E'TIBOR (ikkinchi qism)

20141219_182229.jpg

“E’tibor” nomli maqolani yoza boshlaga-nimizda uning 2-qismini javoblar varag‘iga bag‘ishlashni niyat qilgandik. Lekin bu orada javoblar varag‘ining ko‘rinishi ham o‘zgarib qoldi. Bu esa mazkur mavzuda maqola yozishga bo‘lgan talab va ehtiyojni yanada oshirdi.

Aslida, kirish imtihonida ball to‘plash faqatgina bilimning o‘ziga bog‘liq emas. U yerda bilimdan tashqari psixologik chidamlilik va e’tibor muhim rol o‘ynaydi. Testni ishlashga ishlab, javoblar varaqasiga ko‘chirishda kichik xatolikka yo‘l qo‘ysangiz, mehnatingizga kuyib qolasiz.

Javoblar varaqasi shakli almashishining ham yaxshi, ham yomon tarafi mavjud. Yaxshi tarafi: abituriyent hech qachon bloklarni almashtirib qo‘ymaydi, shu sababli 36 ta noto‘g‘ri javob ham belgilamaydi. Lekin javoblarni belgilashda bitta qatorga yanglishsa (masalan, pastga siljib ketsa), 18 ta test savoliga noto‘g‘ri javob berib qo‘yadi. Oldinlari bu ko‘rsatkich oltitani tashkil etardi, xolos. 

Aslida, bloklarning o‘rnini almashtirib qo‘yish ham, qator siljitib yuborish ham e’tiborsizlik sababli yuzaga keladigan holat.  Ikki holda ham aybdor abituriyent, jabrlanuvchi ham o‘zi: ballardan ayriladi.

Demak, javoblar varag‘ini belgilashda test yechishdan ko‘ra e’tiborliroq bo‘lish kerak. Chunki test yechishda yo‘l qo‘yilgan xatolikni to‘g‘rilash mumkin, lekin javoblar varaqasi ustida yo‘l qo‘yilgan xatolik kechirilmas bo‘ladi. Javoblar varaqasini teshib qo‘yish ham, boshqa usullar ham befoyda.

Xo‘sh, javoblar varaqasini to‘ldirishda nimalarga e’tibor berish lozim? 

Avvalo, to‘g‘ri deb qanoat hosil qilgan javobingizni savollar kitobchasida belgilab olishingiz kerak. Undan so‘ng javoblar varaqasiga ko‘chirish jarayonida savolning raqamini va to‘g‘ri javobni o‘zingizga eshitiladigan shaklda aytib belgilang. Masalan, qirq yetti B, qirq sakkiz D va h. k. Bu usul ikki narsaning: javoblar varaqasida qator siljib ketishi va noto‘g‘ri javob belgilab qo‘yilishining oldini oladi.

Inson bir ish bilan uzoq band bo‘lib qolsa, xayoli har xil narsalarga chalg‘iy boshlaydi. 108 ta savolning javobini ko‘chirish ham vaqt oluvchi ish hisoblanadi. Siz bu ishni bajarish davomida o‘zingiz sezmagan holda boshqa narsaga chalg‘ib ketib qolasiz. Ana shunday paytlarda o‘zingizga muhim ish qilayotganingizni eslatib qo‘yishingiz lozim. Buning uchun orada bir kichik (15 soniyalik) tanaffus qilib oling. Fikringiz chalg‘igan narsani imtihondan keyin ham o‘ylashga vaqtingiz borligini eslashingiz yetarli.  

Yuqoridagi ovoz chiqarish ishi chalg‘imaslik uchun ham qo‘l keladi.

Kirish imtihonidagi ayanchli holatlardan yana biri – yoningizdagi sherigingiz sizning javob varaqangizni to‘ldirib qo‘yishi. Bu yerda sizning javob varaqangizni to‘ldirib qo‘ygan abituriyentda o‘zining javob varaqasini to‘g‘rilab to‘ldirib, kerakli ballni to‘plash imkoniyati bo‘ladi, lekin sizda bo‘lmaydi. Garchi ayb boshqa odamniki bo‘lsa-da, tovonini siz to‘laysiz. Shu sababli javob varaqangizni o‘zingiz tomonga qo‘ying. Yoningizda o‘tirgan abituriyent qo‘li yetadigan yerdan uzoqroqda bo‘lsin, toki u ham siz kabi xayol bilan bo‘lib, varaqangizni to‘ldirib qo‘ymasin. 

Gazetamizning ushbu sonida ham so‘nggi sahifada javob varaqasi namunasi berilgan. Shu namunani to‘ldirishni mashq qiling. Mashq qilayotganingizda ham shu ishga jiddiy yondashing.

Aksariyat abituriyentlar mashq qilish davomida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yishadi. Bu e’tiborsizlikning asosiy sababi – axir haqiqiy imtihon emas-ku, degan fikr.  Lekin shunday e’tiborsizlikka ko‘nikib qolgan abituriyent haqiqiy imtihon kuni ham eski odatlaridan voz kecholmay qoladi. Shu sababli har bir ustun, har bir qatorni, to‘ldirilishi kerak bo‘lgan hamma joyni aniq to‘ldiring. Bu arzimas A5 o‘lchamli qog‘oz sizning masalangizni hal qilishini unutmang.

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments