MUAMMO

Professor darsiga bir stakan suv olib kirgan edi. U stakanni hammaga ko‘rinadigan shaklda ushlab turar edi. Sinfdagi o‘quvchilardan so‘radi: “Bu stakanning og‘irligi qancha?”. O‘quvchilardan 200 gramm, 250 gramm, 300 gramm degan turli javoblar keldi. 

– Stakanni o‘lchamasdan men ham hech narsa deya olmayman. Lekin mening savolim bu emas. Shu stakanni qo‘limda biroz ushlab tursam nima bo‘ladi?

– Hech narsa.

– Yaxshi, bu stakanni bir soat ushlab tursam-chi?

O‘quvchilardan biri javob berdi: 

– Qo‘lingiz og‘riy boshlaydi.

– Bu ham to‘g‘ri. Bu stakanni kun bo‘yi ushlab tursam nima bo‘ladi?

O‘quvchilar tomonidan turli xil javoblar yangradi:

– Qo‘lingiz yaxshigina og‘rigan bo‘lardi. 

– Qo‘l mushaklaringizda jiddiy og‘riq paydo bo‘lardi. 

– Kasalxonaga, travmatologga borishga majbur bo‘lardingiz. 

O‘quvchilar turli javoblar berib, biroz mazax ham qilib oldilar. Professor esa jiddiyligini yo‘qotmagan holda, savol so‘rashda davom etardi:

– Xo‘sh, butun bu hodisalar yuz berar ekan, stakanning og‘irligida qandaydir o‘zgarish bo‘ladimi?

– Yo‘q, og‘irligi umuman o‘zgarmaydi.

– Shunday ekan, bu vaqt davomida qo‘lim og‘rimasligi uchun nima qilishim kerak?

Bu safar o‘quvchilar jiddiy o‘ylay boshlashdi. Lekin hech kim tayinli bir javob bera olmadi. Shunda o‘quvchilardan biri “Tashlab yuboring. Sinib ketsin”, - deya hazilomuz javob berdi. Professor esa aynan shu javobni kutib turgan edi. 

– To‘ppa-to‘g‘ri. Stakanni ko‘tarib turib, qo‘limni og‘ritish menga nima uchun kerak? 

Hayotdagi muammolar ham xuddi shu stakanga o‘xshaydi. Ularni xayolingizda birpas o‘ylasang, yo‘qday ko‘rinadi. Ko‘proq o‘ylasang, boshingni og‘rita boshlaydi. Bu muammodan qutula olmasang, sening asab tolalaringni yeya boshlaydi, umidsizlikka tushiradi va , eng yomoni, kun bo‘yi qo‘ling hech narsaga bormay, bir kuning bekor o‘tadi.  Modomiki, muammoning yechimi sizda emasmi, unda o‘ylab o‘zingizni umidsizlikka ham tushirmang. Agar hal qila olsangiz, unda yechimini qidiring… 

Mahmudjon YUSUFJANOV tayyorladi.

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments