INFORMATIKA FANI

clip2057.jpg

Informatika fanidan alohida 36 talik test savollariga duch kelmaymiz. Lekin matematika fani ichida 6 ta savol informatikadan qo‘shilayotgani endi hech kimga yangilik emas. Shu paytgacha hech kim kirish sinoviga informatikadan tayyorgarlik ko‘rmagan, shu sababli bu fan ko‘pchilikka biroz yangilik bo‘ldi.

Keling, endi bu fandan tayyorgarlik ko‘rish bosqichida nimalarga e’tibor berish lozimligi haqida gaplashsak. 

Informatika fanining asosiy qiyinchiligi bu sohaning doimiy ravishda, juda katta tezlikda rivojlanib borishidir. Ya’ni kechagi ma’lumotning bugunga mos kelmasligidir. Masalan, darsliklarda Office dasturiga tegishli Word, Excel, Outlook Express kabi dasturlarning hozirgi kunda 2013 varianti bor. Lekin darsliklarda, asosan, Office 2003 dasturidan misol keltirilgan. 7-sinf kitobida ko‘rsatilgan Excel katakchalari sonidagi farqlar ham so‘zimizga misol bo‘la oladi.

Bu holda nima qilish kerak? Albatta, asosiy ma’lumot manbayi darslik hisoblanadi. Kirish sinoviga tayyorgarlik ko‘rar ekansan, hayotdagi kompyuterga oid bilimlarni unutib, kitobdagini o‘rganishga majbur bo‘lasan. Aks holda, bolalagingiz va hozirgi davringiz kompyuter oldida o‘tayotgan bo‘lsa-da, umuman kompyuter ko‘rmagan tengdoshingiz kitob o‘qib sizni dog‘da qoldirishi mumkin.

Maktab darsliklarini diqqat bilan o‘rganib, kollej va litsey darsliklariga bir bora ko‘z yugurtirish yetarli bo‘ladi. So‘raladigan savollar, asosan, maktab darsliklariga suyanib tuziladi.

Darsliklardagi ma’lumotlarning aksar qismi o‘qib eslab qolishga asoslangan. Va savollarning 4 tasi shu ma’lumotlardan tushadi. Qolgan ikkitasi esa sanoq sistemalari, mantiqiy amallar, algoritmlash va dasturlashga asoslangan bo‘ladi.

Ma’lumotlarni eslab qolishga doir savollarni o‘rganishda sherigingiz bilan savol-javob usuli sizga ham, sherigingizga ham juda qo‘l keladi. Kimdir savol so‘rash uchun, ikkinchisi esa savolga javob berish uchun nimadir o‘rganadi. 

Algoritmlash, aslida, har bir insonning kelajakka doir reja tuzishiga o‘xshaydi. Dasturlashning bosqichini tuzib olish algoritmlash deyiladi, lekin uning barcha tillarda tushunarli bo‘lishi uchun blok-sxemalar tashkil etilgan. Algoritmlashga doir savollarda blok-sxema shakllarini o‘rganib olish lozim bo‘ladi.

Dasturlash haqidagi savollarda ham to‘liq dastur tuzish emas, buyruqlardan to‘g‘ri foydalanish bilimi lozim bo‘ladi.

Mantiqiy amallar yoki sanoq sistemasiga oid savollarda esa matematika o‘qituvchingiz sizga yordamchi bo‘lishi lozim.

Aytishingiz mumkin: “Shu olti dona savol uchun shuncha tayyorgarlik shartmi?” 

Aksariyat abituriyentlar uchun matematika fanining har bir savoli 3,1 balldan hisoblanadi. Olti dona savol esa 18,6 ball bo‘ladi. 

Kirish imtiho-nida matematika fanidan o‘rgangan qaysidir mavzuda 3,1 ballik savol yo tushadi, yo tushmaydi. Modulli ifodalar, tenglama, tengsizlikdan atigi bir dona savolga javob berishingiz lozim, lekin siz buning hammasini yaxshilab o‘rganasiz. Informatika ham xuddi shunday, maydalab ball yig‘ish uchun zarur.

Azimjon MAHMUDOV

 

0 ta izoh

There are no comments