4 MAHALLALI QISHLOQ

Kichik bir qishloqning to‘rt ayri mahallasi bor ekan. Birinchi mahallada “Halekin”chilar yashar ekan. “Halekin”chilar nima qilinishi kerakligini bilamiz deb o‘ylar ekanlar-u, ishni bajarish vaqti kelganda “Ha, lekin” deya javob berishar ekan. Javoblari doim noto‘g‘ri bo‘lsa-da, aybni boshqalarga to‘nkab qutilishar ekan. Aybni boshqalarga ag‘darishda ham ularga hech kim teng kelolmas ekan.

Ikkinchi mahallada esa “Bajaraman”chilar yashashar ekan. Ular nima qilish kerakligini bilishar ekan. Bajariladigan ishga tayyorgarlik bosqichini qusursiz o‘tkazishar ekan-u, lekin ishni amalga oshirishga kelganda kech qolganliklarini his qilishar ekan. Bu mahalla odamlari kechikish ustasi ekanlar. Ular kechikmaslik uchun qaror qilishga ham kechikishar ekan. Sudralib yurishdan tizzalari qonga belanib ketar ekan.
Uchinchi mahallada esa “Koshki”chilar yashashar ekan. Ular voqealarni obdan tahlil qilishar ekan. Nimani qanday bajarish kerakligi haqida eng to‘g‘ri qarorni chiqarishar ekan-u, biroq bu paytda voqea-hodisa o‘tib ketgan bo’larkan. Boshlarini devorga ko‘p urganliklari sababli hammalari g‘urralar bilan yurishar ekan.
Qishloqning eng go‘zal, eng so‘lim mahallasi esa “Yaxshiyamqildim”chilar mahallasi ekan. Ular ishni vaqtida bajarib qo‘yishar, bajarishdan oldin “bajaraman” deya orzu qilishmas, bitgandan so‘ng ham kamchiliklarini tahlil qilish o‘rniga keyingi ishga kirishishar ekan.
“Koshki”chilar bu mahallani aylanishga kelib: “Koshki biz ham shunday qilsak edi”, - der ekanlar.
“Bajaraman”chilar esa “Koshki”chilardek bu mahallani aylanishga chiqmoqchi bo‘lishar ekan-u, qandaydir sabablar to‘g‘anoq bo‘lar ekan.
“Halekin”chilar esa aylanishga kelganda go‘zalliklardan bahra olish o‘rniga kamchiliklarni topar ekanlar: boshqacharoq daraxt ekish lozimligini, shunda yana ham yaxshiroq bo’lishini, daraxtning soyasi kam joyga tushishini, quyosh ertaroq chiqishi kerak ekanligini tahlil qilishar ekan.
“Yaxshiyamqildim”chilarning asosiy kamchiliklari esa miyalaridagi bahona ishlab chiqaruvchi markazning yaroqsizligi ekan. 

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments