RAQOBAT

konkurenciya-i-monopoliya.jpg

“Real” va “Barselona” jamoalari o‘ynar ekan, birgalikda futbol ko‘rayotgan do‘stlarimdan biri juda ham ajoyib fikr aytib qoldi: “Bu jamoalar rivojlanishi uchun bir-biriga ehtiyoji bor. Agar bular bir ligada o‘ynashmasa, bir-biri bilan raqobatlashmasa, bunchalik kuchayishmas edi”.

O‘ylab ko‘rsak, juda ham to‘g‘ri gap. Masalan, Fransiyada “PSJ” jamoasiga mos raqib yo‘q, shu sababli xalqaro maydonlarda bu jamoa unchalik uzoqqa borolmaydi. Kuchi Fransiyaning unchalik kuchli bo‘lmagan jamoalariga yetadi, lekin…

Bu yerda siz uchun muhim bir nuqta bor. Siz atrofingizdagilarning bilimi bilan o‘z bilimingizni solishtirmas ekansiz, o‘zingizni eng kuchliman deb o‘ylashingiz mumkin. Aniqrog‘i, sizdan ham kuchliroq raqiblaringiz borligini ko‘ra olmasligingiz mumkin.

Aslida, birgalikda tayyorgarlik ko‘rayotgan do‘stingiz ham sizga raqobatchi bo‘lishi mumkin. Siz raqobatni salbiy ma’noda tushunmang. Raqobatlashar ekansiz, do‘stingiz bilan munosabatingizni buzmaysiz, u bilan birgalikda savollarga javob topasiz, tushunmagan joylaringizni undan so‘raysiz, u tushunmagan o‘rinlari bo‘yicha sizdan ko‘mak oladi. Xullas, doimo birgalikda dars qilasiz. Lekin nazorat sinovlariga navbat kelganda esa bu hamkorlik unutiladi. Nazorat sinovidagi do‘stlik ikkalangiz uchun ham dushmandir. Siz haqiqiy bilimingiz qanday ekanligini bila olmaysiz. Qolaversa, do‘stingiz bilan haqiqiy bilimingizni solishtira olmaysiz. Bilimni solishtirish juda ham muhim. Agar bu safar u sizdan o‘zib ketgan bo‘lsa, keyingi gal uni ortda qoldirish yoki bu safar oldinda bo‘lsangiz, keyingi gal ham shu g‘oliblikni saqlab qolishga urinishingiz sizni o‘zingiz sezmagan holda o‘stiradi.

Albatta, raqobatlashayotgan odamingizning bilimi siznikidan juda ko‘p ham, juda kam ham bo‘lmasligi lozim. Tasavvur qiling: qaysidir o‘yinda doim yutaversangiz, o‘yin o‘ynashga bo‘lgan ishtiyoqingiz so‘nib boradi, hech ham yuta olmasangiz ham, tabiiyki, o‘yindan uzoqlashasiz. Sizdan juda kuchli yoki juda kuchsiz abituriyent bilan bahslashsangiz, siz ham xuddi shunday holga tushasiz. Kuchsiz abituriyent bilan bahslashish oqibatida o‘zingizga ortiqcha ishonib qolasiz va tayyorgarligingiz ortga keta boshlaydi.

Demak, raqobatlasha oladigan do‘stni tanlab olish muhim, lekin bu kuchsizlarga yordam bermaslik ma’nosini bermaydi. Ularga o‘rgatish sizning ham bilimingizni mustahkamlashini unutmang.

Deylik, siz 12 kishi bilan raqobatlashyapsiz, shular ichida 6-o‘rinda turishingiz sizni qanoatlantirmasligi lozim. Falonchi o‘zi mendan kuchli, pistonchi o‘tgan yili tayyorgarlik ko‘rgan degan bahonalar o‘zingizni ovutishdan boshqa narsa emas. Agar siz mana shu yilda o‘sha abituriyentlar bilan raqobatlashar ekansiz, har qanday sabablarni chetga surib, ulardan oldinroqqa o‘tishga harakat qilishingiz lozim.  

Raqobatlashish turli xil ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. 36 talik nazorat sinovlari bular ichida eng keng tarqalgani, lekin tayyorlov bosqichini tugatmasdan bu sinovlardan juda ham yuqori ball kutish to‘g‘ri emas. Bu testlar yordamida o‘z bilimingiz o‘sishini kuzatishingiz mumkin.

Bundan tashqari, oldingi darsda o‘tilgan mavzu bo‘yicha yoki tayyorgarlik jarayoni boshidan beri o‘tilgan mavzular bo‘yicha raqobatlashish eng odilona yo‘ldir. Chunki o‘rgatilgan va o‘rganilgan mavzularni yaxshi o‘zlashtira olsangiz, siz yil oxirida yaxshi natijaga erisha olasiz.

Abituriyent.uz saytida tashkillashtirilgan virtual test sinovi bo‘limi ham, aslida, raqobatlashuvchilar uchun tashkillashtirilgan bo‘lib, u yerda abituriyentlar gazetamizda chop etilgan testlarni yechib o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Undan tashqari, boshqa abituriyentlar natijalari bilan o‘zlarinikini solishtirishlari mumkin. U yerda raqobat haqiqiy bo‘lmasligi mumkin. Ya’ni gazetani olgan abituriyent kimlardandir yordam so‘rab yuqori ball to‘plashi mumkin. Sizning ballingiz ularniki oldida past bo‘lishi sizni tushkunlikka tushirmasligi, aksincha, ulardan o‘zib ketish uchun keyingi sonni yaxshiroq yechishga undashi lozim. Kimdandir yordam olish masalasida esa ular faqatgina o‘zlarini aldayotgan bo‘lishadi. Chunki ularning u yerdagi balli deyarli hech narsani hal qilmaydi. Raqobatlashish masalasining foydasi haqida esa o‘tgan yilgi VTS ishtirokchilarining gaplarini o‘qigan bo‘lsangiz kerak.

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments