E'TIBOR

pay_attention.jpg

Ba’zida bilimingiz yeta turib ayrim savollarga xato javobni belgilab qo‘yasiz. Buning  sababi  nimada-yu, qanday oldini olish mumkin? Keling, buning sabablarini tahlil qilib ko‘raylik.

“Bu – juda oddiy savol!” Aksar hollarda juda oddiy savollarni yechishda e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yamiz. Ba'zan sonlarni qo‘shish-ayirishda yoki “Hamma biladigan narsa-ku!” degan o‘yda test tuzuvchi tomonidan qo‘yilgan oddiy tuzoqni ko‘rmay qolamiz. Savol qanchalik oson bo‘lmasin, uning siz uchun qiymati – eng qiyin savolning qiymatiga teng. Shu sababli hamma savolga birday e'tibor berish lozim.

To‘g‘ri, siz ancha qiyin savollarni yechib o‘rganib qolgansiz. Bunday savollarga vaqt ajratgingiz kelmaydi. Bunga ketgan vaqtda boshqalar ishlay olmaydigan qiyinroq savollarni ishlab qo‘yishingiz mumkin-da, axir. Lekin natijalar e'lon qilingach, nimada xato qilganingizni ko‘rgach, juda afsuslanasiz. Shu sababli har qanday savolga duch kelganingizda, uni sinchiklab o‘qib, oxirigacha ishlang.

Savolni noto‘g‘ri o‘qish. Savolni tez va kam e’tibor bilan o‘qish orqali ham yuqoridagi kabi xatolikka yo‘l qo‘yasiz. Masalan, bir ifoda berib, "Ifoda quyidagilardan qaysi biriga teng emas", - deya so‘ralsa-yu, siz “Teng emas”ni “Teng” deb o‘qisangiz, testni noto‘g‘ri ishlab qo‘yishingiz mumkin. Natijada  sizdan qanchadir miqdorda ball yo‘qoladi.

Noto‘g‘ri o‘qishning e’tiborsizlik yoki oson savoldan tezda o‘tib ketish oqibati sanaladi. Shoshilmang, ortingizdan hech kim sizni quvlamayapti.

Bu savolni oldin ko‘rganman. Siz shuncha paytdan beri tayyorgarlik ko‘ryapsiz, turli xil testlar bilan tanishdingiz. Ularni tahlil qilgansiz. Ancha-muncha test yodingizda qolib ketgan. Aksarlarini shunchalik ko‘p ko‘rgansizki, ko‘rishingiz bilan javobini ayta olasiz. Aynan mana shu narsa siz uchun “minus”ga yurishi mumkin. Savollarni aslo yodlab olmang! Chunki keyingi safar shu savolga duch kelganingizda u yerda nimadir o‘zgargan bo‘lishi, qaysidir so‘zi boshqa ma'noni berayotgan yoki qaysidir soni almashtirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘zingizga issiq ko‘ringan javob tuzoq bo‘lishi mumkin. 

Maslahatimiz: test savolini ko‘rdingizmi, uni yeching, javobini toping; savolning o‘zini emas, ishlanish yo‘lini eslab qoling. Keyingi safar yana shu turdagi savolga duch keldingizmi, darrov eski javobni belgilamay, boshqatdan ishlab ko‘ring.

Ishlamasdan topsa bo‘ladi-ku. Test savollarida ba'zi savollarni ortiqcha urinishlarsiz javoblari orqali topish mumkin. Lekin bu usul qandaydir shartlar asosida o‘rinli bo‘ladi. Agar shu shartlardan birini unutib qo‘ysak yoki inobatga olmasak, yana xatolikka yo‘l qo‘yamiz. Aslida, bunday usullardan savolni o‘z usuli bilan yecha olmaganda foydalansak, hech narsa qila olmagandan ko‘ra yaxshiroq. Lekin ishlanish yo‘lini bilsak, haqiqiy javoblarni xato kamchiliksiz topib olishimiz mumkin.

Demak, e'tiborsizlik uchun ko‘plab sabablar topish mumkin. Natija e'lon qilingandan so‘ng e'tiborsizligingiz ballingizni izohlaydigan bahonadan boshqa narsa bo‘lmay qolishini esa o‘zingiz ham bilasiz. Demak, umumiy holda, bu e'tiborsizlikka chora topish lozim.

Aslida, e'tiborsizlikning davosi oddiy – E'TIBORLIROQ BO‘LISH. Bu narsada sizga ustozingiz, ota-onangiz yoki kimdir emas, aynan o‘zingiz yordamchi bo‘lasiz. Hamma har xil maslahatlar beradi, yo‘l ko‘rsatadi, lekin e'tiborliroq bo‘lish uchun o‘zingiz urinmas ekansiz, bu maslahatlar hammasi befoyda.

Savolni o‘qiyotgan paytda xayolingiz faqat savolda bo‘lsin. Boshqa narsalarni keyinroq hal qilasiz. Test savolini yechgandan so‘ng ko‘ngil xotirjamligi uchun noto‘g‘ri savollarni ham bir bora ko‘zdan kechiring. Balki, tuzoq bordir, balki, uni payqab qolarsiz.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments