IRODA

 

0120.jpg

Xitoyliklar bambuk daraxtini qanday yetishtirishlarini bilasizmi? Balki, bu daraxtni yetishtirish uchun  shu daraxtdan-da kattaroq sabr kerakligini bilmassiz. Unda o‘qing. 

Avval daraxtning urug‘i ekiladi. Uni sug‘orib, kerakli o‘g‘itlar bilan ta’minlanadi. Birinchi yili urug‘da hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Urug‘ yana sug‘orib o‘g‘itlanishda davom etadi. Bambuk urug‘i ikkinchi yili ham urug‘idan bo‘rtib chiqmaydi. Uchinchi va to‘rtinchi yillarda ham bu urug‘ga suv va o‘g‘it berishda davom etiladi. Urug‘ esa bu yillarda ham bo‘y ko‘rsatmaydi. 

Xitoyliklar bu borada sabrning go‘zal namunasini namoyish etib berishadi. Ular beshinchi yili ham daraxtni sug‘oradilar, o‘g‘itini kanda qilmaydilar. Va nihoyat, beshinchi yilning oxirida urug‘ bo‘rtib, asta ko‘kara boshlaydi. Olti haftalik kichik muddat ichida daraxt naq 27 metr balandlikka erishadi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: bambuk daraxti 27 metr balandlikka olti haftada erishadimi yoki besh yildami?

Bu savolning javobi aniq: 5 yilda. Bu daraxt ulkan sabr va qat’iyat bilan besh yil davomida sug‘orib turilmaganida edi, uning kattalashishi tugul, mavjud bo‘lishi haqida ham fikr yurita olmas edik. 

Keling, endi siz – abituriyentlar haqida suhbatlashsak. Siz ayrim mavzularni tushunishga, ularga doir testlarni yechishga qiynalyapsizmi? Tushkunlikka tushmang, xitoyliklar bambuk daraxtini o‘stirishga ko‘rsatgan irodasi sizni qaysidir fanni o‘zlashtirishingiz uchun kerak bo‘lgan irodadan ancha ortiq.

Siz uzog‘i bilan bir oy o‘tar-o‘tmas, yo‘lga tushib olasiz, fanlardagi testlarni yechish yo‘llarini o‘rganib olasiz. Hozir sizga ajdarday yoki tog‘day ko‘rinayotgan narsalar ulardan o‘tib olganingizdan so‘ng kichkinagina maxluqcha yoki toshday ko‘rinib qoladi. Ortga qaraganingizda esa nima uchun shunchalik oddiy narsaga qiynalganingizni tushunmaysiz ham.

Aslida, bilim olishda, “qiyin” degan tushuncha bilinmagan narsaga nisbatan ishlatiladi. Masalan, matematika fanidan ildizlarga oid misolllarni yechishda ko‘pchilik qiynalishadi. Agar o‘quvchi ildizning xossalarini amalda ishlata olganida edi, uning uchun bu mavzu oson mavzuga aylanardi. Bu gapning isboti uchun turli o‘quvchilarning turli xil mavzularni qiyin sifatida ko‘rishlarini keltirishimiz mumkin. 

Sizning umidsizlikka tushishingizga sabab bo‘layotgan narsalardan biri atrofingizdagi tajribali abituriyentlar bo‘lsa kerak. Har holda, ularning testlarni katta tezlikda yechib tashlashi havasingiz va hasadingizni keltirmay qo‘ymayotgandir. Biroz umidsizlikka ham tushirib qo‘yayotgan bo‘lsa ham, ajab emas. 

Ularga havas qiling va yordam so‘rang. Albatta, ularning ham qachondir sizga o‘xshagani va keyinchalik ikkinchi nafas yo‘llarini ochib olishgani bor gap. Ular harakatni oldinroq boshlaganliklari bois unchalik qiynalishmagandir, lekin bu bosqichdan o‘tishgan. Bu degani siz ham ularning saviyasiga chiqa olishingizni ifodalaydi. Faqat sizda ularnikidek ko‘p vaqt yo‘q. Ya’ni o‘sha sizdan kuchli abituriyent, aslida, sizning raqibingiz ham hisoblanadi. Demak, ular 1 qadam bossa, siz 1,5 qadam bosishingiz lozim. Aniqrog‘i, yil oxiriga qadar ularga yetib olishingiz kerak. Bu esa imkonsiz bir ish hisoblanmaydi.

Shu o‘rinda hozirgi kunda aktivlashgan mavzuga diqqatingizni qaratsak: birinchi yil harakat qilgan o‘quvchi oliy o‘quv yurti talabasi bo‘la oladimi yoki yo‘qmi degan savolga javob izlaylik. Bu savolga nazariy, amaliy va tajribaga yondashib javob berish mumkin. Nazariy jihatdan, yuqorida aytib o‘tganimizdek, astoydil harakat qilgan abituriyentlar yuqori ball to‘play olishlari mumkin. Amaliy jihatdan esa birinchi urinishda talabalikka erishgan ko‘plab abituriyentlarni misol keltirishimiz mumkin. Masalaga, tajribadan kelib chiqib yondashadigan bo‘lsak, birinchi urinishda natijaga erishgan abituriyentlar, o‘z bilimlaridan kelib chiqqan holda, o‘tish balli juda ham yuqori bo‘lmagan joylarga topshirganlar hisoblanishadi.

Muvaffaqiyatning sirlari juda ham oddiy: mehnat qiling, sabrli bo‘ling, har doim muvaffaqiyatingizga ishoning va hech qachon ortga qaytmang.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments