YANGI YILGA SOVG‘A

16911.jpg

Uch yoshli qizaloq qimmatbaho sovg‘a qog‘ozi yordamida qutini tartibsiz ravishda o‘rar edi. Aslida, bundan chiroyliroq qilish uning qo‘lidan ham kelmas edi.  Buni ko‘rgan otasi, qog‘ozni isrof qilgani sababli, qizini urishdi.  

Oradan 2-3 kun o‘tib, Yangi yil bayrami kuni qizaloq o‘sha tartibsiz o‘ralgan qutini otasiga olib keldi va “Dadajon, bu sizga Yangi yil sovg‘asi” deya uzatdi. Otasi qizini urishganidan uyalib ketdi. Biroz noto‘g‘ri tanbeh berganday his qildi o‘zini. Lekin sezdirmay qizining oldida qutini ochib qanday sovg‘a borligini ko‘rmoqchi bo‘ldi.  Qutini ochib qarasa, u bo‘m-bo‘sh edi. Ota qiziga yana bir tanbeh berdi:

– Kimgadir sovg‘a berilsa, bo‘sh quti berilmaydi. Shuni ham bilmaysizmi, jajji xonim?

– U quti bo‘sh emas-ku, men uni o’pichlarim bilan to‘ldirgan edim. 

Otaning bo‘g‘ziga bir nima tiqilganday bo‘ldi. Ko‘zi yoshga to‘lib, qizini quchog‘iga bosdi. 

Qutini esa umrbod saqladi. Ishdan charchab kelsa, kayfiyati buzilsa, o‘zini yomon his qilsa, qutini ochib jajji qizaloqning mehr to‘la o’pichidan birini olar va kayfiyati yana ko‘tarilar edi.  

Aslida, har bir insonga Yaratgan tomonidan shunday quti berilgan. Qiyinchilik onlarida shu qutiga qaray olish baxtlilik siridan biri bo‘lsa kerak.

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments