“PUF” QISMI

u11346f323308m.jpg

Qadim zamonlarda kulolchilik bilan shug‘ullanadigan mahallalardan birida ustoz o‘z shogirdi bilan ko‘za, idish-tovoq yasab kun kechirar ekan. Shogird bir necha yil ustozidan ta’lim olgach, o‘zi alohida do‘kon ochishni orzu qilardi. Lekin ustozi har safar uning ra’yini qaytarar va oq fotiha bermasdi. U shogirdiga: “Sen ishning “puf” qismini hali o‘rganmading”, - der edi.

Tuganmas nasihatlardan zerikkan shogird, ustozi oq fotiha bermasa ham, o‘ziga alohida do‘kon ochibdi. Do‘konni ochishga ochibdi-yu, lekin chiroyli shaklli ko‘zalari, guldonlari yorilib ketaveribdi. Ishga qanchalik jiddiy e’tibor bilan yondashmasin, bu yorilish qismiga chora topa olmabdi. Ilojsizlikdan ustozining oldiga qaytib borib, vaziyatni tushuntiribdi.

– Men senga “puf” qismini o‘rganmading, dedim, sen esa quloqsizlik qilding, –  debdi ustozi. –  Bu ishni san’at darajasiga ko‘tarilishining asosiy sababi shu “puf” qismi hisoblanadi. Kel, senga o‘sha qismni o‘rgatay.

Ustoz dastgohga bir hovuch loyni qo‘yib shogirdiga ishlashni buyuribdi. Shogird loyga shakl berar ekan, ustoz orada bir-bir loyni puflab qo‘yar edi. Aslida, ustoz ichiga havo kirib qolgan suv tomchilarini puflab yorib yuborar, bu orqali kelajakda qurigandan so‘ng ko‘zalarning yorilishi oldini olar edi. Bu darsdan to‘g‘ri xulosa chiqargan shogird ishning  “puf” qismini o‘zlashtirib olibdi. 

Har bir ish, har bir san’at asari nozik “puf” qismiga ega bo‘ladi. Agar o‘sha qismiga e’tibor berilmas ekan, butun qilingan mehnat zoye ketadi.

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments