DIPLOMATIYAGA TOPSHIRAMAN!

Diplo copy.jpg

Garchi tayyorgarlik jarayoni boshlanib ketgan bo‘lsa-da, ba’zi abituriyentlar qayerga, hatto, qaysi yo’nalishga hujjat topshirishni hali hal qila olganlaricha yo’q. Ular universitetlarni bir-biri bilan solishtirish bilan band, qaysi birida o‘tish balli qanchani tashkil etgani bilan astoydil qiziqishmoqda. 

Aslida, qayerga topshirish hozirgi kunning mavzusi emas. Ya’ni yo‘nalishlar bo‘yicha bir necha universitetlardan birini tanlash mumkin. Lekin hozirgi kunda sizning 11 oy keyingi holatingiz qanday bo‘lishini hech kim ayta olmaydi. Ehtimol, juda ham kuchli tayyorlanib ixtiyoriy universitetni zabt eta olarsiz, ehtimol, dong‘i ketgan oliy o‘quv yurtiga topshirishni orzu qilish bilan band bo‘lib, bilimingizni umuman oshira olmassiz.

Siz shu kunlarda yo‘nalishingizni aniq tanlab oling. Shunday tanlangki, yilning yarmida yo‘nalishingizni almashtirishga majbur bo‘lmang. 

Dunyoda qobiliyatsiz insonning o‘zi bo‘lmaydi. Faqat har bir insonning turli narsalarga qobiliyati bo‘ladi. Kimdir aniq fanlarga, mantiqiy fikrlashlarga qobiliyatli bo‘lsa, yana kimdir xotirasidan unumli foydalanib ko‘p narsani eslab qola biladi. O‘zingizning qaysi biriga qobiliyatliroq ekanligingizni siz o‘z tajribangizdan yaxshiroq bilasiz. Shundan kelib chiqib yo‘nalishingizni tanlasangiz bo’ladi.   

Noto‘g‘ri tanlangan yo‘nalish yil davomida sizni ham, o‘qituvchingizni ham qiyinchiliklarga duchor qiladi. Aslida, ma’lumotlarni eslab qolishdan ko‘ra mantiqiy fikrlashga qobiliyatingiz yaxshiroq bo‘la turib, tarix fanini o‘zlashtirmoqchi bo‘lsangiz, yil davomida o‘zingizni majburlashingiz lozim bo‘ladi. O‘zingiz qiziqqan sohani o‘qib o‘rganish esa keyingi mavzularni o‘rganishga va o‘zlashtirishga motivatsiya vazifasini o‘taydi. 

Yana shunday holatlar borki, kimlardir bir yili texnika (matematika, fizika, ona tili) yo‘nalishida tayyorgarlik ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lgach, ijtimoiy (ona tili, ingliz tili, tarix) yo‘nalishiga (yoki aksincha) o‘tib olishmoqchi bo‘lishadi. Go‘yoki narigi fanlar osonday. Bir yil qaysidir fandan ta’lim olgan abituriyent, aslida, uning o‘zagini o‘zlashtirib olgan bo‘ladi. Yana bir yil astoydil, shavqni yo‘qotmasdan tayyorlanish uning bilimini yanada oshirib yuboradi. Aksincha, boshqa yo‘nalishga o‘tib, hammasini “nol”dan boshlash esa yana bir yilni abituriyentlik uchun qurbon qilishga teng. Chunki hech qaysi fan oson emas. Hammasining o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor.

Bu gapimizga o‘tmishdagi abituriyentlarni isbot shaklida keltirishimiz mumkin. Ular bir yili o‘qituvchisidan dong‘i ketganroq oliy o‘quv yurtiga kirishga ruxsat so‘raydi. O‘qituvchisi u yerga kuchi yetmasligini, balli pastroq oliy o‘quv yurtini tanlashini aytadi. Lekin o‘sha ta’lim dargohida talaba bo‘lishni orzu qilgan abituriyent baribir hujjatlarini o‘sha oliy o‘quv yurtiga topshiradi va natijada keyingi yil yana abituriyent bo‘ladi. Ikkinchi yili o‘tgan yilgidan ko‘ra ko‘proq mehnat qiladi. Mavzularni yaxshi o‘zlashtiradi. Yil oxirida esa o‘qituvchisining oq fotihasi bilan o‘sha oliy dargohga topshiradi va grant asosida talaba bo‘ladi.

Bo‘lib o‘tgan ushbu hayotiy voqeani eslashdan murodimiz: ikkinchi yoki uchinchi yilgi maqsadli tayyorgarlik sizni albatta talabalik sari yetaklaydi.

Yo‘nalishingizni to‘g‘ri tanlab olib, tayyorgarlik boshlashdan oldin, xuddi eng yuqori oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘rayotganday harakat qiling. U yerda davlat granti asosida o‘qish uchun 215 dan yuqori ball to‘plashingiz kerakligini, shu ishni o‘zingiz uddalay olishingizga ishonib harakat qiling. 

Past balli universitetni tanlab olib, shu yerda kontrakt asosida o‘qisam ham bo‘laveradi desangiz, bu sizning tayyorgarli-gingizga jiddiy futur yetkazadi. Avvaliga qiyin mavzularni o‘zlashtirishim shartmas degan xulosa tug‘ilsa, keyinchalik umuman dars tayyorlamasam ham 100 ballni to‘play olaman-ku degan fikr paydo bo‘ladi. Bu esa, oxir-oqibat, shu ballni ham to‘play olmaslikka olib keladi.

Siz yil davomida bilim olib, turli usullar bilan ularni qanday o‘zlashtirganingizni bilib borasiz. Iyun oylarida necha ball to‘play olishingiz haqida taxminiy fikrga ega bo’lasiz. O‘qituvchingiz bilimingizni baholab qaysi oliy o‘quv yurtiga kuchingiz yetishini belgilab beradi. O‘sha vaqtga qadar esa siz javlon urib mehnat qilishingiz, bilimingizni oshirib borishingiz lozim. Bir necha yillik tajribaga ega abituriyentlar bilan bellashishingiz lozim. Sizni haqiqiy jang kutmoqda. Shashtingizni tushirmang!

Azimjon MAHMUDOV
3 ta izoh

3 ta izoh

  1. Gravatar

    Bu maqola huddi men uchun yozilgandek. Kelasi yil diplomatiyaga, endi grantga !!!

  2. Gravatar

    Diplomatiya 1-grant maniki hech kim ko'z olaytirmasin xo'pmi?

  3. Gravatar

    Moliyaga topshiraman!