TALABALIKDA MAVHUMLIK YO‘Q

1921890_1569137333318124_3426565188942729511_n.jpg

Shohruh Azimov 1994-yilda Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida tug‘ilgan. Toshkent temir yo‘llari va muhandislari institutining Elektro-energetika fakultetiga 171,2 ball bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

 Shohruh, sizni yangi davr bilan tabriklab, talabalik hayotingiz qanday kechayotgani haqida so‘rasak.

–  Rahmat. Talabalikka erishish oson bo‘lmadi. Buning ortida ancha og‘ir mehnatlar yotibdi. Shunga qaramay, mehnatlarimning rohatini ko‘ryapman. Talabalikning mehnati abituriyentlikdan og‘irroq bo‘lsa-da, kelajakka doir mavhumlik yo‘q. Abituriyentlikda keyingi yilda qay holda bo‘lishingizni bilmaysiz. Talabalikda esa hamma narsa aniq. Yana to‘rt yil oliy o‘quv yurtida o‘qiymiz va muhandis sifatida ish boshlaymiz.

Gazetangizning qaysidir sonida "Birinchi yili talabalikka erishish mumkinmi?" degan mavzu ko‘tarilgan edi. Hozir shu savolga o‘z tajribamdan kelib chiqib bemalol "Ha" deya javob bera olaman.

– Kirish imtihonida sizga qay darajadagi savollar berildi?

– Savollar biz kutgandan osonroq edi. Matematika va fizikadan tushgan ayrim savollarni imtihonga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ishlagan edik. Ingliz tili fanidan esa yaxshi tayyorlanmaganim uchun solishtirish imkoniyatiga ega emasdim.

Informatika yangilik bo‘lgan bo‘lsa kerak?  

– Informatikadan savollar qo‘shilishini eshitgan vaqtimizda juda ham kam vaqt qolgan edi. Shu vaqt ichida bu fanni to‘liq o‘zlashtirish imkoniyatiga ega emasdik. Lekin, shunga qaramay, qo‘ldan kelganicha tayyorgarlik ko‘rdim. Taxminimcha, 6 ta savoldan 3 tasiga to‘g‘ri javob berdim.

Shohruh, siz bilan oxirgi marta VTS olimpiadasida ko‘rishgan edik. VTS olimpiadasida sovrinli o‘rin ololmaganingiz sizga qandaydir ta’sir ko‘rsatdimi?

– Albatta, o‘rin ololmaslik salbiy ta’sir qiladi. Lekin bu talaba bo‘lmaslikka tenglashtirib bo‘lmaydigan natija emas edi. Hali oldinda 3 oy vaqt, demak, kamchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli muddat bor edi. Shu sababli o‘z kamchiliklarim ustida ishlab, kerakli narsalarni o‘rgandim va niyatim bo‘lgan davlat granti asosida talabalikka qabul qilindim.

VTS olimpiadasi mening fanlardan bilimimni oshirishga juda katta yordam berdi. Saralash bosqichida e’lon qilingan testlarni yechish uchun izlanardim, bu esa, o‘z-o‘zidan, bilimim oshishiga olib kelardi. Shu sababli ham VTS olimpiadasi tashkilotchilaridan cheksiz minnatdorman.

VTS olimpiadasi va kirish imtihonidagi natijalaringizni solishtirib bera olasizmi?

– VTS olimpiadasining final bosqichi va kirish imtihonidagi to‘plagan ballarim orasida juda katta farq bor. Buning sababi oddiy. Bittasi olimpiada: unda qiyin savollar so‘ralishi tabiiy. Aslida, final bosqichidagi natijam yaxshiroq ishlashimga turtki bo‘ldi. Matematika fanidan olimpiadada 30 ta, kirish imtihonida 31 ta yechdim. Lekin fizika fanidan natijam keskin farq qildi. Sababi kamchiligim fizikada ekanligini bilgach, shu fan bo‘yicha o‘qituvchim bilan astoydil ishladik va kirish imtihonida 30 ta test savoliga to‘g‘ri javob berdim.

Natijangizga o‘z hissasini qo‘shgan o‘qituvchilaringizni eslamasak bo‘lmas!

– Albatta, ularning fidoyiligi bo‘lmasa, o‘zimiz qanday bu kunlarga yetib kelardik. Matematika ustozlarim Nurjahon opa va Hasanjon domlamga, fizika o‘qituvchim Maqsudaxon ustozimga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Mening natijalarim – shu ustozlarimning mehnatlari samarasi. Ularga kelgusida ham kuchli abituriyentlardan kuchli talabalarni yetishtirib berishlarida kuch-quvvat tilayman.

Abituriyentlik vaqtimda va hozirgi kunda ham moddiy va ma’naviy qo‘llab turgan dadajonim va onajonimga ham cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Biz – farzandlarga ularning xizmatlarini qilib yurishlik nasib qilsin.

“Abituriyent” gazetasi va uning o‘quvchilariga tilaklaringiz…

– “Abituriyent” gazetasi ijodkorlariga savobli ishlarida ulkan zafarlar tilayman. Ko‘pchilik abituriyentlarning yutuqlarida ularning hissalari ulkan. Ushbu gazeta o‘quvchilarining barchalari talabalikka erishishsin. Bu gazetani o‘qiyotgan abituriyent mehnat qilayotgan bo‘ladi. Ularga mehnatlari samarasini ko‘rish nasib qilsin. Talabalikning bir kunida hamma qiyinchiliklar unutiladi. Hamma abituriyentlarga o‘sha kunni ko‘rishlarini tilab qolaman.

Azimjon MAHMUDOV suhbatlashdi

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments