PO‘LAT

Assalomu alaykum.

free-barber-flashacard.jpg

“Men avval o‘g‘ri bo‘lganman. Didli o‘g‘ri edim. Qo‘limga ilinganini emas, ko‘nglimga o‘tirganini o‘marardim. Bir hafta-o‘n kun uyga kelmasdim, shu boisdanmi yo bilagim zo‘r, biroz ilmim bo‘lganidanmi, mahallamdagilar meni o‘g‘ri deb o‘ylashmas, yaxshi sharoitga ega bo‘lganim bois biror “yog‘li” joyda ishlashimga ishonishar edi. 

Bir kuni sartaroshga ishim tushdi. Mening galim kelganda qolgan mijozlarga javob berib yubordi va zarur ishi borligini aytib, kechirim so‘radi. Sartaroshlar boshqacha odam: baloniyam bilishadi. Boshimda qaychi o‘ynatayotgan akaxonimiz  hatto mening o‘g‘riligimdan ham xabardor ekan. Birdan yorildi va maslahatga tushib ketdi. Yoqimsiz gaplarini oxirigacha eshitishga majbur bo‘ldim, chunki u sochimga besh-olti qaychi urgandan so‘ng gap boshlagandi. 

- “Halol”, “harom” degan gaplar bor dunyoda…

- Bilaman, aka. Lekin oilamni boqishim kerak. Farzandlarim och qolib yig‘lagani haliyam yodimda, - dedim gapini bo‘lib.

- Birovlarga ziyon qilib-a?

- Sizga biror zararim tegdimi? – dedim jahl bilan.

Sartarosh oynadan menga qaradi va dedi:

- O‘zingizni bosing, akasi, boshingiz qimirlab ketyapti. Yo‘qsa, qaychimning sizga zarari tegib qolishi mumkin.

Bu sartarosh tushmagur meni zo‘r ilintirdi. Qochib ham ketolmaysan, kamiga do‘q ham urib bo‘lmaydi. Qulog‘ingga ham o‘zing xo‘jayin emassan.

Sartarosh asta gap boshladi.

- O‘zbek yigitining bosh maqsadi nima, sizningcha?

- Men bosh maqsadim deb farzandlarimni boqish, tarbiyalashni bilaman.

- Tushunchangizda ozgina kemtik borligi sizni egri yo‘lga boshlaganini bilardim. O‘zbeklar azaldan oilasini boqishdan tashqari boshqalarga foydali bo‘lishni ham maslak deb bilishgan. Bizda bitta emas, ikkita bosh maqsad bor, uka, ik-ki-ta. Siz qarzlaringizdan birini to‘lamayapsiz. 

- Hozircha bunga imkonim...

Gapni shu so‘zlar bilan boshladim-u, tilimni tiydim. Menga ayni paytda foydasi tegayotgan kishi – tepamdagi sartaroshning bir ko‘zi va bir oyog‘i nogiron ekani yodimga tushdi. Uyaldim. 

Sartarosh ichimdan o‘tganini sezganday meni hayratga soldi:

- Uyaldingiz-a? 

- Uyaldim.

- Nimadan?

- Haligi… hammasidan. 

Men avval o‘g‘ri bo‘lganman. Didli o‘g‘ri edim. Qo‘limga ilinganini emas, ko‘nglimga o‘tirganini o‘marardim.

Hozir yaxshigina sartaroshman. Qo‘shni mahalla guzarida ishlasam-da, o‘z mahallamdagilarning 5-10 tasi bilan har kuni yarim soatdan suhbat quraman. Har kuni uyga qaytaman. Sharoitim yaxshiligidan mahalladagilar meni “yog‘li” ishda ishlayotganimga shubha qilishmaydi.

Bir kuni sartaroshga yana ishim tushdi. Ustozim bu gal mijozlarini ketkizib yuborgani yo‘q. Menga aytmoqchi bo‘lgan gapini boshqalar ham eshitishini xohladi.

- Senga kasbimni o‘rgatib bekor qildimmi deyman, - dedi u kulimsirab. – Oldingi mijozlarimning yarmi ham qolmadi. Tortib olding.

 - Birovning narsasini yashirincha tortib olish menga begona emas, aka.

Sartarosh bir qattiq qahqaha otib oldi va oynadan menga qo‘lidagi qaychini ko‘rsatib, bir-ikki g‘ichirlatib qo‘ydi. 

- Hazil, aka. Noliyvermang. Boshingizni tekinga qaychilab qo‘yaman-ku.

Qolgan gaplarni u mening oldimga kelganda – qo‘limga tushganda gapiraman. Zo‘r usul-a?”

Mana, bir sartaroshning hikoyasidan bahramand bo‘ldik. Xulosa aniq, nima demoqchiligimiz tushunarli. Faqat maqolaga nima uchun “Po‘lat” deya sarlavha qo‘yilgani andak mavhumroq. Buning birinchi sababi sizni sarlavhaga qiziqtirib, shu orqali maqolani o‘qib chiqishga undash bo‘lsa, ikkinchisi …   

Mulohazalarimizni sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Po‘lat” she’rini keltirish bilan yakunlaymiz.

        U dastavval oybolta bo‘ldi,

        So‘ng zambarak bo‘lib quyildi.

        Qilich ham u, miltiq va nagan,

        U bomba ham bo‘lib portlagan.

        Lekin olgan jahonni faqat

        Pero bo‘lib quyilgach po‘lat.

Mansur SIDDIQOV

2 ta izoh

  1. Gravatar

    Hurmatli admin Iltimos yordam qiling savol-javob bo'limiga kira olmayabman to'g'ridan-to'g'ri emas kira olyabman lekin mail va parilni kiritsam bosh sahifaga o'tkazib yuboryabdi qaytib bo'limga kirsam yana kirish tugmasi turibdi yani kira olmayabman iltimos yordam qiling

  2. Gravatar

    Maqola juda yaxshi, albatta tarbiyaviy!