ISH TOPA OLAMANMI

Siz o‘zingiz yoqtirgan kasbni tanlasangiz, bir umrga ishlashdan qutulasiz!

Signs-Time-To-Look-for-New-Job.jpg

Aksariyat abituriyentlar qaysi sohaga topshirish haqida bizdan maslahat so‘raydilar. Ularga o‘zlari yoqtirgan kasb bo‘yicha ishlashlikni tavsiya qilsak, kelajakda bu yo‘nalish bo‘yicha ish topa olmasliklarini ro‘kach qiladilar.

Bilsangiz kerak: har bir yo‘nalish uchun kvotalar ajratishda shu ishga bo‘lgan talab inobatga olinadi.  Agar kvota ajratilgan bo‘lsa, shu kasb egalariga ehtiyoj bor degani. Ba’zan, diplomga ega bo‘lsa-da, ish topa olmayotgan mutaxassislarga ko‘zimiz tushadi. Ularning nima uchun ish topisha olmayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Ular talabalik yillarini o‘yin-kulgi bilan o‘tkazgan, bir amallab baho  olib olgani sababli shu ko‘yga tushgan. O‘sha vaqtlarda o‘qishga intilgan “patriot” kursdoshlarining ustidan kulishmaganligiga ham hech kim kafolat bera olmaydi. Endi esa ...

Ko‘zingizga bundaylar ko‘pday ko‘rinyaptimi? Aslida, ko‘ringanday emas, oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan, ishining ustalari allaqachon o‘z sohalarida faoliyatning yuqori cho‘qqilariga erishib bo‘lishgan. Ularning qiladigan ishlari juda ham ko‘p. Sohalari bo‘yicha ishlayot-ganlarini-yu erishayotgan muvaf-faqiyatlarini so‘ylab o‘tirishga vaqtlari yo‘q. 

job-search.jpg

Aksincha, o‘z dangasaligi sababli ish topa olmayotganlar esa vaqtlari ko‘p bo‘lgani sababli oliy o‘quv yurtining diplomi hech narsaga yaramasligi haqida gapirib yuradilar. Aslida, bu fikrga juda ko‘p isbot keltirishimiz mumkin: bizning talabalik davrimizda stipendiyasini qiyinchilik bilan bir oyga yetkazib talabalikni tamomlagan kursdoshlarimizning bir qanchasi o‘z sohasining ustasi bo‘lib ulgurishdi.

Garchi o‘sha kuchi og‘ziga yetmaydiganlar “tankasi” yo‘q odamning ish topa olmasligi haqida ko‘pchilikka uqtirib bo‘lishgan bo‘lsa-da, keling, bir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Hamma tashkilot bilimsiz odamni orqasidagi odam uchun ishga olsa, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni kim amalga oshiradi? 

Aslida, siz kabi holatga biz ham tushganmiz. O‘qib hech narsaga erisha olmasligimiz haqida yaqin o‘tmishgacha gap-so‘zlarni eshitib kelganmiz. Albatta, qilingan mehnat samarasi o‘laroq bu gap- so‘zlardan qutulish bilan birga ko‘pchilik havas qiladigan hayotga ham erisha oldik. 

Yuqoridagi gaplardan nima demoqchiligimizni tushungan bo‘lsangiz kerak. Agar siz odamlarning gaplariga e’tibor bermay, o‘z sohangizni yaxshi egallash sari astoydil intilsangiz, o‘sha sizga “o‘qib olim bo‘lmasligingiz”ni uqtirganlarga eng yaxshi javobni bergan bo‘lasiz. 

Yana bir narsa: yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun o‘tish ballari juda yuqori bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish shart degan qoida yo‘q. Yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun yaxshilab mehnat qilish kerak. O‘z sohasining nozik jihatlarini erinmay, sinchiklab, kechiktirmay o‘rganib chiqish lozim.

Hozirgi kunda reklama beruvchi saytlarni kavlasangiz, u yerda yaxshi kadr qidirayotgan yuzlab e’lonlarga ko‘zingiz tushadi...

Ishoning, har bir sohada yaxshi mutaxassisga har doim ish topiladi. Bu narsaga o‘zingiz ishonsangizgina uni amalga oshira olasiz.

Azimjon MAHMUDOV

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments