HARAKATGA YARASHA NATIJA!

Nigora Sodiqova Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tavallud topgan. Qarshi padagogika kollejida tahsil olgan. Joriy yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga grant asosida qabul qilindi. Abituriyentlarimiz e’tiboriga u bilan qilgan suhbatimizni havola etamiz.

IMG-20141003-WA0006.jpg

 - Nigora, talabalik muborak!

 - Rahmat.

- Kirish imtihonidagi natijalaringiz bilan tanishtirsangiz.  

 - 183,7 ball. Ona tili va adabiyotdan 33 ta, tarixdan 33 ta va ingliz tilidan 11 ta to‘g‘ri ishlabman.

- Suhbatni ona tili va adabiyotdan boshlasak. Bu fandagi yutug‘ingizning omili nimadan iborat, deb o‘ylaysiz?

- Sabr, harakat va yaxshi o‘qituvchi. Tan olish kerak, bu fan bo‘yicha abituriyent o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar juda katta. Sabr bilan o‘qish kerak, harakatni susaytirmaslik kerak.

- O‘qituvchining roli nimadan iborat?

- Ana shunday katta hajmli ma’lumotni o‘zlashtirish mumkinligini, qanday o‘zlashtirish lozimligini bizga o‘qituvchi o‘rgatadi. O‘quvchi esa yodla deganni yodlashi, qil deganni qilishi lozim.

- Kirish imtihonida bu fandan qay darajadagi savollar berildi?

- O‘rtacha. Adabiyot bo‘yicha bitiklardan, “Rustamxon” dostonidan tanish savollar tushdi. Bir testda “O‘tkan kunlar” qahramonlari so‘raldi. Aruz vazni va “Gulliverning sayohatlari”dan bittadan savol berildi. Yana bir test orqali P. Qodirovning qissalari, yana boshqa test orqali esa Ogahiyning o‘xshatish (tashbeh)dagi yangiligi so‘raldi. Bu savollarning hech biri qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q.

Ona tilidan morfemalarni sanashda xato qilib qo‘ydim. Qo‘shma gap turini topish bo‘yicha ham juda oson savol berildi. Abituriyentlarga yaxshi tanish bo‘lgan test – “Navbatchi…” deb boshlanadigan gapdagi tinish belgilarini aniqlash bo‘yicha test menga ham tushdi. Fonetik hodisalar sonini aniqlash borasida  ham test ishladik.

- Tarixdan yechgan testlaringiz haqida nima deya olasiz?  

- Lafasovdan ham, Qamariddin Usmonovdan ham testlar tushdi. Gaz o‘tkazish yo‘llari haqidagi testni noto‘g‘ri belgiladim, shekilli. Erondagi islohotlar va Yustinian davri bo‘yicha oson savollar berilibdi. Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya davlatlarini YIM kamayishi tartibida joylashtirish bo‘yicha test ham ishladim. Xullas, tarix testlari men xavfsiragan darajada qiyin bo‘lmadi.

- Tarixni o‘zlashtirishda qanday prinsiplarga amal qildingiz?

- Biror prinsipga amal qildim deyolmayman. Men tahsil olgan o‘quv markazida ijtimoiy yo‘nalishlar o‘rtasida yaxshigina raqobat paydo bo‘lgan edi. Nafaqat guruhdoshlarim, balki qolgan guruhlar bilan ham zimdan raqobatlashardik. Ana shu raqobatda ortda qolib ketmaslik uchun ham zo‘r berib o‘qidik. Qolaversa, tarix ma’lumotlarini yodlab qolishga qobiliyatim yaxshi. Undan unumli foydalandim. 

- Ingliz tilidan 11 tagina testni to‘g‘ri ishlabsiz, xolos. Bunday “muvaffaqiyat”ga qanday erishdingiz?

- Ingliz tilini endi o‘rganishim bo‘lgani bois biroz qiynaldim. Avval boshqa chet tilini o‘rgangan edik. O‘zim jiddi jahd qilmadim, natijam ham harakatlarimga yarasha bo‘ldi. Lekin omadim ham kelmagan ko‘rinadi. 7 – 8 ta testni bilib ishladim, qolgan testlardan 3 – 4 ta testgina to‘g‘ri chiqibdi, xolos. 

- Ko‘pchilik abituriyentlar joriy yilgi kirish imtihoni savollarini nisbatan oson bo‘ldi, deya baholashmoqda. Bunga munosabatingiz?

- 100% qo‘shilaman. Buni kirish ballari ancha (ba’zi joylarda hatto 20 ballga) yuqorilab ketganidan ham bilsa bo‘ladi.

- Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

- Barcha yaqinlarimdan minnatdorman. Tarix fani ustozlarim Asliddin aka va Gulnora opalarga, ona tili ustozlarim Bahodir aka va Mansur akalarga, ingliz tili ustozim A’zam akaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. “Abituriyent” gazetasi va abituriyent.uz sayti xodimlariga ham alohida rahmat. 

- Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

- Ustozlarimga tilaklarim: doim sog‘ bo‘lishsin. Nimani baxt bilishsa, u doim hamrohlari bo‘lsin. Biz kabilarni o‘qitib chekkan zahmatlari quvonchli onlarni taqdim etsin.

Abituriyentlarimizga omad yor bo‘lishini tilayman. Bilim olish yo‘lida yeng shimarishgan ekan, mehnatlarining samarasini albatta olishsin. Faqat olg‘a.

Lobar BOLTAYEVA suhbatlashdi.

 

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Balli Malades bunday yoshlarimiz bor ekan, davlatimiz yanada yuksala boradi.
    Menga berilgan fursatdan foydalanib men ham ABITURIYENTlarimizga Omad tilayman. Faqat olg'a to'xtash yo'q.