VTS G‘OLIBLARI

O‘tgan o‘quv yilida VTS olimpiadasi natijalari bilan o‘quvchilarimizni tanishtirganmiz. Biz o‘sha olimpiadada ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan abituriyentlarning kirish imtihonlarida qayd etgan natijalari bilan ham qiziqdik. Albatta, ularning natijalari bizni juda quvontirdi va haqli ravishda g‘oliblar safidan joy olishganiga amin bo‘ldik. Ular bilan telefon orqali suhbatlashdik. Quyida ularning mulohazalarini  sizga havola qilmoqdamiz.

Iqtisodiyot yo‘nalishi

1. Komil Hakimov (Navoiy viloyati)

Toshkent Moliya institutining Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi. Matematikadan 32 ta, ingliz tilidan 36 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 35 tadan yechib, 213,3 ball to‘pladi.

- Xudoga ming bora shukur, davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildim. Ota-onam, tanish-bilishlarim va o‘qituvchilarim oldida yuzim yorug’ bo’ldi. Qilgan mehnatlarim zoye ketmadi.

VTS olimpiadasi mening talabalikka erishishimda juda ham katta yordam berdi. Saralash bosqichi va yakuniy bosqichda tengdoshlarimiz bilan raqobatlashib, ulardan o‘zib ketishga harakat qilishning o‘ziyoq tayyorgarligimizni ancha o‘stirib yubordi. G‘oliblik imtihondan oldin ruhiyatimni ko‘tardi. Bu olimpiadada qatnashgan abituriyent albatta o‘ziga kerakli narsani oladi.

2. Rahmonjon Usmonov (Farg‘ona viloyati)

Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Menejment yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi. Matematikadan 35 ta, ingliz tilidan 29 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 23 tadan yechib, 194,7 ball to‘pladi.

– Xursandchiligim cheksiz. Buni til bilan ta’riflab bera olmayman. Ota-onam juda ham xursand. Har holda, oilamiz budjetiga judayam katta foyda keltirdim. Kirish imtihonidagi savollar unchalik qiyin emasdi. Ko’pchilik savollar qaytarildi. Informatikadanam savollar qiyin emas edi. Ona tili fanidan “Abituriyent” gazetasidagi bir savol aynan takrorlandi. O‘sha savolni gazetada ko‘rganimda yecha olmagan va kitoblardan javobini qidirib topgan edim. Shu ish menga kirish imtihonida qo‘l keldi.

VTS olimpiadasi tashkilotchilariga juda ham katta rahmat. Hozirgi kunda odamlar o‘z yaqinlariga vaqt, e’tibor ajratmayotgan bir vaqtda ular bizni qo‘llab-quvvatlashdi. Ular sababli biz ko‘p narsalarni o‘rgandik. Bu yilgi abituriyentlarga ham sentabr oyidan boshlab barcha turlarda ishtirok etishni tavsiya qilaman.

Yangi ishtirokchilarga omad tilayman. Bu olimpiadada toblangan abituriyent o‘z-o‘zidan kirish imtihoniga tayyorlanib qolar ekan.

3. Musulmon Malikov (Qashqadaryo viloyati)

Toshkent Moliya institutining Bank ishi yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi. Matematikadan 36 ta, ingliz tilidan 32 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 28 tadan yechib, 209,6 ball to‘pladi.

– "Navoiy" ATM ga iyul oyidagi test sinovlariga borgandim. Natijam kutganimdan ancha past chiqdi. Lekin sinov kuni qayerlarda xato qilganim va kamchiliklarim haqida bilib oldim. Mening uchun eng muhimi shu edi. Shu sababli test tashkilotchilarining hammasiga katta rahmat aytaman.

VTS olimpiadasining saralash bosqichi 6 oylar davom etdi. Har 14 kun ichida bitta gazeta chiqishi hammaga ma'lum. Ana shu 14 kunni juda sabrsizlik bilan kutardim, chunki keyingi sonda savollar qanaqa bo'larkan, nechtasini yecha olarkanman, necha ball olarkanman, bilimimdagi o'zgarish qanaqa ekan kabi savollarga javob olishni istardim. Har bir sonni o'zgacha bir zavq bilan o'qib, o'rganib chiqardim. Bu narsalar 1-avgustdagi imtihonda juda katta foyda berdi.

O'qishga kirganlarni "TALABALIK BAXTI" bilan tabriklayman! Kirolmaganlar aslo xafa bo'lmasligi kerak. Balki, bu yilgi mag'lubiyat uchun keyingi yil sizni "GRAND" kutmoqdadir...

Men, undan tashqari, barcha ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Mening ushbu muvaffaqiyatga erishishimda ularning o‘rni beqiyos.

VTS olimpiadasi tashkilotchilariga ham katta rahmat. Qatnashchilarga omad yor bo‘lsin. Bu olimpiadada qatnashib hech narsa yo‘qotmaysiz.

Tibbiyot yo‘nalishi

1. Davlatbek Aktamov (Sirdaryo viloyati)

Toshkent Tibbiyot akademiyasining Davolash ishi yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi. Biologiyadan 34 ta, kimyodan 33 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 23 tadan yechib, 200,0 ball to‘pladi.

– Grant asosida talabalikka erishganimdan cheksiz xursandman. Bu xursandchilikni his qilish uchun faqat davlat granti asosida o‘qishga kirish kerak. Albatta, bu – bizning tinimsiz mehnatlarimiz samarasi. Tayyorgarlik jarayonida eski testlarni ko‘rib chiqish qo‘l keldi. Chunki kirish imtihonida 2012- va 2013-yillardagi savollar takrorlandi. Balki, shu sababli ham ballarimiz yuqori bo‘lgandir. Undan tashqari, biz gazetada yechgan testlarimizga ham kirish imtihonida duch keldik.

VTS olimpiadasida orttirilgan tajriba, garchi faqatgina yakuniy bosqichida bir martagina ishtirok etgan bo‘lsak-da, hayajonimizni yengishga yordam berdi. “Abituriyent” gazetasi va olimpiada tashkilotchilaridan juda ham minnatdorman. Gap bo‘lishi mumkin emas. Bu yilgi abituriyentlarga ham bu olimpiadada ishtirok etishni tavsiya etaman.

2. Ismatilla Hakimov (Toshkent viloyati)

Toshkent Tibbiyot akademiyasining Tibbiy pedagogika yo‘nalishiga to‘lov-shartnoma asosida qabul qilindi. Biologiyadan 32 ta, kimyodan 29 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 13 tadan yechib, 174,4 ball to‘pladi.

- Natijam bundan yuqoriroq bo’ladi, deb o’ylagandim, biroq shunga ham shukur. Talaba bo’lishimda oila a’zolarim, ustozlarim va do’stlarimning o’rni katta, deb bilaman. “Abituriyent” gazetasi xodimlariga alohida minnatdorchilik bildiraman. Ular tashkil qilgan VTS olimpiadasi talaba bo’lishimda katta rol o’ynadi. Rostini aytganda, shu olimpiadaning final bosqichigacha bo’lgan oraliqda qiyin testlar bilan bizni rosa “terlatishdi”. Saralashning qoq yarmida turnirni shartta tashlab ketish niyati ham bo’ldi, biroq atrofdagilarning daldasi bilan oxirgacha kurashdim va finalda sovrindor bo’ldim. Ana shu natija kirish imtihonida ham kayfiyatim a’lo, ishonchim yuqori bo’lishini ta’minladi.

            2015-yilda talaba bo’lishni diliga tugganlar bo’lsa, bilimini, sabrini sinab olmoqchi bo’lsa, VTS olimpiadasida qatnashsin. Hamma abituriyentlarga omad!

3. Bahodir To‘raqulov (Sirdaryo viloyati)

Toshkent Tibbiyot akademiyasining Davolash ishi yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi. Biologiyadan 33 ta, kimyodan 32 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 32 tadan yechib, 204,7 ball to‘pladi.

– Tibbiyot akademiyasiga kirish qiyin. Davlat granti asosida kirganim butun qishlog’imizda shov-shuv bo‘lib ketdi. Kalkulatorsiz o‘z bilimim bilan kirdim. Kirish imtihonidagi savollar ham osonroq edi. Aniqrog‘i o‘qigan odamga osonroq edi. Ayniqsa, “Abituriyent” gazetasida chop etilgan testlar juda katta yordam berdi.

VTS olimpiadasining saralash bosqichida qatnashib borib, bilimimni oshirib bordim. Yakuniy bosqichda 3-o‘rinni oldim. Yakuniy bosqich va DTM testlaridagi ballarimning farqi esa “Abituriyent” gazetasi testlarining biroz qiyinligi bilan izohlanadi. Keyin o‘shanda kalkulatorsiz bilimimni sinab ko‘rgan edim. Undan so‘ng, imtihonga qadar kalkulatorsiz ishlashni mashq qilib, yaxshi natijaga erishdim.

Bu yil abituriyentlariga muntazam qatnashib borishni tavsiya qilaman. Saralash bosqichi bilimni orttirib boradi. Final bosqichida qatnashsa yana yaxshi, xuddi kirish imtihoniday atmosfera yaratib beriladi. Agar u yerda o‘rin olsa, o‘ziga bo‘lgan ishonch ortadi, aks holda, kamchiliklarini bilib olib ularni bartaraf etadi.

“Abituriyent” gazetasiga, xususan, VTS olimpiadasi tashkilotchilariga kattta rahmat.

Texnika yo‘nalishi

1. Davron Razzoqov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mang‘it shahri)

O‘zbekiston Milliy universitetining Matematika yo‘nalishiga to‘lov-shartnoma asosida qabul qilindi. Matematika va fizikadan 32 tadan, ona tili va adabiyot fanidan esa 11 ta yechib, 178,5 ball to‘pladi.

– Men to’lov-shartnoma asosida kirganlar ichida 2-o‘rinda turibman. Atigi 0,9 ball yetmadi. Lekin bu narsa kayfiyatni tushirishga arzimaydi. Garchi shartnoma asosida bo‘lsa ham talabalikka erishdim-ku, shuning o‘zi katta baxt. Mening talaba bo‘lishimda ota-onamning xizmatlari judayam katta.  VTS olimpiadasi final bosqichida Azimjon aka, olimpiadada qatnashib o‘rin olgan abituriyent albatta oliygohga kiradi, degan edilar. Shu gaplari rost ekan. Mana, talaba degan nomga ega bo‘lib turibmiz.

Kirish imtihonidagi savollar VTS olimpiadasi savollariga nisbatan oson edi. Shu sababli bu yilgi olimpiada ishtirokchilariga maslahatim: olimpiadada pastroq ball olib qo‘ysangiz hech xafa bo‘lmang, chunki kirish imtihonida albatta undan yuqori ball to‘playsiz. “Abituriyent” gazetasining har sonini qoldirmasdan ishlab borsangiz, bilimingizni sinab borsangiz maqsadga muvofiq. Toshkentga grant asosida kirish, albatta, har bir abituriyentning orzusi bo‘lsa kerak. Buning uchun albatta 3-fan kerakligini tushunib yetdim. Asosiy kamchiligim ham 3-fanni o‘qimasligim edi. Bu yilgi abituriyentlarga shu kamchilikni qaytarmasliklarini, shu fandan bitta savolni yecha olmaslik insonni ko‘p narsadan ayirishi mumkinligini amalda ko‘rsatib berdim.

Olimpiadada o‘rin olganim talaba bo‘lishimga bo‘lgan ishonchimni orttirdi. Olimpiadada yangi do‘stlar orttirdim. Bizning kollejimizda aniq fanlarni o‘qitishga katta e’tibor beriladi. Va bu kollejdan keyingi VTS olimpiadasida qatnashish istagida bo‘lgan abituriyentlar ko‘plab topiladi.

Men barcha ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. “Abituriyent” – bu eng zo‘r gazeta.

2.  Fotihxo’ja Mahmudxo‘jayev (Farg‘ona viloyati)

Toshkent temir yo‘llar institutiga davlat granti asosida qabul qilindi. Matematikadan 31 ta, fizikadan 26 ta hamda ona tili va adabiyot fanidan 17 ta yechib, 169,4 ball to‘pladi.

– Hozirgi kunda davlat granti asosida o‘qishga kirish juda qiyin bo‘lib ketgan. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ko‘rib turganingizdek, buni amalda isbotlay oldim. Bunday holatdan ota-onam va o‘zim ham juda xursandmiz. Har holda mehnatlarimiz besamar ketmadi. Bu o‘rinda shunday natijaga erishishimda “Abituriyent” gazetasining ham xizmati beqiyos bo‘ldi.

VTS olimpiadasida ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsam-da, ballim biroz pastroq edi. Ayniqsa, fizika fanidan. Shu sababli hali o‘z ustimda ishlash kerakligini his qildim. Kamchiliklarimni bartaraf etdim.

VTS olimpiadasi juda zo‘r tashkillashtirilgan. Oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentni boshqa tengdoshlari bilan raqobatlashtiradi, bilimini sinovdan o‘tkazib, qayerda kamchiliklari borligini ko‘rsatib beradi. Ishtirokchi qaysi fandan kamchiliklari borligini bilib oladi. Men shu olimpiada tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib, ularning kelgusi ishlarida omad tilayman.

3. Dilnoza Bobonazarova (Qashqadaryo viloyati)

Oliy o‘quv yurtiga 2015-yilda topshiradi.

– Garchi hali kirish imtihonida qatnashmagan bo’lsam-da, VTS olimpiadasida ishtirok etdim. Uning final bosqichida qatnashib, sovrindorlar ro‘yxatida bo‘ldim. Bu esa mening bilim olishga bo‘lgan shavqimni oshirdi.

Yuqorida aytganimday, men endi haqiqiy abituriyentga aylandim. Bu yil ham VTS olimpiadasida ishtirok etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritmoqchiman. Va boshqa g‘oliblar kabi davlat granti asosida talabalikka erishmoqchiman.

VTS olimpiadasining barcha ishtirokchilariga, hattoki, o‘z raqiblarimga ham omad tilayman.

Yuqorida o’qib bilganingizdek, olimpiada g‘oliblarining barchasi talabalik baxtiga musharraf bo’lishdi. Ular o‘z niyatlariga erishdilar, endi navbat sizniki, hurmatli ABITURIYENT–2015.

Azimjon MAHMUDOV suhbatlashdi.

5 ta izoh

5 ta izoh

  1. Gravatar

    Natijalarni tahlil qilib ko'radigan bo'lsak, VTS olimpiadasida ishtirok etgan abituriyentlarning aksariyati talabalik baxtiga muyassar bo'lgan, qolaversa davlat granti asosida! Bu ham albatta katta yutuq, katta baxt! Kelgusi yildagi olimpiada qatnashchilariga muvaffaqiyatlar tilayman.
    Hakimov K.

  2. Gravatar

    Hammangizni talabalik bilan tabriklaymiz. Doim sog' bo'lib yuringlar. Abituriyent gazetasi ijodkorlari doimo siz uchun hizmatda.

  3. Gravatar

    Men ham Azimjon akaga va barcha shu saytda menga masalalarimni ishlashga yordam bergan sheriklarga katta rahmat aytaman. Men ham davlat granti asosida TATUga kirdim. Kirganimning boshqalarnikidan farqli jihati shundaki, men 1 yil tayyorlandim xolos va 1 tiyin ham kursga pul sarflamadim. Mustaqil tayyorgarlik, intilish va kuchli iroda bilan Talabalik baxti nasib etdi. Barcha öqishga kirganlarni tabriklayman va kira olmaganlarga hamda yangi abituriyentlarga kelasi yilga Omad tilayman.

  4. Gravatar

    Men esa JIDU talabasi bol`dim. Abituriyent gazetasi ijodkorlariga kattakon rahmat.

  5. Gravatar

    Garchi ijtimoiy gruxlar vts olimpiadasida qatnashmagan bo'lsalar ham ulat orasidan markaz uchun faxrlanishga arziydigan natijalar chiqdi deb o'ylayman.
    Men O'zDJTU ning jurnalistika fakultetiga 230,6 ball bilan Davlat granti asosida talabalikga tavsiya etildim!