KASBIM – FAXRIM

IMAG0578.jpg

Nargiza To‘xliyeva 1984-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlab, hozirda ham shu dargohda ish yuritadi. “Ma’rifat” gazetasi; “Vodiy sadosi”  radiosi; “Talim menejmenti” jurnalida faoliyat olib borgan. “Reportyorlik mahorati” o‘quv qo‘llanmasi va boshqa o‘nlab maqolalar muallifi.  Quyida  ana shu mahoratli jurnalist bilan o‘tkazgan suhbatimizni va uning siz – abituriyentlarga bergan maslahatlarini havola etamiz.

-Bugungi kunda abituriyentlarimizning ko‘p qismi kasb tanlashda qiynalishadi. Bir yo‘nalishda tayyorlanishadi –yu, lekin hali ham qaysi kasb egasi bo‘lmoqchiliklariga ikkilanadilar. Ularga o‘z kasbini egallagan mutaxassis sifatida fikrlaringizni bildirib o‘tsangiz.

-Kasb tanlash inson hayotida katta ahamiyatga ega. Tanlagan kasbimiz nafaqat daromad manbayi, balki o‘z qiziqishlarimizni hayotga tatbiq eta oladigan jarayon bo‘lishi kerak. Eng asosiysi, ichki xohish bo‘lishi muhim. Abituriyent kelajakda o‘zini kim sifatida tasavvur qiladi –  ana shunga qarab intilish lozim. Maqsad katta bo‘lsin. Oliy orzungiz shifokorlikmi, demak, hamshiralik bilan cheklanmasligingiz kerak.

-Sizningcha kasbiy daromad muhimmi?

-Inson sevgan kasbi bilan shug‘ullansa, unga daromadning ahamiyati bo‘lmaydi. Shuni ham unutmaslik kerakki, sevgan ishi bilan shug‘ullangan kishi doimo kasbi ortidan daromad topa oladi. Lekin katta daromadni ko‘zlab kasb tanlash noto‘g‘ri. Jurnalistikani misol qilib oladigan bo‘lsak, siz oylab, balki, yillab tahririyatlarda ko‘ngilli bo‘lib ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Agar buning uchun pul talab qilsangiz, juda qimmat turadigan tajribadan quruq qolishingiz mumkin. Tajriba har bir kuchli mutaxassis uchun ahamiyatli.  Shuning uchun birinchi maqsad daromad bo‘lsa, unda shunchaki biznes bilan shug‘ullangan ma’qul.

-Boshqa kasbga qiziqsa ham, ballari pastroq bo‘lgan yo‘nalishga topshirib, oliy o‘quv yurtiga kirib olish yaxshi fikrmi?

-Albatta, o‘z imkoniyatlarini hisobga olish ham kerak, lekin gapingizga unchalik qo‘shilmayman. Ko‘p talabalarni, ular qatorida “falonchi”ning maslahati bilan kirib to‘rt yil umri bekorga ketganlarning qanchasini bilaman. Hozir diplom bo‘lsa, ish tayyor, degan zamon emas. Bugungi kunda raqobatdosh, ko‘p bilim va ko‘nikmalarni egallagan kadrlar qimmatli. Agar kishi istagan sohasi bo‘yicha o‘qimasa, qo‘lidagi diplomi nima ham qilib bera olardi?

-Gaplaringizga qo‘shilaman. Hozir abituriyentlar orasida raqobat kuchli. Oliy talim muassasasiga kirmoqchi bo‘lganlarning soni ko‘p. Hatto, bazi yo‘nalishlarda bir o‘ringa 10 kishi to‘g‘ri kelyapti. Ancha muddat kira olmagan abituriyentlarga nima maslahat bera olasiz?

-Avvalo, ularga sabr tilayman. O‘ylagan maqsadlaridan chekinishmasin. Chunki bu – ko‘zlagan rejalariga tashlanayotgan ilk qadam. Agar ilk qadamdanoq to‘siqlarni yengib o‘tmasalar, unda bu qadamni tashlamagan ma’qul. Muvaffaqiyatsizliklarni yengib o‘tish uchun ham yanada qattiqroq tayyorlanish kerak.

-Ajoyib suhbatingiz uchun katta rahmat. Ishlaringizda, ijodingizda yuksak yutuqlarni tilab qolamiz. Abituriyentlarga qo‘shimcha tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

-Yaqin oylarda gazetangizdagi bir testga ko‘zim tushib, rosti qo‘rqib ketdim. Juda murakkab. Hamma professorlar ham ishlay olmas, balki. Abituriyentlik – mashaqqatli davr. Shu davrda ularga dangasalik kasalligi bilan og‘rimasliklarini tilab qolaman. “Abituriyent” gazetasi yoshlarimizga yelkadosh bo‘layotgani tahsinga sazovor. Hammangizga omad tilayman.

Munisa  QORABOYEVA suhbatlashdi

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments