MATEMATIKLAR

Matematik usul

Uch nafar matematik hamda uch nafar fizik poyezdda konferensiyaga borishlari kerak edi. Ular chiptaxona oldida ko‘rishishdi. Fiziklar har birlariga bittadan, matematiklar esa uchovlari uchun bittagina chipta olishdi. Fiziklar bundan hayron bo‘lib:

–Axir yo‘l nazoratchisi sizlarni tekshirib, manzilga yetmasingizdan yo‘lda qoldirib ketadi-ku!

–Xavotirlanmang, bizning o‘z usulimiz bor, – deb javob beribdi matematiklar.

Fiziklar matematiklarning usuli qanaqa ekanligiga qiziqib yo‘l bo‘yi ularni kuzatib kelishibdi. Yo‘l nazoratchisi chiptalarni tekshirayotgan paytda matematiklarning hammasi bitta hojatxonaga kirib olibdi. Nazoratchiga esa uchovlon bitta chiptani ko‘rsatib, manzilga ham yetib olishibdi.

Qaytishda matematiklar va fiziklar yana chiptaxona oldida uchrashishibdi. Bu safar fiziklar matematiklarning usulidan foydalanish maqsadida uchovlon bitta chipta olishibdi. Matematiklar esa umuman chipta olishmabdi. Fiziklar hayron bo‘lib:

–Nazoratchiga nimani ko‘rsatasizlar?

–Xavotirlanmang, bizning o‘z usulimiz bor, – deb javob beribdi matematiklar.

Poyezdga chiqishgach, fiziklarning hammasi bir hojatxonaga kirib olibdi. Matematiklar esa boshqasini band qilishibdi. Nazoratchi tekshirishni boshlagach esa, matematiklardan biri fiziklar turgan hojatxona eshigini taqillatib chipta so‘rabdi. Chiptani olgach, yana matematiklarning yoniga qaytibdi.

Xulosa: Matematik usullarni tushunmasdan turib ulardan aslo foydalanmang!

 

Yong‘in

Muhandis, fizik va matematik mehmonxonada qolishdi. Tasavvur qilamiz: yong’in bo’lib qoldi. Bunday holatda kim qanday yo’l tutadi?

Yarim tunda tutun hididan uyg‘onib ketgan muhandis mehmonxona zaliga chiqadi. Qarasa, yong‘in bo‘lyapti. Qo‘liga tushgan idishda suv to‘ldirib, yong‘inni o‘chirishga urinadi. 

Tutun hididan oromini yo’qotgan fizik zalga chiqib qarasa, yong‘in bo‘lyapti. Yong‘in xavfsizligi qutisidagi shlangni ko‘radi va hisob-kitob qila boshlaydi: suvning bosimi, yong‘inning shiddati, shlang va yong‘in orasidagi masofalarni chamalab olovni eng kam miqdordagi suv bilan o‘chirishni hisoblaydi. Yong‘inni o‘chiradi yoki bu suv bilan yong‘inni o‘chirish imkonsizligiga qanoat qiladi-da, xonasiga kirib yotadi.

Shu hol matematikda sodir bo‘lsa, u zalga yugurib chiqadi, qarasa, yong‘in bo‘lyapti. Atrofni alanglab masalaga yechim qidira boshlaydi. Qarasa, yong‘in xavfsizligi qutisida shlang turibdi. “Yechimni topdim”, – deya baqiradi-da, xonasiga kirib uxlaydi.

 

Dumli qo‘ylar

Muhandis, fizik va matematik poyezdda Buxoro viloyatidan o‘tib ketishayotgan edi. Poyezd derazasidan qarab turib, qora rangdagi dumli qo‘yga duch kelishibdi. Shunda muhandis o‘z xulosasini aytibdi:

– Buxorodagi hamma qo‘ylar dumli va qora.

Fizik e’tirozini bildiribdi:

– Yo‘q, Buxorodagi ba’zi qo‘ylar dumli va ularning ba’zilari qora.

Shundan so‘ng matematik ham o‘z fikrini aytibdi:

– Buxoroda eng kamida bir dona bir tarafi qora, dumli qo‘y mavjud.

 

Necha kishi?

Fizik, biolog hamda matematik tushlik qilish uchun o‘tirishgan edi. Alohida xonaga ikki kishi kirib ketib, birozdan so‘ng uch kishi qaytib chiqishdi. Shunda fizik: “Kuzatuvda xatolikka yo‘l qo‘ydim”, – debdi. Biolog esa: “Ko‘payish hodisasi yuz berdi”, – debdi. Matematik esa: “Agar xonaga yana bir kishi kirsa, ichkarida nol kishi bo‘ladi”, – debdi.

 

0 ta izoh

There are no comments