinchidan, TVga berilgan ko‘yi ovqatlanish tavsiya qilinmaydi: diqqatingiz boshqa narsaga jalb bo‘lgan paytda qorin to‘ygani sezilmaydi. Diyetologlar, bunday ovqatlanish talab etilganidan ko‘p tanovul qilishga olib keladi, deyishadi. Bitta film ko‘raman deb TVga “kirib ketish” bir umr oshqozon xastaligidan “chiqib ketolmay” qolishingizga sabab bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, TVni berilib ko‘rganda kishi kiprigini kam qoqadi. Kipriklarning odatdagiday ishlab turishi ko‘zimiz uchun juda ham muhim, shu bois TV ko‘rish qoidalariga e’tibor berish lozim.

Uchinchidan, TV ko‘rishga xalal berayotgan oila a’zolar o‘sha onda ayovsiz jazolanadi. Ayniqsa, bolalar sizning ishdan kelishingizni intiqib kutishgan, siz bilan o‘ynamoqchi bo‘lishgan bo‘lsa-yu, siz ulardan yana 1,5 – 2 soat jim turishni talab qilsangiz. Bir, mayli, ikki marta TVdagi ovozlarni eshitishingizga xalal bergan oila vakili ogohlantirilar, lekin yana takrorlansa, asabingiz buziladi, kamiga qattiq gapirib ularning ham dilini xufton qilishingiz kutilgan hol.  

“Televizor – mening qadrdonim”. Amerikalik sotsiologlarning 30 yillik tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, baxtsiz odamlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq TV ko‘risharkan.Tadqiqotda ishlari joyida bo‘lgan odamlar haftasiga 19 soat, ishlari yurishmayotganlar esa 25 soat vaqtlarini “sehrli quti” ixtiyoriga topshirishar ekan. Baxtsizlik tuyg‘usi bilan yashayotgan kishilar real hayotdan olish kerak bo‘lgan quvonchni, real hayotda to‘ldirilishi kerak bo‘lgan kemtiklarni TV orqali “yes qilish” payida bo‘lishadi. Bu narsa ularni bora-bora asl hayotdan uzoqlashtirib, yanada baxtsiz qilib borarkan. Aslida, bunday kayfiyatdagi odamlar uchun TVning o‘zi kuchli asabiylik manbayi vazifasini o‘tar ekan. 

Ko‘pchilik TV “jinni”lari bir joyda o‘tirib yoki yonboshlagan holda “qadrdonlari” bilan vaqt o‘tkazishar ekan, kam harakat qilish natijasida turli kasalliklarni ham “qadrdon”lariga aylantirib olishadi. Psixologlar fikricha, me’yordan ko‘p TV ko‘rib uxlagan kishilar uyqudan olinishi lozim bo‘lgan oromning yarmigagina ega bo‘lisharkan, xolos. Agar TV yoniq holda qolib ketgan bo‘lsa, o‘sha “yarimorom” ham nasiya bo‘lib qolib ketar ekan. Ortiqcha elektr energiyasi sarf qilinishi – bu alohida mavzu.

Psixologlarning quyidagi tavsiyasiga shifokorlar ham qo‘shilishgan: TV ko‘rishda me’yorni saqlash va undan so‘ng yarim soat ochiq havoda sayr qilish ko‘z, qon aylanishi, uyquning maromida bo‘lishi bilan bog‘liq xavflarning oldini oladi.

Biz televizorning qator foydali jihatlari haqida to‘xtalib o‘tirmadik, shunchaki, bu borada ham me’yorga va ba’zi qoidalarga amal qilish lozimligini eslatib o‘tdik, xolos. Xulosa o‘zingizdan.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments