BUNDA HIKMAT BOR!

Assalomu alaykum. 

Mansurga.jpg

Bilasizmi, nega bu dunyoni “hikmatli dunyo” deyishadi? Chunki yaxshi ishda ham, biz uchun yomondek tuyulgan ishda ham bir xayr bor. Oramizda biror maqsadiga erisha olmaganligidan umidsizlangan, buguni va ertasini qora “fon”larda ko‘rayotgan zamondoshlarimiz uchrab turadi. Bu galgi maslahatlarimiz shu holga tushib ko‘rgan abituriyentlarimizga atalgan. 

“O‘qishga kira olmadim”.

“O‘qishga 3 yildan beri kira olmayapman”.

Qanday sovuq jumlalar-a? Lekin bularning “sovug‘i”  “Baribir kira olmayman” gapining oldida ip esholmaydi. Chunki 3-jumlada umidsizlik ifodalangan. Bundan O‘zi asrasin! Ne bo‘lganda ham, zahmatlar ortida rohatlar borligini his etib tursak bas. Ishonavering, biz bu olamimiz haqida hali ko‘-o‘-o‘p narsalarni bilmaymiz.

Hikoyat

Afrikalik qirolning yaqin do‘sti bor ekan. U hayotida qanday hodisa yuz bermasin, xushmi yoki noxushmi, “Bunda hikmat bor” degan gapni aytishga odatlangan ekan.

Kunlarning birida qirol ovga chiqibdi. Uning qurolini do‘sti  tayyorlab, o‘qlab qo‘yar edi. Bu gal u nimadadir xato qildi, shekilli, qirol o‘q otganda bosh barmog‘i uzilib tushdi. Bu holga guvoh bo‘lgan do‘sti, odatdagidek: “Bunda hikmat bor”, - dedi. Qirol bo‘lsa: “Bunda qanday hikmat bo‘lishi mumkin, axir men barmog‘imdan butkul ayrildim-ku!?” - deya do‘stini zindonga tashlatdi.    

Chamasi bir yil vaqt o‘tib, qirol bir jangda odamxo‘rlarga asir tushibdi. Ular qirolni bir yog‘ochga bog‘lab, olov yoqmoqchi bo‘lishgan ham ediki, uning qo‘lidagi barmoqlaridan biri yo‘q ekanligini payqab qolishibdi. Kanniballar tanasida nuqsoni borlarni yeyishmas edi, shu bois qirolni qo‘yib yuborishibdi. 

Uyga qaytgach, qirol zindonga - do‘stining oldiga boribdi. 

— Sen haq ekansan, — debdi qirol, — o‘shanda barmog‘imdan ayrilganim yaxshi bo‘lgan ekan.    

   U bo‘lgan voqeani do‘stiga so‘zlab beribdi.— Men seni zindonga solib, xatoga yo‘l qo‘ydim. 

— Yo‘q, — debdi do‘sti, — bunda hikmat bor! 

— Bu nima deganing? O‘z do‘stimni bir yilcha zindonda tutishimda qanday xayr bo‘lishi mumkin? 

— Agar men zindonda bo‘lmaganimda, odamxo‘rlarga yem bo‘lgan bo‘lar edim.

Xulosa o‘zingizdan. Biz esa baxtli abituriyentlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Kim baxtli abituriyent? Birinchi urinishdayoq imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘ta olgan abituriyentni eng baxtli deb hisoblasangiz, biroz tor o‘ylagan bo‘lasiz. Chunki… 

 Hikoyat

Sobiq bitiruvchilar o‘z professorlari uyiga mehmonga borishibdi. Ziyorat chog‘ida suhbat ish mavzusiga ko‘chibdi. Bitiruvchilar qiyinchiliklar va hayotiy muammolar ko‘pligidan nolishibdi.  

Professor mehmonlarni tushlikka taklif qilib, o‘zi oshxonadan qahvatayyorlagich, patnis va finjon (chashka) lar olib kelibdi. Finjonlar turli-tuman ekan: chinni, shisha, plastik, billur… Ayrimlari oddiy, ayrimlari qimmatbaho edi.

Bitiruvchilar finjonlarni tanlab oldilar. Professor ularga qarata dedi:

— E’tibor bering-a, chiroyli finjonlarning barchasi tanlab olindi, oddiy va arzonbaholari esa qolib ketdi. Eng yaxshilarini saralab olish sizlar uchun tabiiy holat, ammo muammolaringiz va ruhiy qiynoqlaringizning asl manbasi ayni shu narsa hisoblanadi.  Yodda tuting: finjon qahvaning ta’mini yaxshilay olmaydi, garchi u qimmatbaho bo‘lsa ham. Aslini olganda, sizga keragi finjon emas, qahva. Biroq siz ongli ravishda finjonlarni tanladingiz, kamiga boshqalarning qanday finjon  tanlaganini ham e’tiborsiz qoldirmadingiz. 

 Hayot – bu qahva, finjon esa qolgan narsalar, ya’ni ish, maosh, obro‘, jamiyat. Bu narsalar shunchaki hayotni to‘kis qiluvchi vositalar, xolos. Qanday finjonga ega ekanligimiz hayotimizning bosh mezoni emas. Ba’zan bor e’tiborimizni finjonga qaratib, qahvadan lazzatlanishni unutib qo‘yamiz. 

Yaxshi narsalarga ega bo‘lganlar emas, balki o‘zida bor narsalarning yaxshi tomonlarini ko‘ra olganlar baxtli odamlardir.

Sizga bir baxtli yigit haqida gapirib bersak. U uch yil o‘qishga kira olmadi. Nihoyat, to‘rtinchi yili talaba bo‘ldi. Yigit ikki yil imtihondan “yiqilgan” bir qiz bilan kursdosh bo‘ldi. Sevishdi. Turmush qurishdi. Yigit uch yil davom etgan omadsizlikning aslida Baxt ekanligini bildi. Mana, buni endi Siz ham bildingiz. Boridan yaxshilarini topib yashaylik. Qora tun ortida yorug‘ kun yashirinligiga ishonaylik. Zahmatlarga chidaylik, zero bunda hikmat bor. 

Mansur SIDDIQOV

2 ta izoh

  1. Gravatar

    Buni qachon anglash mumkin.

  2. Gravatar

    Rostdan ham hamma narsada hikmat bormi?