O‘YIN

Assalomu alaykum.

gameshow.jpg

Barchangizni uzoq kutilgan antiqa o‘yin guvohi bo‘lish uchun taklif qilamiz. To‘g‘ridan to‘g‘ri efirdamiz. Men, kaminayi kamtariningiz Togoman. Bu qanaqa ism bo‘ldi ekan, deb o‘ylamang, chunki bugungi o‘yin sharti bo‘yicha nafaqat ishtirokchilarning, balki boshlovchining ham ismi o‘zgartirib aytiladi.

O‘yinimizni “antiqa” dedik. Chunki hali bunaqasi bo‘lmagan, o‘yla-shimizcha, bundan keyin ham bo‘lmasa kerak. Qolaversa, o‘yinimizning nomi ham “O‘yin”.

Qarshimda 16 ta ishtirokchi. Ularning hammasini g‘oyibona, ya’ni minbarimizdagi 16 ta monitorimiz orqali jonli efirda ko‘rib turibmiz. Ular yarim yil davom etgan so‘rovnoma orqali minglab kishilar ichidan saralab olingan 16 omadli ishtirokchilar sanalishadi. Biz ularni “titanlar” deb atadik. Titanlarimiz orasida oyiga 100$ topadiganlari ham, 25000$ gacha ishlaydiganlari ham bor. Kasblari ham turlicha. Eng qizig‘ini aytaman: ular bugungi o‘yin shartidan ham, o‘zlarini nima kutayotganidan ham bexabarlar.   

Diqqat qiling, azizlar! O‘yin boshlandi!

I tur “O‘yin bilan tanishuv” deb nomlanadi. Titanlar shartlarimizni tinglab, o‘z roziliklarini bildirishlari lozim. Norozi ishtirokchi monitor orqali yonidagi qizil bayroqchani  ko‘rsatishi va o‘yinni tark etishi mumkin.

Hurmatli titanlar, tanishtirishni boshlayman. O‘yinimizning II turida siz kir yuvasiz, ovqat pishirasiz, xona tozalaysiz, hatto, bolalarning tagliklarini almashtirib, ularni cho‘miltirasiz. Fikr bildiring. 

Ana, xolos. 3 ta titan o‘z noroziligini bildirdi. Ulardan biriga yuzlanamiz. 

- Xo‘sh, Kara, nima bo‘ldi?

- Men ovqat pishirishni bilmayman. Qolaversa, hozirgi mavqeyim taglik almashtirishimga ruxsat bermaydi.

Iloj qancha, o‘yinimiz davom etadi. Hurmatli titanlar, agar siz I va II turlardan o‘ta olsangiz, III turda qiynalishingiz aniq. Chunki bu shartni bajarishingiz uchun bir kun, bir hafta, bir oy, hatto, bir yil to‘yib uxlamaslik talab etiladi. Ayrim kunlari umuman uxlamasligingiz ham mumkin. Marhamat, fikr bildiring.

Afsus, qolgan 13 kishidan naq 12 tasining qo‘lida qizil bayroq ko‘rinyapti. Ulardan biriga yuzlanamiz.

 - Solo, siz nega shuncha qiynalib o‘yinga keldingiz-u, birpasda uni tark etyapsiz? Shartimiz qiyinlik qilyaptimi?

- Bu shartni bajarish imkonsiz. Siz, yaxshisi, shartni bajarishga rozilik bildirgan anavi titanga yuzlaning. Menimcha, uning qo‘llari ishlamay qolgan, yo‘qsa bayroqni albatta, ko‘tarardi.

Sologa va boshqa titanlarga ham omad tilab, I turni davom ettiramiz. 

Qahramonimizga yuzlanamiz.

- Dano, rostdan uxlamaslikka rozimisiz?

 - Ha, kasbim taqozosi bilan o‘zi kam uxlayman. Antiqa, murakkab o‘yin bo‘ladi degan gaplaringizga ko‘ra katta sovrin tikilgan deb o‘yladim. Shu bois ishdan ham bo‘shadim. Vaqtim bemalol. Yana ozgina harakat qilsam, maqsadimga erishaman degan umiddaman. 

- Juda xursandman, Dano. Sizga I turning so‘nggi shartini e’lon qilaman. Sizga bir ish topib beramiz. Aytilganidek, u kam uxlashni talab qiladi. Lekin yana bir tomoni bor: o‘yinimizga hech qanday sovrin tikilgan EMAS. Siz tekinga ishlab berasiz.  

- Bunisi endi oshib tushdi, boshlovchi Togo. Shu shartlarni avvaldan bilganimda monitorda ko‘rinmay qo‘ya qolardim. Mana qizil bayroq. O‘yiningiz o‘zingizga siylov!

Afsus, afsus, ming bor afsus. O‘yinimiz I turning o‘zidayoq yakun topadigan bo‘ldi. Hech kim o‘yin shartlarini bajarishga harakat ham qilmadi. Shartni eshitishdi-yu, biz bilan xayrlashishdi. 

Ayrimlar biz aytgan ishlarni qilishni o‘zlariga ep ko‘rmagan bo‘lsalar, yana ayrimlar uni qila olmasliklarini tan oldilar. Ba’zilar esa bu ishlarni bajarish mumkin emasligini, u odam zotining qo‘lidan kelmasligini ta’kidlashdi. Azizlar, bu ishni qila oladigan emas, balki har kuni qiladigan odamlar bor oramizda. Axir, ular bizning mehribon onalarimiz-ku.  

O‘yin tugadi. Omon bo‘ling!

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments