ISHLAMAYAPTI-KU!

Texnika mollarini sotib olganimizda ularga bir necha muddatga kafolat beriladi. Quyida shu kafolatdan unumli foydalanish uchun ishlab chiqaruvchiga qilingan shikoyatlar bilan tanishamiz.

– Yozning issig‘iga chiday olmagan uy bekasi sovutkichning tortmalarini chiqarib, ichiga yostiq qo‘yib, ustida biroz o‘tiribdi. Eshigi uzoq vaqt ochiq qolgan sovutkichning kompressori ishdan chiqibdi. Uy bekasi esa ishlab chiqaruvchilarga sovutkichning yaxshi sovitmayotganligidan shikoyat qilibdi. Xuddi shunday voqea elektr choynak (tefal) bilan ham sodir bo‘lgan.

– Mikroto‘lqinli pech sotib olgan xaridor birinchi ishlatishdayoq erib ketganini ko‘rgach, ishlab chiqaruvchilar tomon yo‘lga tushibdi. Xonaga jahl bilan kirib keldi. Qo‘lidagi erib ketgan pechni ko‘rsatib, unga “brak” mol sotishganini, ilk martadayoq erib ketganini aytibdi. Shunda xodimlar qanday ishlatganini so‘rashganda, shunday hikoya qilib beribdi: “Pechni, gaz plita ustiga qo‘ydim, tagiga olov yoqib, ichiga yog‘ quydim, shunda erib ketdi. Hatto bir marta ham ovqatimni pishira olmadim…”

– Idish yuvadigan mashina ishlab chiqaruvchilarga juda ko‘p shikoyatlar kelib tushdi: mashinam idishlarimga chizyapti, ichidagi kir suvlarni to‘kmayapti va h.k. Albatta, bu holat ishlab chiqaruvchilarni joylarni borib tahlil qilishga majbur qildi, natijada esa odamlar u mashinada idishlardan tashqari, karam, pomidor, bodring va boshqa sabzavotlarni ham yuvishayotganiga guvoh bo‘lishdi. Sabzavotlardan tushgan tuproq idishlarga chizayotgan, trubalariga tiqilib qolayotgan ekan. 

– Bir uy bekasi elektr tokisiz ham dazmoldan unumli foydalanish yo‘lini kashf qilibdi. Bu yangi modelda kiyimlarni dazmollar ekan, birdaniga elektr toki uzilib qolibdi. Chala qolgan ishni tugatish uchun dazmolning ostini gaz plitada qizdirib olmoqchi bo‘libdi, natijada yuqoridagi plastmassa qismi erib tushibdi. Bunday hollarda kafolat ish bermasligini hamma ham bilavermaydi, albatta.

– Mikroto‘lqinli pech sotib olgan xaridor unda tuxum qaynatish tajribasini o‘tkazibdi. Tajriba bosim sababli tuxumning portlashi bilan yakun topibdi. Mikroto‘lqinli pechning bu holatda buzilmasdan ishlashi tasodif deb baholanibdi. Xaridor esa: “Bu matohing tuxum ham qaynatmasa, boshimga uramanmi?!” - deya pulini qaytib olmoqchi bo‘lgan ekan.

– Boshqa bir mikroto‘lqinli pech egasi esa xizmat markazidagilarga kiyimining mikroto‘lqinli pech ichida yonib ketganidan shikoyat qilibdi. Uning niyati esa yuvilgan kiyimlarni pech ichida quritib olish edi.  

– Sovutkich ichidagi chiroq kam yorug‘lik beryapti, deb hisoblagan xaridor uning ichida sham yoqib masalani hal qilibdi. Lekin sham tufayli sovutkichning pastki qismi yonib, erib qolgach, xizmat markaziga shikoyat qilishni ham unutmabdi.

– Xaridorlardan fikr olib yurgan sovutkich ishlab chiqaruvchi ajoyib bir taklifga duch keldi: “Sovutkichlaringizdagi sabzavot qutisini biroz kattaroq qilsangiz”. Albatta, ishlab chiqaruvchilar buning sababini so‘rashibdi. Shunda xaridor negaligini aytibdi: “Yoz oylarida oyoq kiyimlarimizni sovitib olish uchun o‘sha qismdan foydalanamiz, agar sabzavot qutisi kattaroq bo‘lsa, unga ko‘proq oyoq kiyim sig‘ar edi”.

– Yangi kompyuter sotib olgan xaridor ishlab chiqaruvchiga bir necha marta: “Oyoq qismidagi pedalni bosyapman, mashinadan hech qanday ovoz chiqmayapti”, - deya shikoyat qilibdi. Avvaliga hech narsa tushunmagan ishlab chiqaruvchilar oyoq pedalining sichqoncha ekanligini aniqlashibdi.

– Kompyuter modemi ishlab chiqaruvchisiga foydalanuvchidan shikoyat kelibdi: “Modemingizni kompyuterimga ulagan bo‘lsam-da, faks jo‘nata olmayapman”. 40 daqiqalik suhbatdan so‘ng, foydalanuvchining qog‘ozni monitorga qo‘ygan holda “jo‘natish” tugmasini bosayotganini tushunib olishibdi. 

– Eski kompyuterlarda 1,44 Mbli disketlar ishlatilar edi. Shu zamonlarda kompyuter sotib olgan xaridor shikoyat qilmoqda: “Diskovodga birinchi disketni osongina suqdim, ikkinchisini kirgizishga qiynaldim, uchinchisini esa, qancha kuch ishlatsam ham, suqa olmayapman”.

 

0 ta izoh

There are no comments