MANZIL KO‘RINIB TURSA!

Qoraboyeva.jpg

Munisa Qoraboyeva Toshkent shahrida tavallud topgan. Shayxontohur tibbiyot kollejida tahsil olgan. Joriy yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga grant asosida qabul qilindi. Abituriyentlarimiz e’tiboriga u bilan qilgan suhbatimizni havola etamiz.

- Munisa, avvalo, talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklaymiz!

 - Rahmat.

 - Sir bo‘lmasa, kirish imtihonida necha ball to‘pladingiz?

 - 230,6 ball.

- Fanlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar qanaqa bo‘ldi?

- Ijodiy imtihondan 50 ball to‘plagan bo‘lsam, ona tili va adabiyotdan 27 ta, tarixdan 32 ta va ingliz tilidan 27 ta to‘g‘ri ishladim.

- Tarixdan yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rdingizmi?

 - Bu yog‘i qiziq bo‘ldi. Men Xalqaro jurnalistika kirish imtihonlarida tarix 3-fan (1,1 ballik fan) deb yurgan ekanman. Shuning uchun tarixni bor kuch bilan o‘qimayotgan edim. Bahorning oxirlarida bilib qoldimki, ingliz tili

3-, tarix esa 2-fanim ekan. Lekin uydagilar va ustozlarning daldasi bilan tushkunlikka tushmadim va asosiy e’tiborni tarixni o‘zlashtirishga qaratdim. Shu 3 – 4 oy ichida ustozim Asliddin akaning xizmatlari katta bo‘ldi. Ular bergan materiallar, xronologik jadvallar, savol-javoblari yuqori natija olishimga katta ko‘mak berdi.

 - Shu bois ona tili va adabiyotdan kamroq ishladingiz...

 - Ona tilidan yozgacha olgan bilimlarimga ishondim. Albatta, tashlab qo‘ymadim, lekin eng zaif bo‘g‘inim tarix bo‘lgani bois asosiy e’tiborni unga qaratishga to‘g‘ri keldi.

- Tarixdan 36 ta yechishingizga nima to‘sqinlik qildi?

 - Mening vaziyatimda 32 ta – bu juda katta natija. Buni tarixni  o‘qigan abituriyent va talabalar tasdiqlashsa kerak. Shuning uchun o‘qishga kirganimga qanchalik xursand bo‘lgan bo‘lsam, tarixdan mehnatlarim samara berganiga shunchalik quvondim. Tarixdan 36 ta yecha olishimga hozir o‘zimda ishonch bor. Agar sal ertaroq, masalan, yanvarlardan bo‘lsa ham tarixni shunchalik jahd bilan o‘qiganimda, balki, uddalagan bo‘larmidim.

 - Kirish imtihonida qaysi darsliklardan  va qaysi mavzulardan ko‘proq test tushdi? Bu abituriyentlarimizga juda kerak. 

 - Ona tilidan testlar qiyin bo‘lmadi. Savollar qaysi darslikdan tuzilganini bilmayman-u, lekin ustozimiz o‘tgan, test ishlatgan materiallardan tushdi. Adabiyotdan, asosan, akademik litsey darsliklari asosida tayyorlangandim, menga ko‘proq maktab darsliklaridan test tushdi. Ayniqsa, 2013-yilda yangi qo‘shilgan o‘rinlar, masalan, O‘lmas Umarbekov asarlaridan. Ayrim testlar abituriyentlik paytimizda yechgan testlar bilan bir xil edi.

- Tarixdan-chi?

- Tarixdan tushgan 7 ta test I, II kurslar darsligidan, abituriyentlar tili bilan aytganda, Qamariddin Usmonovdan tuzilgan edi. Bilmaydigan savolim tushmadi hisobi. Ayrim ikkilangan o‘rinlarim bor edi, omadim kelmabdi, shekilli, taxminlarim xato chiqibdi.

 - Ingliz tiliga ham to‘xtalsangiz.

- Ingliz tilidan matnli savollar ikki barobar kam tushdi. Matnli savollar ko‘p vaqtni olgani uchun menga uncha yoqmaydi.

 - Kirish imtihonida yechgan testlar darajasini qanday darajada deb baholaysiz?

 - O‘rtacha. Abituriyentlik davrida ishlagan, “Abituriyent” gazetasida berilgan testlardan ancha oson.

- Barcha fanlarni o‘zlashtirishda qanday umumiy qoidaga amal qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

 - Buni o‘zimga o‘zim kashf qildim: maqsad bilan o‘qish kerak ekan. Men o‘tgan yili “el qatori” o‘qigan edim – “o‘xshamadi”. Bu yili o‘zimni Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi qiyofasida tasavvur qilib, bunday zavqqa erishish uchun kuch va vaqtni ayamaslik kerakligini his qilib ko‘rdim. Manzil uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rinib tursa, yaxshi-da, astoydil harakat qilasiz.

- Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

 - Sharoit yaratib berganliklari uchun ota-onamdan xursandman. Eng katta tashakkurim tarix fani ustozim Asliddin akaga. Menga saboq bergan ona tili ustozlarim Muzaffar aka va Mansur akalarga, ingliz tili ustozim A’zam akaga

cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. “Abituriyent” gazetasi va abituriyent.uz sayti xodimlariga ham rahmat aytib qolaman. VTS olimpiadasi saralash bosqichida qatnashib, bilimlarimni ancha mustahkamlab oldim. Afsuski, finalda ijtimoiy yo‘nalishlar ishtirok etishmadi. Shunday bo‘lsa-da, olimpiada tashkilotchilariga rahmatimni aytib qolaman.

- Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

- Yaqinlashib kelayotgan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” bilan barcha ustozlarimni tabriklab qolaman. Ishlarida omad tilayman. Abituriyentlari talaba bo‘lgandagi quvonchlari bir umr hamrohlari bo‘lib qolsin. Talabalarning rahmatini eshitishdan charchashmasin.

archa abituriyentlarimizga omad tilayman. Aniq maqsad qo‘yib, unga yetishish uchun astoydil harakat qilgan abituriyentlar mehnatlarining samarasini albatta olishadi.

                                                                                              Lobar BOLTAYEVA suhbatlashdi.

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Munisa tabriklayman. Talabalik qulluq bo'lsin.