TALABALIK ZAHMATNI UNUTTIRADI!

Shahlo Allamova Xorazm viloyati Gurlan tumanida tavallud topgan. Gurlan ijtimoiy iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida tahsil olgan. Shu yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Davolash ishi fakultetiga davlat granti asosida qabul qilindi. Abituriyentlarimiz e’tiboriga u bilan qilgan suhbatimizni havola etamiz.

Фото0206.jpg

- Shahlo, sizni talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklab, birinchi savol bilan murojaat qilamiz: abituriyentlik davri qanday o‘tdi?

 - Qiyin bo‘ldi. Xorazmda va Toshkent shahrida tayyorgarlik ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Biror kun bo‘lmadiki, dars qilmagan bo‘lsam. Xudoga shukur, mehnatlarimiz o‘z samarasini berdi.

 - Kirish imtihonida to‘plagan ballaringizni abituriyentlarimiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

 - Jami 197, 8 ball to‘pladim. Biologiyadan 35 ta, kimyodan 31 ta, ona tilidan 22 ta to‘g‘ri ishlabman. 

- Biologiyadan 1 ta testni xato ishlabsiz. O‘sha test qaysiligini o‘zingiz bilasizmi?

 - Bilaman, shekilli. Masala edi. Ikkita variant ham to‘g‘riday ko‘rindi. Ikkilandim va bittasini belgiladim. DTM narigi variantni to‘g‘ri hisoblagan ko‘rinadi.

 - Biologiyadan qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz?

- Men bu fan bo‘yicha Respublika olimpiadasida ham ishtirok etdim. Shu bois ham olimpiadaga, ham kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rdim. Biologiya, asosan, yodlash orqali o‘zlashtirilgani bois ko‘pincha darsliklar bilan mustaqil ishladim. Ayrim bo‘limlar yuzasidan o‘rtoqlar bilan savol-javob qildik. Olimpiada kirish imtihonidan oldinroq bo‘lgani bois ham bahorgacha ko‘proq shu fanga urg‘u berdim.

 - Kimyo fanidan qanday savollar qiyinchilik tug‘dirdi?

 - Noma’lum moddalarni topish bo‘yicha testlar har doim ham menga qiyin bo‘lgan. Kirish imtihonida ham shunaqa testlar bor edi.

 - Tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirgan ayrim abituriyentlar kimyo fani ko‘p vaqt olganidan ona tili va adabiyot fani testini ishlashga ulgurishmaganini ta’kidlashadi. Siz ham shunday muammoga duch keldingizmi?

 - Yo‘q, men hammasiga ulgurdim. Lekin, tan olaman, kimyodan taxminan 10 tacha test ko‘p vaqtimni oldi. “Abituriyent” gazetasi tashkil qilgan VTS olimpiadasining final bosqichida g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri edim, biroq javob varaqasiga belgilashga ulgurmaganim bois kuchli uchlikdan chetda qolib ketgandim. Kirish imtihonida bundan o‘zimga yaxshi xulosa chiqardim.

- Ona tili va adabiyot fanidan 22 ta…

- Bu fandan tayyorgarligim a’lo darajada bo‘lmasa ham, ko‘nglim to‘q edi. Kirish imtihonida charchab qoldimmi yo hayajon bosdimi, adabiyotdan ko‘p xato qilib qo‘ydim. Lekin, tan olish kerakki, ona tili va adabiyot testlari men kutgandan ancha oson, kamiga ayrim testlar tanish ham edi.

 - Adabiyot fanidan qaysi darsliklardan ko‘p savol tushdi?

 - Kutilganidek, eng yangi darsliklar – 6- va 7-sinf adabiyotlaridan, yana akademik litsey darsliklaridan ko‘p savol tushdi.

- Kimyo va ona tili fanlari uchun yodlash emas, ko‘proq mantiqiy fikrlash talab etiladi. Bu fanlar bo‘yicha tayyorgalik qanday kechdi?

 - Kimyo va ona tilidan mavzuning mantig‘iga yetib olish muhimroq. Qancha ko‘p misol ishlasangiz,  test yechsangiz, shuncha foyda. Agar bu fanlarga sizda qiziqish uyg‘ongan bo‘lsa va IQngiz joyida bo‘lsa, ishingiz yanada oson kechadi.

 - Tayyorgarlik jarayonida qanday kun tartibiga amal qildingiz?       

 - Aniq bir vaqtni biror fanga ajratib reja tuzganim yo‘q. Ustozlar bergan vazifani ular belgilagan muddatga qadar ko‘ngildagidek bajarishga harakat qildim. Biologiyadan kitoblarni qayta-qayta ko‘rib chiqdim. Vaqtimni ustozlar ko‘rsatmasiga qarab sarfladim.

 - Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

 - Ota-onam va ustozlarimning xizmatlari katta bo‘ldi. Shu kungacha, qaysi fandan bo‘lsa ham, menga tahsil bergan barcha o‘qituvchilarimga rahmat aytib qolaman. Abituriyentlik davrida men bilan ishlagan  biologiya o‘qituvchilarim Roza opaga va Rustam akaga, kimyo o‘qituvchilarim Oydin opa va Otabek akalarga, ona tili ustozlarim Muhabbat opa va Mansur akalarga alohida minnatdorchilik bildiraman. 

 - Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

 - Yurtimizdagi barcha ustozlarimizni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy tabriklab qolaman. Zahmatli va sharafli yo‘lda aslo charchoq bilishmasin. Yurtimizga biz kabi kadrlarni tayyorlab berishda ularga kuch-quvvat va sabr tilab qolaman. Doim sog‘ va baxtli bo‘lishsin.

Abituriyentlarimizga omadning kattasi yor bo‘lsin. Bilim olish yo‘lida chekkan zahmatlari albatta o‘z samarasini bersin, deb qolaman. O‘zim guvohman: talaba bo‘lib olishsa, o‘sha zahmatlarni ko‘rmaganday bo‘lib ketishadi.

Siz – gazeta xodimlariga ham savobli ishlaringizda omad tilayman.

4 ta izoh

4 ta izoh

  1. Gravatar

    Tabriklimiz bizgayam talaba bo'lish nasib etsin.

  2. Gravatar

    Biz albatta talaba bo'lamiz...

  3. Gravatar

    shaxlo tabriklar

  4. Gravatar

    Ilohim bizga ham nasib etsin talabalik