USTOZ VA O‘QUVCHI

Ustoz O‘quvchini doim qovog‘i osilgan, tushkun holatda ko‘rardi. Bir kuni Ustoz shunday dedi:

- Shu xonada nima jigarrang tusda bo‘lsa, hammasini ko‘rib eslab qol, keyin menga aytib berasan.

O‘quvchi hamma yoqni ko‘zdan kechirdi. Xonada jigarrang tusdagi narsalar ko‘p edi: deraza ramkalari, pardailgichlar, turli jihozlar va mayda-chuyda buyumlar…  

- Tayyormisan?

- Ha.

- Endi ko‘zingni yum.

- Yumdim.

- Qani, ayt-chi, xonada nimalar ko‘k rangda ekan? 

 - Bu nima deganingiz?! Jigarrang tusdagi narsalarni sanashni buyurganingiz uchun men ko‘k tusdagilarga umuman e’tibor qilmabman. Ko‘k tusdagi birorta narsaniyam ilg‘aganim yo‘q.

 - Endi ko‘zingni ochib qara: bu xonada ko‘k tusdagi narsalar to‘lib-toshib yotibdi.

O‘quvchi ko‘zini ochdi. Haqiqatan ham, ko‘p narsalar ko‘k tusda edi. Jigarrang karnizga osilgan pardalar ham, xona o‘rtasidagi stol lampasi ham, qandillar ham, gilam ham – barcha chiroyli narsalar ko‘k tusda edi.

 O‘quvchi chiday olmadi:

 - Siz meni chalg‘itdingiz. Yo‘qsa, shuncha chiroyli narsa ko‘k tusda ekan – payqamasmidim?

Ustoz kulimsiradi:

- Menga xuddi shu narsa kerak edi. Sen o‘z hayotingda yomon narsalarga diqqat qaratib, atrofdagi chiroyli narsalarni payqamaysan.

- Lekin mening tushunishimcha, hayotdan yomonlik kutib yashasang, yomonlik kelganda shoshib qolmaysan – kutganing bo‘lyapti; agar yaxshilik kelib qolsa, bu senga hayotning kutilmagan sovg‘asi bo‘ladi.

- Yo‘q, hayotda e’tiborni yomonlikka jalb qilar ekansan, faqat yomon narsalarga duch kelasan. Hayotdan yaxshilik kutib yasha, shunda yaxshi narsalar hamrohing bo‘ladi.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments