DALDA BERING!

Muvaffaqiyatli insonlar hech qachon yiqilmaydiganlar emas, yiqilgandan so‘ng o‘rnidan turishga kuch topa olganlardir

Elektron manzilimizga abituriyentlarimizdan o‘zlarini qiynagan savollarga javob berishimizni so‘rab maktublar kelmoqda. Biz ularga tajribalarimiz va nuqtayi nazarimizga suyanib javob bermoqdamiz. Bu fikrlar sizni ham befarq qoldirmaydi degan o‘y bilan ularni gazetamizda ham berishga qaror qildik.

Menga biroz dalda bering! Uydagilar, xususan, akalarim Islom universitetiga kira olishimga ishonishmay qo`yishdi, ammo onam menga dalda beryaptilar. Dadam va akalarim TDTUga topshirishni maslahat berishyapti. Ko`nglim, yiqilsam ham, 2 yildan beri TIUga yaqin. Iltimos, maslahat bering!

Aslida, akalaringiz ham, dadangiz ham sizga yaxshilik tilab, shu maslahatni berishmoqda. Ularni bu  yil ham yiqilib, umuman umidsizlikka tushib qolmasin degan xavotir qiynamoqda.

Lekin, har qanday holda ham, hayot sizniki. Bir marta yashaydigan hayotingizdagi tanlovlarni siz uchun boshqalar emas, aynan o‘zingiz tanlashingiz lozim. Atrofdagilar maslahat berishadi. Ularni qabul qilish yoki qilmaslik sizning ixtiyoringizda.

Faqat, siz shunday tanlov qilingki, natija  ijobiy bo‘lsa ham, salbiy bo‘lsa ham hech kimni ayblamang. Afsuslanib ham o‘tirmang.  

TIUning o‘tish ballari nisbatan pastroq bo‘ladi. Siz 190 ballni to‘plang, davlat granti asosida o‘qing. Muhimi, o‘sha ballni to‘play olish, ayniqsa, sizdek uchinchi yil tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyent uchun. Astoydil bo‘ling, erishib bo‘lmaydigan natijaga kurashmayapsiz. Kerakli ballni to‘plang, talaba bo‘ling.  

1-yil, ya’ni 2013-yil mavzularga yaxshi tushunmaganmanmi, xullas, tajribasizligim uchun 150.5 ball to‘pladim. 2-yil, 2014-yil, telefon haqidagi ertakka quloq tutdim, xullas, 151.9 ball to`pladim.

16-avgustdan beri stress holatida edim. VTSning ham 2 turida qatnashmadim. O‘zingizga ma’lum, 2 yil yiqilgan abituriyentning holatini yaxshi tushunsangiz kerak. Tayyorgarlik jarayonida, asosan, nimalarga e`ibor berishim shart?

Eng muhimi, tushkunlik holatidan tezroq chiqib keting. Barcha voqealar o‘tib ketganidan keyin 3 kun stressda bo‘lasizmi yo 3 oymi, natijasi bir xil: bir gramm ham foydasi yo‘q. Sizga o‘xshab yiqilganlar allaqachonlar otini qamchilab, ancha masofani bosib o‘tishdi ham. Siz ham tezroq o‘tmishni unutib, kelajakka intiling. O‘tmishdagi muvaffaqiyatsizliklaringizni emas, kelajakdagi orzularingiz haqida o‘y suring. Qayerga topshirishni esa o‘quv yili oxirida hal qilsa ham bo‘ladi.

Birinchi yildagi omadsizlik ikkinchi yili odamni har xil yo‘llarga boshlashi mumkin. Aslida, xatolik shu yerda: telefonda savolni o‘qib javob olish uchun ancha vaqtni sarflab qo‘yasiz. Shuncha vaqtda o‘zingiz yaxshiroq natijaga erishgan, ko‘proq test savollariga javob bergan bo‘lar edingiz. Lekin, yuqorida aytib o‘tganimizdek, voqelik o‘tib ketdi.   

VTS olimpiadasi – tayyorgarlik bosqichidagi motivatsion musobaqa. Unda g‘olib bo‘lish shart emas. Qatnashishning o‘zi bilim saviyangizni anchagina oshiradi. Bu haqda oldingi ishtirokchilar ko‘p narsalar so‘zlab berishdi. Shu sababli, unda qatnasha olmaslikni muammo o‘rnida ko‘rmang. Kelgan joyidan boshlab, testlarni yechib boring. Balki, final bosqichiga yetib kelarsiz. Hayotda nimalar bo‘lmaydi.

Agar VTSda yaxshi qatnashsam, variantni ishlashim kerakmi (2014)? Bilasiz: 2009-yildan beri original hamda DTM bilan hamkorlikdagi test variantlari sotuvga chiqmayapti. Bundan tashqari, “Abituriyent” gazetasi testlarining saviyasi murakkabroq.  

Olimpiadada qatnashish o‘z yo‘liga. Lekin tayyorgarlik uchun kelgan hamma testlarni yechish kerak. Faqat, siz aytib o‘tgandek, test savollarining asl manbasi noaniq va ichida xatoliklar juda ham ko‘p. Shu sababli  original bo‘lmagan test savollarini yechayotgan vaqtda u yerda xatoliklar ko‘p bo‘lishini tabiiy qabul qiling. Aslida, testlar yechish uchun ishonchli manbalarni yetarli miqdorda topish mumkin.

Mustaqil, ya`ni repetitorga bormasdan tayyorlansam bo`ladimi? Faqat ayrim savollarni so‘rab tursam-u, pullik xizmatdan foydalanmasam?  

Ustoz siz ko‘ra olmagan, ilg‘amagan narsalarni sizdan aniqroq payqay oladi, kamchiliklaringizni bartaraf etadi. Shu gapimizga 31-sahifadagi hikoya juda ham yaxshi misol bo‘ladi. Lekin hammaning ham repetitorga qatnashishga imkoniyati yetarli bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatlarda muqobil varintlardan foydalanishingiz mumkin. Masalan, abituriyent.uz saytining “Savol-javob” bo‘limi yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Abituriyent” gazetasi guruhlari siz uchun foydali bo‘lishi mumkin. O‘zingizni qiynayotgan savollarni u yerda so‘rasangiz, tengdoshlaringiz yoki markazimiz xodimlari tomonidan javob beriladi va siz o‘zingizga kerakli ma’lumotni topib olasiz.

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments