KIM AYBDOR?

Fault.jpg

Futbolni qaysidir jamoaga muxlislik qilib ko‘rar ekansiz, hakamning sizning jamoangizga qarshi chiqargan hukmlari adolatsizlik bo‘lib, sizning jamoangiz foydasiga chiqargan qarorlari aynan adolatning o‘zginasi bo‘ladi. Haqiqat qidirayotganlar uchun haqiqatning asl ko‘rinishi ushbu misolda keltirilgan. Agar kimdir oliy o‘quv yurtiga kira olsa, haqiqat bor, aks holda yo‘q. Anglagan bo‘lsangiz kerak, haqiqat nisbiy tushuncha. Men hozir siz bilan kirish imtihonida haqiqat bor-yo‘qligi haqida tortishmoqchi emasman. Bu masalada hammaning o‘ziga yarasha haqiqati bor. Mening bir necha yillik tajriba va haqiqatim shuki, astoydil tayyorgarlik ko‘rgan, bilim olgan abituriyent talabalikka erishadi.

O‘tish ballarini yig‘ish maqsadida oliy o‘quv yurtlarini kezar ekanmiz, ballar chiqarilgan qog‘ozdagi bir yozuv diqqatimizni tortdi. U yerda bir necha orfografik xatoliklar bilan shunday yozilgan edi: “Haqiqat yo‘q…”. Balki, chindan ham haqiqat yo‘qdir, lekin o‘sha yo‘nalishdagi o‘tish ballarini bilasizmi: davlat granti asosida 140,7 va to‘lov-shartnoma asosida 121,0 ball. Atigi shunchagina ballni to‘play olmagan abituriyent haqiqat haqida gapirsa, juda ham kulguli tuyular ekan. 

Kirish ballarini kuzatar ekanmiz, bu yilgi sinovda ballar juda ham yuqorilab ketmaganini, deyarli barcha yo‘nalishlarda bilim bilan kira olish mumkinligini kuzatdik. Yetarli ballni yig‘a olmasdan kimlarnidir ayblash faqatgina o‘zimizni ovutishi mumkin, xolos.

Siz boshqalarni ayblashni qo‘ying. Bu baribir befoyda. Hech kimning qo‘lidan ushlab olmadingiz va hech qaysi gapingizni hech kimga isbotlab ham bera olmaysiz. Yaxshisi, bu yilgi xato va kamchiliklaringizni ko‘zdan kechiring. Balki, uy ishlarini vaqtida qilmagandirsiz, balki, tayyorgarlik jarayonini juda ham kech boshlagandirsiz. Balki, eski yildagi tayyorgarligingizga ishonib, bu yil tayyorlanmasdan topshirgandirsiz. Yoki qaysidir mavzu o‘rgatilganda men buni o‘tgan yili o‘rganganman deb beparvolik qilgandirsiz…

Bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Eng yaxshisi, o‘sha kamchilikni o‘zingiz toping. O‘zingiz xulosa chiqarib, kelasi yilgi tayyorgarlik jarayonida, kirish imtihonida bularni bartaraf eting.

Vaqt juda ham tez o‘tadi. Nimalardir bilan band bo‘lib, birpasda 2015-yilning 1-avgust sanasi kelganini sezmay ham qolasiz. Keyingi yil ham kimnidir ayblamaslik, pushaymon bo‘lmaslik uchun hozirdanoq ishga kirishing. 

Kerak bo‘lsa, har bir fanni boshidan boshlab o‘rganib chiqing. Chunki boshidagi mavzularda unutib qoldirgan nimalaringizgadir duch kelasiz. Ularni qaytadan o‘rganib, bilimingizni mustahkamlang. Hech bir mavzu, hech bir savolga past nazar bilan, bu judayam oson-ku degan nazar bilan qaramang. Balki, xuddi shunday oson savollardan biri sizning oyog‘ingizdan chalgandir. 

Uchinchi fan mavzusi ham aynan mana shulardan biri. Balki, o‘tgan yili birinchi va ikkinchi fan og‘irlik qilgandir, lekin bu yil ham og‘irlik qiladi deb uni o‘qimaydigan bo‘lsangiz, dangasalik kasaliga duchor bo‘lgansiz. Mobodo, siz ikki fanni zo‘r o‘qigan bo‘lsangiz-u, o‘sha sizga yetarli ball olib kelsa, nima uchun davlat granti asosida o‘qish sizni qiziqtirmayapti. Uchta fanni yaxshi o‘zlashtirib olsangiz, o‘zingizga davlat granti asosida o‘qishni ta’minlaysiz.

Balki, yuqoridagi yozganlarim sizga yoqmas. Balki, sizni g‘azablantirar. Lekin, unutmang: bu g‘azab o‘zingizdan boshqa hech kimga zarar keltirmaydi. Hatto, mening fikrlarimga qarshi bir dunyo faktlar yig‘ib kelgan taqdiringizda ham sizning talabalikka erishishingizga zarracha yordam bermaydi. Oliy o‘quv yurtiga o‘z bilimi bilan, o‘z kuchi bilan kirganlar haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz, gazetamizning 4-5 sahifasida shundaylar bilan suhbat o‘tkazdik. Ular bilimi borligini imtihondan oldin ham, imtihondan keyin ham amalda isbotlashdi. Ular birovlarning qo‘liga emas, o‘z bilimlariga suyanib muvaffaqiyat qozonishdi. Aslida, bundaylar sizning atrofingizda ham bor. Faqatgina ularni borligini tan olsangiz yetarli. 

Qadrli abituriyent! Hayotda bir bor yashaymiz. Bilim “bomj”lariga aylanib qolmaylik, o‘z kuchimiz, o‘z bilimimiz bo‘lsin. Davlatimiz, xalqimiz siz-u bizdan shunday kadrlar bo‘lishimizni kutyapti. El-yurt koriga yarash qanday ulkan sharaf!

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments