TEZLIK

 

Qanchalik  tez yurganing  emas,  qanchalik  uzoq  masofaga  borganing  muhim.
Konfutsiy

gepard.jpg

Hayotimizning juda ham katta tezlikda o‘tib ketayotganini ko‘rish uchun o‘tgan davrga nazar solish yetarli. Birpasda shuncha umrni yashab qo‘yganingizni, sho’x-shodon bolalikning endi yoqimli o’tmishga aylanganiga hali hech qancha vaqt bo‘lmaganini his qilasiz. Ayniqsa, sinfdosh, tengdosh do‘stlaringiz bilan birga yig‘ilishib qolganda bu narsa yanada aniqroq seziladi.

Modomiki, zamon shunday katta tezlik bilan o‘tib ketar ekan, biz ham ishlarimizni tezlik bilan amalga oshirishimiz lozim, degan tushuncha bilan yashaydigan abituriyentlar ham yo‘q emas. Qaysidir ma’noda bu fikr o‘rinli bo‘lishi mumkin. Lekin tezlik, odatda, shoshqaloqlik bilan birlashib ketib qoladi.
Tezroq blok testlar yechaylik, tezroq mavzularni tugataylik, deyishadi o’quvchilar. Bu tezlik emas, aynan shoshqaloqlikning  o’zginasi. Mavzularni tugatish ustozingiz, hattoki, o‘zingiz uchun ham juda oson ish. Masalan, mart oyiga borib barcha mavzularni tugatdingiz. Lekin o‘sha paytda kirish imtihoniga hali to‘rt oy vaqt bo‘ladi. Keyingi to‘rt oyda o‘sha mavzularni qaytadan o‘rganasizmi? Yoki hammadan oldinroq borib test topshirib olasizmi?
Juda ham katta tezlikda yurgan mashina yoki velosipedlarning oxiri, odatda, bir xil natija bilan tugaydi. Undan ko‘ra belgilangan tezlik bilan ulovini haydagan odam manziliga sog’-omon yetib boradi. 
Mavzularni tezroq tugatishdan ko‘ra mukammalroq ado etish muhim. Mavzularni tugatib 22 ta test yechgandan ko‘ra oxirida bir-ikkita mavzuni tugata olmay 30 ta test yechish yaxshiroq natija emasmi?
Siz bosqichma-bosqich uyga berilgan vazifalarni to‘liq bajarib borsangiz, kirish imtihoniga qadar barcha mavzularni tugatishga ham, qo‘shimcha testlarni yechishga ham ulgurasiz. Undan tashqari, yaxshi bilimga ham ega bo‘lib olasiz.
“Men ikkinchi yil tayyorgarlik ko‘rmayapman”, - deydi ayrimlar. Nima bo’pti? Baribir, birinchi yil tayyorgarlik ko‘rayotganlar bilan bir xil imtihon topshirasiz-ku. O‘tgan yili shoshqaloqlik qilmay, hamma mavzuni yaxshilab o‘rganganingizda edi, hozir siz bilan bu mavzuda gaplashmayotgan bo‘larmidik? O‘tgan yili kira olmabsizmi, demak, qayerlardadir xato qilgansiz. Shularning hammasini yaxshilab o‘zlashtiring, keyingi yil siz bilan yana shu mavzuda gaplashmay, gazetamizning uchinchi sahifasiga mehmonga chaqiraylik.
Endi savollarni yechishdagi, har bir savolga ketadigan vaqt masalasidagi tezlikka kelsak. Sizga uch soat vaqt beriladi. Shu vaqt ichida 108 ta testni javoblab chiqish muhim. Ikki soatda tugatgan odamga hech qanday qo‘shimcha imkoniyat berilmaydi. Shu sababli judayam katta tezlik bu yerda ham kerakmas. Agar 180 daqiqada 108 ta testga vaqtingiz yetmasa, yo test yechishda ko’nikmangiz kam, yo tug’ma sekinroq harakat qiladigan insonsiz. Ikkinchi guruhga mansublar ham ko‘proq test  yechish orqali, demak, tajribani oshirish orqali bu muammoni hal qilishlari mumkin. Qachondir yangi savol ko‘rsangiz, eski orttirgan tajribalaringiz yordamga yetib keladi-da, sizga vaziyatdan chiqib ketishning eng oson yo‘llarini ko‘rsatadi. Siz bu savolga yechim izlashga ortiqcha vaqt sarflamaysiz.
Demak, qiladigan asosiy ishimiz – shu kunlarda ustozimiz o‘rgatgan mavzularda ko‘proq test yechish. Eng muhimi kelajak haqida kamroq orzu qilish va kamroq qayg‘urish. Chunki bu qayg‘uning ham, orzuning ham real hayotdagi foydasi hozircha 0 ga teng.

 Azimjon MAHMUDOV

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments