MEN SHE’R YOZSAM…

i-consider-myself-a-poet-now.jpeg

Assalomu alaykum.

Kimdir yoshlikdan she’riyatga mehr qo‘yib, yana kimdir ayni balog‘at ayyomida hislarini qog‘ozga to‘kadi; ayrimlar o‘ziga og‘irlik qilayotgan, qalbidan toshib ketayotgan dard yoki quvonchni qalam vositasida yengillatmoqchi bo‘ladi; she’rim qo‘shiq bo‘lsin deb, el ichida nomim kezsin deb she’r yozadiganlar ham topiladi. Bugungi sahifamiz aynan she’r qasrida yurganlar va bu qasrga kirmoqchi bo‘lganlarga atalgan.

Har bir she’r yozuvchi (bu o‘rinda “shoir” so‘zini qo‘llashga jazm etmadik) she’riyatning himoyachisi bo‘lishi lozim. Bu intim olamga mag‘zi puch so‘zlar, o‘g‘rilangan fikrlar, libossiz iboralarni olib kirishdan saqlanishi, kerak bo‘lsa, zo‘r she’r bilan o‘zgalarga namuna bo‘lib, ularni ham bu yo‘llardan qaytarishi lozim. “Bir she’r yozay, o‘zgalarning qalami sinsin”, - degan edi ingliz she’riyatining zamonaviy vakillaridan biri. Bir she’r yozingki, she’riyatni faqat miqdor jihatdan to‘ldirishga qodir kimsalar o‘ylanib qolsin. 

Bugungi davr she’r yozuvchidan yangilikni, novatorlikni talab qiladi. “Vatanim – jon-u tanim”, “Onajonim - jonajonim”, “Jonim, sensiz o‘lib qolaman” kabi iboralarning davri o‘tdiyov. Yomg‘irni oshiqning ko‘z yoshlariga, vaqtni oqar daryoga qiyos etaverish bugungi she’rxonni rostakamiga zeriktirdi. Yangilik kerak, yangilik! Hamma inson umrini turli narsalarga qiyos qiladi. Bilasizmi, Erkin Vohidov nimaga o‘xshatibdilar – chiziqchaga, aniqrog‘i, qabr toshiga o‘yib yozilgan sonlar orasidagi chiziqchaga. Mana bu – topilma.

Ha, darvoqe, yomg‘ir haqida shoir Muhammad Siddiqdan eshiting:

           O‘yin erur bor falak ishi

           Falak o‘yin qilmoqni suyar.

           Yerdan ko‘kka ko‘tarib suvni

           Yana uni boshingdan quyar …

Mavzular ko‘p, mavzu tugamaydi. Biroq shu mavzuda yangi gap ayta olish – chinakam shoirlik.

Balki, yangi mavzular haqida ham bir o‘ylab ko‘rish kerakdir. “Vatan”, “Ona”, “Muhabbat” , “Bevafo yor” mavzularidagi she’rlarni deyarli barcha qalam ahlining repertuarida uchratish mumkin. Bobongizning hassasi, pultlardagi qizil tugmacha, daftardagi hoshiya, yelkadagi chuqurcha, xurmo danagining ichidagi “qoshiqcha”, tovuqkatakdagi qo‘noq, go‘rkovning belkuragi, “o” harfi, fonogramma orqali kuylayotgan xonandaning o‘chiq mikrofoni haqida she’r yozishni hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Shu kabi mavzularda ham mag‘zi to‘q satrlarni bitish mumkin. Buning uchun iqtidor kerak, izlanish kerak, dunyoqarashni o‘stirib borish, atrofga teranroq nazar tashlash kerak. Balki, shu maqolamizdan so‘ng “Sudyaning bolg‘achasi” degan she’r yaralar.

Modern she’riyat. Ildizlarini olis moziydan ham topsa bo‘ladigan bu oqim bugungi kunda she’riyatning an’anaviy qoliplarini chetlab o‘tishi bilan e’toborni ko‘proq tortadi. Shohbaytlar, qiyosning ajoyib namunasi aks etgan misralarning o‘zi bugungi kunda alohida she’r bo‘lib “zavod”dan chiqayotir. Faxriyorning “Anorlar dard kabi yorilar”, “Go‘rlar qisir – tug‘ishdan qolgan”, “Yig‘i, seni qandoq kuldiray?”, “Oy – bolta”, Ulug‘bek Hamdamning “Seni deya sensiz yashadim” kabi asarlari (bularni “she’r” deb atash borasida katta adabiyotshunoslarimiz o‘rtasida haligacha bahs ketar ekan, biz bir so‘z deya olmaymiz) badiiyati va mazmuni bilan kishini hayratga soladi. Biroq biz bu kabi ijod namunalarining aksarini she’r ichida ham (ajoyib she’rning ajoyib misrasi sifatida) qo‘llash mumkinligiga ishonamiz. Balki, kamina bunday namunalarni (modern she’riyatni emas, balki uning yuqoridagi kabi namunalarini) tushunmaydiganlar qatoridadir.

- Nima qilyapsan?

- Kechagi she’rimga yana tort qator qo‘shib qo‘ymoqchiman. Sakkiz qator kam-da. Hech bo‘lmasa, o‘n ikki satr bo‘lsin. 

Sakkiz satrda muallif aytmoqchi bo‘lganini ifodalab bo‘lgan ekan, “ortiqcha barmoq”ning nima keragi bor? Kimga lola, kim atirgul yoqadi, biroq kamina Erkin Vohidovning quyidagi fikrlariga hayrixoh:

           She’rning sozi – to‘rt satr,

           To‘rt ajoyib, zo‘r satr.

           Shoir odam o‘zini

           To‘rt satrda ko‘rsatir.

She’r yozish kasbmi? Yo‘q, hunar! Asari orqali non topishni ko‘zlagan kishilarni Abdulla Qahhor nimaga qiyos etganini o‘qigandirsiz. Bugungi kunda she’rining qo‘shiq bo‘lishini istab shoirlikka dog‘ tushirayotganlar ham talaygina. Ijodkorning uyiga borib “Shu she’rimni bir ko‘ring” ham emas, “Iltimos, shuni qo‘shiq qilsangiz” deguvchilarga rahmimiz keladi. Siz asal yarating, ayiqlarning o‘zi keladi. She’rlari eng ko‘p qo‘shiq bo‘lgan marhum shoirimizning so‘zlari maqolamizga yakun yasaydi.

Muhammad Yusuf shoir Sirojiddin Sayyidga iltimos qilib shunday degan ekan: “Mabodo men haqimda biron narsa yozsangiz, “Qo‘shiqchi shoir” degan so‘zni ishlatmasangiz: yomon ko‘raman…

Omon bo‘ling.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments