ENG MUHIM ON

Qadim zamonlardagi qirollardan biri eng muhim on qachonligini, eng muhim kishi kimligini va qilishim kerak bo‘lgan eng muhim ish qaysiligini topsam, boshlagan har bir ishimni uddalar edim degan xulosaga kelibdi. Vazirlaridan, olimlaridan tayinli javob ololmagan qirol bir chodirda yashaydigan donishmandning yoniga otlanibdi. Donishmand faqat xalq bilan suhbat qurardi, shu sababli u oddiy fuqaroday kiyinib olibdi.  

Qirol manzilga yaqinlashgach, otdan tushib, qo‘riqchilarni uzoqroqda qoldiribdi va o‘zi donishmand tomonga otlanibdi. U yerda donishmand chodir atrofidagi gullarning tagini chopayotgan edi. 

- Ey donishmand, sizga muhim savollarim bor edi - so‘z boshlabdi qirol.  - To‘g‘ri ishni to‘g‘ri vaqtda qila olishni qanday o‘rgansam bo‘ladi? Eng foydali bo‘lgan va shu sababli ko‘proq e’tibor berishim kerak bo‘lgan kishi kim? Va eng muhimi: qilishim kerak bo‘lgan eng muhim ish nima?

Donishmand diqqat bilan qirolni tinglagach, o‘z ishida davom etdi. 

–  Charchagandirsiz?! - dedi qirol donishmandga, – keling, kurakni bering, siz biroz dam oling. 

–  Rahmat, –  debdi donishmand va kurakni qirolga uzatdi-da, o‘tirib dam ola boshladi. 

Qirol biroz ishlagach, donishmanddan savollarini yana qaytadan so‘radi. Donishmand esa o‘rnidan turib kurakka qo‘lini uzatdi va “Charchagandirsiz, keling biroz men chopay”, – dedi. Qirol esa kurakni bermay o‘zi chopishda davom etdi. Oradan soatlar o‘tgach, qirol kurakni yerga sanchdi-da, donishmandga yuzlandi: “Ey donishmand, men sening yoningga savollarimga javob olish uchun keldim, agar javob bermaydigan bo‘lsang, men uyimga ketay”, – dedi.

Donishmand uzoqqa tikilib: “Qara, kimdir yugurib kelmoqda, – dedi, – qaraylik-chi, kim ekan, nima ishi bor ekan?” 

Qirol ortiga o‘girilib qaraganda ularning oldiga bir kishi yugurib kelayotgan edi, uning qornidan esa qon oqardi. Qirolning yoniga kelgach, bir oh urdi-da, hushidan ketib yiqildi. Qirol donishmand bilan birgalikda odamning kiyimlarini yechib, yarasini yuvishdi, malham surishdi. Qonni to‘xtatgach, yarani yaxshilab bog‘lab, yarali odamni ichkariga ko‘tarib yotqizishdi. Shundan so‘ng qirol quduqqa borib suv olib keldi. Qirol esa charchab uxlab qoldi va uzoq vaqtdan so‘ng uyg‘ondi. Uyg‘onganida tepasida bir notanish odam turar edi. Qirol uni tanib olishga urindi. Qirolning uyg‘onganini ko‘rgan odam tilga kirdi: 

–  Meni kechiring, hazrati oliylari! Qirol: 

–  Sizni tanimasam, uzr so‘raydigan nima ish qildingiz? – hayron bo‘ldi qirol. 

–  To‘g‘ri, siz meni tanimaysiz, ammo men sizni taniyman. Siz mening akamni o‘limga hukm qilib, mol-dunyosini musodara qildirgansiz. Sizdan o‘ch olishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ygandim. Donishmandning oldiga yolg‘iz kelganingizni eshitib, qaytishingizni kutib yo‘lda poylab yotdim. Lekin kech bo‘lsa-da qaytmadingiz. Sizni qidirib yo‘lga tushdim. Yo‘lda yasovullaringiz meni tanib qolishdi. Ulardan amallab qochib qutuldim-ku, lekin yarador bo‘lib qoldim. Bu yaramga siz malham qo‘ydingiz, aks holda, qon yo‘qotishdan o‘lishim mumkin edi. Men sizni o‘ldirishni istagandim, siz mening hayotimni saqlab qoldingiz. Agar siz meni afv etsangiz, sizning sodiq qulingiz bo‘laman, o‘g‘illarimga ham sizning amringizdan chiqmasliklarini buyuraman. 

Qirol dushmani bilan shunchalik osonlik bilan yarashib olganidan mamnun edi. Shu sababli u odamni o‘z tabibiga davolatishni, akasining boyliklarini qaytarib berishni va o‘zini xos odamlaridan biri qilib olishni diliga tugib qo‘ydi.

Qirol tashqariga – donishmandning oldiga chiqsa, donishmand yana gullari bilan ovora edi. Qirol donishmanddan kechagi savollariga javob istadi.

 –  Siz savollaringizga allaqachon javob oldingiz, - so‘z boshladi donishmand, - agar kecha siz rahmingiz kelib qo‘limdan kurak olmaganigizda edi, bu yerdan qaytib ketar va yo‘lda do‘stingizning hujumiga duch kelar edingiz. Demak, kechagi vaqtda sizga eng muhim on gullarning tagini yumshatgan oningiz edi. Siz uchun eng muhim shaxs men edim va siz uchun eng muhim ish menga yaxshilik qilish edi.  

Keyinroq yarador odam yoningizga chopib keldi. Endi siz uchun eng muhim on unga yordam bergan oningiz edi. Agar uning yarasiga malham bog‘lamasangiz, u siz bilan yarashmasdan o‘lar edi. Shu sababli siz uchun eng muhim odam u edi va eng muhim ish unga yordam berishingiz edi. 

Donishmand shu gaplarni so‘zlagach, eng muhim o‘gitini berdi: 

- Siz uchun eng muhim on yashab turgan oningizdir. Unutmang: faqat o‘sha onda qo‘lingizdan nimadir keladi. Siz uchun eng muhim odam esa o‘sha onda yoningizda turgan odam. Chunki hech kim yana kim bilandir uchrashish yoki uchrasha olmasligini bilmaydi. Va siz uchun eng muhim ish yaxshilik qilishdir. Chunki dunyoga kelishingizning asosiy sababi shudir…

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments