BIRINCHI BO‘LISH BOSHQACHA!

Bugungi sondan boshlab yangi “Press-intervyu” rukni ish boshlaydi. Bu sahifa orqali muvaffaqiyatga etishgan kasb egalari, kirish imtihonida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan talabalar, bir necha yildan beri maqsadiga erisha olmayotgan abituriyentlar, fakultetlar va DTM xodimlari hamda sohaga doir boshqa shaxslar bilan bo‘lgan suhbatlarni berib borish niyat qilingan. Sahifa borasidagi fikrlaringizni tahririyat manzili yoki abituriyent.uz saytida kutib qolamiz.   

birinchi va ikkinchi blok fanlari universitetga kirishni hal qilsa, uchinchi blok grant yoki kontrakt asosida qabul qilinishni hal qiladi

Tanishing: G‘affarov Navro‘zbek.  1993-yil Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tavallud topgan. 2012-yil Toshkent shahridagi X.Z. Kalanov nomli Kompyuter texnologiyalari kollejini tamomlagan. 2014-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakultetiga 1-o‘rinda davlat granti asosida qabul qilindi.

-Navro‘zbek, sizdek natijaga erishishni ko‘pchilik abituriyentlar orzu qilishadi. Natijalaringiz haqida ozgina ma’lumot bersangiz.

- Men ushbu yilda 239,3 ball bilan universitetga qabul qilindim. Tarix fanidan 31 ta, ingiliz tili fanidan 28 ta, ona-tili va adabiyotdan 23 ta ishladim. Bu hisobga 61,2 ball  harbiy imtiyozim ham qo‘shildi.  

-Ajoyib ko‘rsatkich. Xo‘sh, siz fanlarga qanday tayorgarlik ko‘rdingiz? Nimalarga e’tibor qildingiz?

-Eng avvalo, men fanlarni darajalarga bo‘lmadim: bu - birinchi fan, bunisi ikkinchi fan deb. To‘gri, ona tili va adabiyot fanidan natijalarim nisbatan pastroq, chunki 6 oy vaqt davomida men adabiyotga katta e’tibor qarata olmadim. O‘zimga esa bir shior tanladim: birinchi va ikkinchi blok fanlari universitetga kirishni hal qilsa, uchinchi blok grant yoki kontrakt asosida qabul qilinishni hal qiladi, dedim-da, uchala fanga birdek munosabatda bo‘ldim.

- Fanlarni o‘zlashtirishingizda qanday sirlaringiz bo‘lgan?

-Sirlar? (kuladi) Sir deb bo‘larmikin –  bilmadim-ku, lekin men hamma fanni diqqatimni bir joyga qo‘yib, qunt bilan o‘rganishga harakat qildim. Ko‘cha-ko‘ydagi ishlarga, do‘stlar, televizor degan narsalarni tamomila unutib, faqat diqqatimni fanlarga qaratdim. Ona tilidan esa savolni tushunish 50% javobni topish degani. Charchagan paytlarimda esa adabiyotni mutolaa qilish charchoqlarimni chiqardi.

- Nega aynan shu universitetni tanladingiz? Qiziqishmi yoki universitet obro‘si?

- Huquq sohasiga, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan katta qiziqishim meni shu universitet ostonasiga boshladi. Ba’zilar “Qo‘ysang-chi, u yerga tanishing bo‘lmasa, kirib bo‘lmaydi” deyishganiga qaramay, men o‘z maqsadim sari astoydil harakat qildim. Kelajakda shu sohada yetuk mutaxassis bo‘lib yurtimga kerakli inson bo‘lmoqchiman.

-Orzularingiz ushalishiga tilakdoshmiz. Fursatdan foydalanib talaba bo‘lish baxtiga erishishingizda sizga yordam bergan insonlarga minnatdorchiligingizni bildirishingiz mumkin.

-Rahmat, men bilan suhbatlashganingiz uchun. Men, avvalo, oila a’zolarim, xususan, onamga katta rahmat aytib qolaman. Chunki ular meni doim qo‘llab-quvatlab turdilar, menga suyanch bo‘ldilar. Va ustozim Mukarramova Sarviniso opaga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildirmoqchi edim. Ular meni hayotga, bilim olishga bo‘lgan qiziqishimni shakllantirgan inson sanaladilar. Fursatdan foydalanib abituriyentlarga omad tilamoqchiman. O‘zingizga ishoning! “Abituriyent” gazetasiga ham ulkan yutuqlar tilab qolaman.

-Rahmat, sizga ham o‘qishlaringizda omad tilab qolamiz.

Munisa QORABOYEVA suhbatlashdi.

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments