PUL YOMG'IRI

att-money-rain.jpg

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Zamonaviy dunyoda butun qalblarga pul hirsi hukmronlik qilar ekan. O‘sha zamonda “Pul bo‘lsa, hamma narsani qilish mumkin”, “Baxtli bo‘lishning siri pulda” deydiganlar ko‘p ekan. Do‘stlar yig‘ilib qolsa, faqat puldan gaplashishar, “Bilasanmi, bu ko‘ylakni necha pulga olganman?”, “Ko‘zoynaging juda chiroyli ekan, necha pulga olding?”, “Salonda bir avtomobil ko‘rdim, narxini eshitsang og‘zing ochilib qoladi” degan gaplar deyarli barcha davralarda yangrar ekan. 

Ota-onalar ham uylarida faqat puldan gap boshlashar, “Shuncha pulim bo‘lganda, falon mashinani olar edim”, “Anavi brilliant ko‘zli tilla taqinchoqlarga shuncha pul yetmayapti” qabilidagi jumlalarni ko‘p qo‘llashar ekan.

Bolalarning ham asosiy muammolari pul bo‘lib, “Dada, falon narsaga shuncha pul bering. Falonchidagi o‘yinchoqdan olmoqchi edim” deyisharkan.

Boylarning ahvoli yana ham og‘irroq edi. Ular xususiy samolyot, yangi fabrikalar sotib olishmoqchi bo‘lishardi. Vaziyatga ehtiyojni qondirish uchun talab etiladigan pullar nuqtayi nazaridan baho bersak,  boylar kambag‘allardan ham kambag‘alroq ekanlar. 

Bu dard barcha davlatlar-u qit’alarni egallab bo‘lgan edi. 

Bir kuni barcha odamlarning istaklari qabul bo‘libdi. Kuzning seryog‘in tonglaridan birida uyg‘onib, derazadan qaragan odamlar hayrat va sevinchdan qotib qolishibdi. Tashqarida pul yog‘ayotgan edi.

Avvaliga yog‘ayotgan pullarni odamlar terib olishibdi, lekin keyinchalik qarashsa, pul hammayoqni qoplayotgan ekan.Butun dunyoda suv o‘rniga osmondan pul yog‘ar edi. Odamlar sevinchdan bir-birlarini quchoqlab tabriklashar edi. Ular pullarni olib avtosalonlarga, tilla taqinchoq do‘konlariga chopa boshlashibdi. Avvaliga hamma kerakli ashyolarni sotib olishibdi. Keyin ertaga pul yomg‘iri yog‘masligidan xavotirlanib, pullarni uylariga, yerto‘lalariga bosib qo‘ya boshlashibdi.Ammo pul yomg‘iri to‘xtamas edi va kishilar bu ishlarining bekor ekanligini seza boshlashibdi.  

Odamlar supermarketlardan o‘zlari xohlagan barcha narsalarni sotib olib bo‘lishibdi. Go‘yoki, jannatda yashayotganday edilar. Yomg‘ir ham yog‘ishda davom etar, bir kun yog‘may qolsa, ertasi kuni yana yog‘ar edi. Ammo bu boshqa muammolar paydo bo‘lishiga olib kelibdi. Endi kishilar ishlashni xohlamay qo‘yishibdi, chunki ularda hamma narsa yetarli-da. 

Hukumat ularni majburlab ishga chiqarishdi. Odamlar ham ish qilmasak hayotning qizig‘i qolmaydi deb ishga chiqishga rozi bo‘lishdi. Hammamiz ishlasak, sistema ham ishlaydi, pulimiz bor, mazza qilib yashaymiz deya ishxonalariga yo‘l olishibdi. 

Pul yomg‘iri esa yog‘ishda davom etar edi.

Oradan haftalar, oylar o‘tib boshqa muammolar ham ko‘rina boshlabdi. Butun dunyo suvsizlikdan qiynalgani yetmaganday, televideniye va gazetalarda bir noxush xabar paydo bo‘la boshladi. Dunyodagi butun ovqat zaxiralari tugay boshlaganmish. Yomg‘ir yog‘mayotgani sababli arpa, bug‘doy kabi donli mahsulotlar yetishtirilmayotgan, meva-sabzavotlar tugayotgan edi. Odamlar avvaliga shirinliklar bilan o‘zlarini ovuta boshladilar, lekin shirinlik zahirasi ham tugayotgan edi. Suvsizlikdan hayvonlar ham qirilib ketib, go‘sht ham muammoga aylanib bo‘lgan edi.

Ho‘l meva, quruq mevalar ham suvsizlik sababli tugab borar edi. Odamlarning puli ko‘p bo‘lishiga qaramay, ocharchilik xavfi qiynar edi. Xavf juda yaqin. Odamlar anchadan beri meva yeyishmayapti. Hammada pul bor. Biroq pul endi atrofni ifloslantiruvchi qog‘oz parchalariga aylanib ulgurgan edi.

Yomg‘ir yog‘mayotgani sababli chuchuk suv zahirasi ham tugab borardi. Dengiz suvlarining tuzi ortib ketgan, bir ho‘plam ham ichib bo‘lmas edi. Supermarketlar ham mahsulot yetkazib bera olmaganidan yopila boshlabdi. 

Odamlar olimlardan najot kutishar, olimlar ham nochor ahvolda edilar. Endi odamlar xudoga bu qog‘oz pullar o‘rniga yomg‘ir so‘ray boshlashibdi. Haqiqiy ne’mat nima ekanligini tushunib yetishibdi. Qog‘oz pullar faqatgina vosita ekanligini, haqiqiy baxt bu pullarda emasligini hamma ham tushunib yetgan edi.

Bir necha kunlik yolvorishlardan so‘ng osmonda qora bulut ko‘rinib, haqiqiy yomg‘ir tomchilay boshlabdi. Odamlar osmondan tushgan suvni ko‘rib pul yomg‘irini ko‘rgandagidan ham ko‘proq xursand bo‘lishibdi. 

Oradan bir muddat vaqt o‘tib olma, uzum, anor kabi ne’matlardan bahra ola boshlashibdi. Endi ularning asosiy mavzusi pul bo‘lmay qolgan, faqatgina ba’zan hazillashib “Olmani necha pulga olding?” – deb qo‘yadigan bo‘lishibdi. Kishilar endi mana shu bir dona olma uchun, kerak bo‘lsa, butun dunyoni berishga rozi edilar. Oldingi yomg‘irdan qolgan pullar esa keyingi yomg‘irlarda oqib ketibdi.

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments