QIZIQARLI FUTBOL

Qishlog‘imiz jamoasiga Ronaldoni sotib olaylik...

Italiyadagi Puskichi qishlog‘idagi aholi 1998-yili milliy lotereyadan 23 million funt yutib oladi. Qarangki, shu yerda istiqomat qiladiganlar yakdillik bilan braziliyalik afsonaviy hujumchi Ronaldoni o‘z qishlog‘i jamoasiga sotib olishga kelishadilar. Qanday yaxshi-ya, qishlog‘ing jamoasida Ronaldo o‘ynasa.

 

Topqir murabbiy

Murabbiylarning o‘z jamoasi muvaffaqiyatidagi o‘rni beqiyos. Mana bu voqea bunga aniq dalil bo‘la oladi. 1999-yili Leganes va Badaxos jamoalari o‘rtasida kechayotgan o‘yinda Badaxos hujumchisi Sabino Santos darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib gol urishga juda yaqin turgan edi, shu paytda Leganes murabbiyi Enrik Martin maydonga yugurib chiqdi-da to‘pni qo‘li bilan ushlab oldi. Keyin nima bo‘ldi dersiz... Leganes 1-0 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoasini g‘alaba qozonishiga katta hissa qo‘shgan topqir murabbiy Martin esa 10 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

 

Kimga nima bahona...

1987-yilning 11-noyabr kuni Valliyalik hujumchi Mark Xyuz Chexoslovakiya jamoasiga qarshi Uels terma jamoasi safida kunduzi o‘yin o‘tkazib, Myunxenga uchib borib, kechki paytdagi o‘yinda “Bavariya” safida maydonga tushadi.

 

Murabbiylar sartaroshxonaga albatta borib turishlari kerak!

Benfika murabbiyi Bill Guttman klubi uchun eng zo‘r o‘yinchini sartaroshxonadagi tasodifiy maslahat tufayli topadi. Soch oldirgani kirgan murabbiyga Eysebio ismli yosh o‘spirin-futbolchi to‘g‘risida gapirib berishganidan so‘ng Guttman Eysebio bilan shartnoma imzolaydi. Eysebio Benfika tarkibida aql bovar qilmaydigan darajada ko‘p gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 291 ta o‘yinda 317 ta gol.

 

Mana buni himoyachi desa bo‘ladi!

1991-yili Nasional va Penyarol o‘rtasidagi derbida Nasional o‘yinchisi Deli Valdesning bo‘ynidagi tilla zanjirini maydonda o‘g‘rilab qo‘yishadi. Valdesning o‘zi ham, boshqa o‘yinchilar ham tilla zanjirni kim o‘g‘rilaganini sezmay qolishadi. Mana shu yerda televideniye yordamga keladi. O‘g‘rini telekameralar aniq suratga tushirib qolgan edilar. Raqiblardan to‘p olib qo‘yishning ustasi bo‘lgan Penyarol himoyachisi Gonsales maydon burchagidagi olishuv paytida to‘p bilan birga Valdesning tilla zanjirini ham olib qo‘yib, getrasi ichiga yashirib olgan ekan. Gonsales o‘yin tugashi bilan zanjirni qaytarib beradi va qamoqqa olinadi.

 

Mana shu jamoa o‘zimiznikilardan qaysidir jamoaga o‘xshaydi-da...

“Tasmaniya” (Berlin) dunyodagi eng omadsiz jamoalardan biri. 1965-yilning avgustida 81ming muxlis qarshisida mavsumning birinchi o‘yinida g‘alaba qozongan bu klubning keyingi g‘alabasi 1966-yilning may oyida 2 mingta muxlis ko‘z oldida ro‘y beradi. Afsus...

 

Notanish nomlar

“Dayel Skver”, “Nyuton Xits” va “Teymz Ayronvorks”. Siz bu jamoalarni bilasizmi? Bilib oling: Angliyaning mashhur “Arsenal”, “Manchester Yunayted” va “Vestxem Yunayted” klublarining ilk nomlanishi shunday bo‘lgan.

 

Noqulay ob-havo kimgadir qulay!

1945-yili “Arsenal” Londonda Sobiq Ittifoqning eng zo‘r jamoalaridan biri –  “Dinamo” (Moskva) klubini qabul qilgan. O‘yin boshlanishi oldidan qalin tuman tushib, maydonni ko‘rib bo‘lmay qoladi. Hakamlar mehmonlarni uzoq yo‘l bosib kelganliklarini hisobga olib, o‘yinni boshlashga ruxsat beradilar. Tumanning quyuqligi sabab maydonda qanday vaziyat bo‘layotganini na tomoshabinlar, na hakamlar anglay oladilar. Aytishlaricha, “Arsenal”ning maydondan chetlatilgan o‘yinchisi maydonga qaytib o‘yinni davom ettirganini hech kim payqamagan. “Dinamo” bo‘lsa zahira o‘rindig‘idagi deyarli barcha o‘yinchisini maydonga tushirib yuborgan, deyishadi. O‘yin 2:3 hisobida (“Dinamo”ning foydasiga) yakunlangan.

 

Gol qanday nishonlanadi?

Ilgarilari gol urgan o‘yinchini yelkasiga shapatilab qo‘yishar yoki qo‘l berib qo‘ya qolinar edi. Borgan sari maydondagi bu hodisa sirkni eslatib yubormoqda. Ekvadorlik hujumchi Fakundo Sava gol urganini getrasiga qistirib olgan Zorro maskasini olib yuziga taqib olish bilan nishonlaydi.

 

SAF

Ser Aleks Fergyussonni faqat bir marta murabbiylikdan bo‘shatishgan. U 1978-yili Shotlandiyaning “Sent-Mirren” klubi prezidenti bilan chiqisha olmagan edi. SAF “Manchester Yunayted” jamoasini 1986-yildan 2013-yilga qadar boshqarib keldi. 2004-yili jamoa SAF bilan birga o‘tkazilgan 1000-o‘yinni nishonlagan edi.

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

 

0 ta izoh

There are no comments