POYABZAL

Odam uyiga o‘ychan va charchagan holda qaytar edi. Xayollari bilan shunchalik band ediki, ba’zan o‘zi bilan o‘zi gaplashar edi:

–Iltimos qilsam, uy egasi bir oy kechiktirib tursa, kelgusi oyda ikki oylikni bir qilib to‘lashga ko‘ndira olarmikanman… Keyingi oyda osmondan pul tushmaydi-ku. Ustiga ustak, uyning egasi ham to‘lib-toshib yotgani yo‘q. Men bergan pul bilan tirikchiligini zo‘rg‘a o‘tkazadi. Qarz so‘raydigan odam ham qolmadi…

Odam to‘lashi kerak bo‘lgan qarzlarining hisobini tugata olmay uyiga yetib  qoldi. U o‘z muammolarini uyidagilarga sezdirmas, oilasidagilarning ham siqilishini xohlamas edi. Uyga kirishdan oldin yuziga tabassum yugurtirdi. 

– Allooo! Men keldim. Uyda hech kim yo‘qmi? Toliqqan qariyani hech kim kutib olmaydimi?

Ayoli yugurib kelib uzr so‘radi: 

– Uzr, kelganingizni sezmay qolibman, - dedi va qo‘lidagi kostumini oldi. 

– Mening shirin qizim qayerda? Yashirinib oldimi? 

Ona javob bermay boshini egdi. 

– Nima bo‘ldi? Gapirsang-chi. 

Tupli.jpg

– Ichkarida yig‘lab o‘tiribdi.

– Nimaga yig‘layapti?

– Yangi tufli so‘rayapti.

– Bu mavzuda oldin ham gaplashgandik. Sotib olishga imkoniyatim yo‘qligini aytgan edim. Qolaversa, o‘ziniki hali yangi-ku.

– Eskigani uchun emas, dugonalari yangi chiqqan poyabzal kiyib yurgani uchun so‘rayapti.

– Onasi, iqtisodiy ahvolimizdan xabaring bor.

– Men bilaman…

– Men qizim bilan yana bir bora gaplashib ko‘ray. Bor, chaqirib chiq.

Onasi o‘rnidan turishni istamagan qizini majburlab, otasining yoniga olib keldi. Otasi qizini yoniga o‘tirg‘izdi. Imkon qadar qizini xafa qilmaslikka tirishib gap boshladi.

– Qizim, sen bilan bu mavzuda o‘tgan kun gaplashgandik. Hozir oyoq kiyim olishga pulimiz yo‘q. Axir oyog‘ingdagi hali yangi-ku?!

– Unda boshqalar qanday qilib yana tufli olyapti?

– Qizalog‘im, ularning iqtisodiy ahvoli yaxshidir, balki. Shu bois qiyinchiliksiz olishlari mumkin. Bir necha oyda bizning ishimiz ham yurishib qolar, shunda olib beraman.

– Men nima qilay, hamma dugonalarim olib kiyishyapti? Mening ham olgim kelyapti.

– Qizim, senga oyoq kiyim olsak, keyin pulimiz qolmaydi. Sen hozir tuflingni olib kel-chi, men bir ko‘ray.

Qizi shiddat bilan kelib, oyoq kiyimini yerga otdi. Odam qizining bu hurmatsizligini ko‘rmaslikka oldi. Qizi  tengi bolalar uchun bunday narsalar muhim ekanligini bilar edi. Ustiga, dugonalaridan biri qulog‘ini qizdirgan bo‘lishi mumkin.  Bunday vaziyatda fikr-u xayoli tuflidan iborat bo‘lib qoladi. Faqat otaning qo‘lidan hech narsa kelmas edi. Xonani uzoq sukunat egalladi.

Ayoli bo‘lsa, qizining bu ishidan eri asabiylashdi deya andisha bilan natijani kutar edi. Odam umidsizlarcha yana bir bor so‘radi: 

– Qizim, yana bir necha oy kiyib tursang…

– Eski dedimmi, eski. Kiymayman bu eski tuflini… 

Odam ich-etini yer edi. Biror madad istaganday ayoliga qaradi. Bir necha yillardan beri qiyinchilik bilan kun ko‘rishlariga qaramay, har safar ishdan qaytishida yuzida tabassum bilan kutib olgan vafokor ayol. Qo‘limdan hech narsa kelmaydi deganday qulochini ikki tarafga yoydi. Odam birdan o‘rnidan turib kiyina boshladi. 

– Qizim, modomiki, men bu oyoq kiyiming yangi desam ishonmayapsan, ko‘chadagi bir boladan so‘raymiz, aniqrog‘i, sen so‘raysan. Agar o‘sha bola oyoq kiyimlaring eski desa yoki yoqtirmasa, men senga o‘zing xohlagan tuflini albatta olib beraman.

Orzusidagi tuflidan umidini uzib bo‘lgan qiz bu gapni eshitib hayajonlanib ketdi. Tezgina kiyimlarini almashtirib chiqdi. Ota va qiz birgalikda ko‘chaga chiqishdi. Bir og‘iz ham gaplashmasdan bir necha ko‘chalarni kesib o‘tishdi. Nihoyat, ota bir burchakda o‘tirgan bolani ko‘rsatdi: 

– Anavi o‘tirgan boladan so‘raymiz. Sen bilan deyarli tengdosh. Borgin-da, so‘rab kelgin tuflim chiroylimi- yo‘qmi deb.

Qiz ishtiyoq bilan bolaning oldiga yugurib bordi. Bola unga hayron boqib turar edi. Qiz esa unga bir necha soniya qarab turgach, ko‘z yoshlari bilan otasi oldiga qaytib keldi. So‘ray olmagan edi. Otasi esa cho‘ntagidan mayda pul chiqarib bolaning oldidagi ro‘molchaga tashladi. Ikki oyog‘ídan ajragan, qo‘ltiqtayoqlar yordamida oyoqda turgan bola esa ularning ortidan hayron kuzatib qoldi…

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments