SIRK

circus-tent.jpg

Yoshgina yigitcha edim, dadam bilan chipta olish uchun sirkda navbatda turgan edik. Va nihoyat, kassa va bizning oramizda bittagina oila qoldi. Bu oila menda juda katta taassurot qoldirdi. Oilada 8 nafar bola bo‘lib, ularning hammasi 12 yoshdan kichik edi. Ularning pullari ko‘p emasligini ustlaridagi kiyimlaridan ham bilsa bo‘lardi. Lekin toza va dazmollangan edi. Bolalarning barchasi tarbiyali, odobli. Ularning barchasi ikkitadan bo‘lib safda turishgan va qo‘llarini ushlab olishgan edi. Ular masxarabozlarning qiliqlari, fillar va boshqa hayvonlarning o‘yinlarini tasavvur qilib hayajonlanishar edi. Suhbatlarini tinglab, oldin sirkka hech ham kirishmaganini angladim. Bugun ularning hayotida yangilik kutilmoqda.

Ota-ona eng oldingi safda o‘zlarini mag‘rur ko‘rsatib turishardi.  

Kassir ayol otadan nechta chipta kerakligini so‘radi. Ota g‘ururli ovozda: “8 ta bolalar, 2 ta kattalar chiptasidan olsak bo‘ladimi? Oilamni sirkka olib tushmoqchi edim-da”.

Kassir ayol chipta narxini aytdi. 

Ota ayolidan qo‘lini tortib oldi, boshini biroz egdi, kassa darchasiga yaqin kelib yana bir so‘radi: “Qancha dedingiz?”

Kassir ayol narxni yana bir bora takrorladi. 

Otada yetarli miqdorda pul yo‘q edi.

U sakkizta bolasiga sirkka kirish uchun yetarli miqdorda puli yo‘qligini aytib, sirkdan qaytib ketishi lozim edi. 

Jarayonni ko‘rib turgan dadam vaziyatdan o‘sha kishini olib chiqishga qaror qildi. (Aslida, bizning ham ahvolimiz unchalik yaxshi emas edi.) Cho‘ntagidan 20 dollarlik kupyura oldi-da, sekingina yerga tashladi. Keyin engashib yerdan pulni oldi va  otaning yelkasiga sekingina urib: “Kechirasiz, janob, biroz oldin cho‘ntagingizdan ushbu pulni tushirib qo‘ydingiz”, - dedi.

Ota ham nimalar bo‘layotganini tushunib turgan edi. U qo‘l ochib tilanchilik qilmayotgan, ammo shunday yurak siquvchi, aziyatli vaziyatda bunday yordam butun oilasini ko‘ngilsizlikdan qutqarar edi. U avval dadamning ko‘ziga, so‘ngra 20 dollarlik kupyuraga tikilib qaradi. Ko‘zlaridan yosh chiqib lablari titrar edi: “Rahmat, rahmat, janob. Siz men va oilam uchun juda katta yaxshilik qildingiz” .

Biz o‘sha kuni dadam bilan ortga qaytdik. O‘sha kuni sirkka kira olmadik, lekin o‘sha kunda hayotimning eng muhim darsini dadamdan olgan edim.

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi.
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments