MAS’ULIYAT

sotrudnichestvo.jpg

Qadim zamonlarda hech narsadan kamchiligi bo‘lmagan bir shahzoda bor edi. Lekin uning yuragi ko‘p siqilar, hayotda yashagisi kelmas edi. Hayot uning uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotgan edi. Aka-ukalar, o‘rtoqlari aylanishga chiqar, ovga borishar, hayotdan rohatlanishar edi-yu, u hatto o‘z xonasidan ham chiqmas, doimo nimalarnidir o‘ylar edi. 

Hukmdor o‘g‘lining bu holini ko‘rib, unga juda achinar, bu dardga o‘zicha chora qidirar edi. 

Kunlarning birida hukmdor yurtidagi eng donishmand kishini saroyiga chaqirtirdi. Vaziyatni obdan tushuntirgach, o‘g‘lining dardiga chora topish uchun bir hafta muhlat berdi. Agar bir hafta ichida qandaydir yo‘l topmasa, hayoti bilan tovon to‘lashi mumkinligini uqtirdi.

Donishmand uch kun bosh qotirdi, lekin xayoliga hech bir davolash yo‘li kelmadi. Shu sababli, hech bo‘lmasa, jonini saqlab qolish maqsadida yurtini tark etishga qaror qildi. Yurtining eng chetki qishloqlaridan biriga yetib borgach, podachilik qilayotgan bolaga duch keldi. Hamyurtlari bilan so‘nggi marta hamsuhbat bo‘lish maqsadida kunini shu bolacha bilan o‘tkazishga qaror qildi. Biroz do‘stlashib olishgach, yigitcha donishmandga shunday dedi: 

 - Amaki, shu hayvonlarga ko‘z-quloq bo‘lib tura olasizmi? Men uydan tushlikka ovqat olib kelishni unutgan ekanman. Uyga borib kelsam. 

Donishmand hech qanday e’tirozsiz podaga qarab turishni bo‘yniga olibdi. Bu, har holda, vaqt o‘tkazish uchun yaxshi imkoniyat edi.

Donishmand o‘zi duch kelgan hodisalarni tahlil qilib podaga qarab turgan bir vaqtda jarlik yoqasida o‘ynayotgan echki bolasi pastga qulab ketdi. Echki bolasi chuqurdan o‘zi chiqa olmas, kimdir tushib uni olib chiqishi lozim edi. Donishmand yigitchaga bergan so‘zini to‘la-to‘kis bajarish uchun uloqchani olib chiqishga qaror qildi. 

Jarlik ichiga tushgach, uloqchani sirtiga bog‘ladi. U bilan birgalikda yuqoriga intila boshladi. Bir necha marta urinish natija bermadi. Lekin donishmandning u yerdan chiqib olishdan boshqa iloji yo‘q edi. Shu sababli umidsizlikka tushmay qayta-qayta urinib ko‘rdi. Va nihoyat, bir necha urinishlar, qiyinchiliklardan so‘ng kichik do‘stiga bergan so‘zining uddasidan chiqdi. 

Uloqchani jarlikdan olib chiqish va vazifasini to‘la-to‘kis bajarish uning aqli-hushini shunchalik band qilgan ediki, yurtini tark etishi kerakligini ham unutib yuborgan edi. Bu holatdan so‘ng uning xayolida ajoyib fikr yarq etib ko‘rindi. O‘ziga o‘zi shunday dedi: “Kimdir qaysidir ishni amalga oshirishga jiddiy kirishsa, muvaffaqi-yatli natijaga erishish uchun bor fikr-u xayolini o‘sha ishga qaratsa, u odam-ning siqilish uchun vaqti bo‘lmaydi. Arzimagan narsalardan fil yasab ularni o‘ylab siqilavermaydi”. Bu haqiqat barcha uchun, hatto hukmdorning o‘g‘li uchun ham o‘rinli.

Donishmand yurtni tark etish fikridan qaytib, saroyga bordi va hukmdorga o‘zi topgan davo yo‘lini arz etdi: “Hukmdorim, siz agar o‘g‘lingizni behuda siqilishlikdan qutqarmoqchi bo‘lsangiz, hayotga qiziqishi uyg‘onishini xohlasangiz, unga vaqtlarini band qiluvchi mas’uliyat yuklang. Yurak siqilishining, hayotdan shikoyat qilaverishning asosiy sababi – bekorchilik. Unga beradigan mas’uliyatingiz qanchalik jiddiy, natijasi qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, shunchalik o‘zini shu ishga bag‘ishlab siqilishdan qutqaradi va hayot uchun kurashish hamda irodasi shu darajada ortadi”.

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments