BIZ REJISSORLARMIZ!

  • 2015/02/16
  • 0 ta izoh
  • Admin
2594.jpg

Men hayotimni kinosiz tasavvur qila olmayman. Shu bois bu sohaga mehrim baland. Ehtiroslarim sabablimi, hayotni kino misolida ko‘rgim keladi. Aslini olib qaraganda ham, har bir film – hayot surati. Boshlanma… Voqealar rivoji… Kulminatsiya… Xulosa… Xoh melodrama, xoh komediya, xoh o‘tkir sujet bo‘lsin, barchasida baxtsizlikdan baxt topish, xatolardan xulosa qilish, orzularga ishonish, ishonganda ham bor vujud bilan ishonish kabi mushtarak g‘oyalar ilgari suriladi. 

To‘g‘ri, bugungi o‘zbek kinematografiyasi biroz oqsayotgan davrda bu gaplar balandparvozdek tuyulishi bor gap. Shuning uchun bundayin oldi-qochdi gaplar bilan boshingizni og‘ritmoqchi emasman. Ahamyatli jihati abituriyentning kinoga bog‘liqligidadir.

Bilamizki, filmni tasvirga olish jarayonlarida rejissor yetakchilik qiladi. Yuragi orzu-maqsadlar ro‘yobi uchun depsinayotgan, tunlarni tonglarga ulab, darsliklarni mahkam bag‘riga bosgancha izlanishdan charchama-yotgan tengdoshlarimiz – siz-u men ham rejissorlarmiz. Ha, ko‘p taajjublanmang, chindan ham bizlar rejissorlarmiz. Ertangi kunimizni sahnalashtirayotgan, yorqin damlarga erishish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan, baxt va omadga yo‘g‘rilgan taqdirimiz filmi muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun taraddud qilayotgan rejissorlarmiz. Film rejissorlaridan farqimiz shundaki, unda ssenariy muallifi boshqa, operator, dekoratsiya ustasi, rassom boshqa-boshqa. Biz esa bularning barchasini bir o‘zimiz amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi.Yana bir tafovut shundaki, film rejissorlari o‘zlari yaratayotgan san’at asarining so‘nggi kadrini olib, montajni yakunlamaguncha tinim bilishmaydi. Axir, ozmuncha sarmoya sarflanadimi?!  Biz esa ba’zan sahnalashtirayotgan hayotimizni mavhumlikda qoldirib yuboramiz. Bilmaymizki, biz ham, aslida, juda katta sarmoya sarflaganmiz, qiymati yo‘q uning. Bu –VAQT.

Yiroq holat bo‘lmagani uchun sizning xayolingizdan o‘tayotgan fikrlar menga begona emas. Ayni vaqtda orzularimiz  deyarli bir xil: oliy ma‘lumotli bo‘lish baxtiga erishish. Vaziyatimiz ham unchalik farq qilmaydi: barchamizdan matonat talab qilinadigan palla. Bizlarni cho‘chitadigan fikrlar tez-tez bo‘lmasa-da, goh-goh yashin tezligi yanglig‘ qulog‘imizga yoxud xayolimizga uriladi-yu, o‘zimizga bo‘lgan ishonch hislarini ostin-ustin qilib yuboradi. Uning o‘rnini hadik egallaydi: “O‘qishga kira olamanmikan ???”

Sohibjon HOTAMOV

abituriyent, Farg‘ona viloyati

Dangasalik ham bizga begona emas. Charchaymiz, kitoblardan bezamiz, hech narsa ko‘zimizga ko‘rinmay ham qoladi goho. Barcha orzularimizdan osongina ko‘z ham yumamiz vaqti kelganda. Keling, shunday kezlarda barchamiz osmonga tikilgan ko‘yi ovoz chiqarib jarangli sadoni takrorlaylik: “Rizqim qo‘shilgan bo‘lsa, bu yil, albatta, talaba bo‘laman”. Bu bizga sahnalashtirayotgan yorqin hayotimiz uchun qilayotgan harakatlarga yanada mas’uliyat hissi bilan yondashishga undovchi qo‘ng‘iroq misoli jaranglasin. Hamisha o‘zimga o‘zim takrorlaydigan shiorni sizga ham ilinmoqchiman: “Taqdir senga achchiq limon taqdim etdimi, sen undan xushbo‘y limon sharbatini tayyorlab ol!”

 

                  Kuyinma ko‘p, armon quchdingmi?

                  G‘amlar ketib, shodlik keladi.

                  Peshonaga urma mushtingni,

                  Xudo bir kun baxting beradi.

 

So‘zimni yakunlar ekanman, yozgan kinossenariyimdagi bir martagina kadrda ko‘rinadigan kichik epizod nutqi yodimga tushdi:”Umr yo‘llarimiz faqat tekis, ravonlikdan iborat bo‘lganida hech kim, hech qachon baxtning lazzati bunchalar totli va rohatli ekanligini bilmay o‘tardi “.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments